"Shtutgart" darvozaboni Aleksandr Nyubel "Bavariya" klubiga qaytadi

"Shtutgart" klubi yangi mavsum oldidan darvozabonlar chizig'ida jiddiy o'zgarishlarni amalga oshirmoqda. Jamoaning asosiy posboni Aleksandr Nyubel uch yillik ijara muddatidan so'ng "Bavariya" ixtiyoriga qaytishi kutilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Klub rahbariyati uning o'rniga yangi futbolchi sotib olmaslikka va ichki imkoniyatlardan foydalanishga qaror qildi.

Asosiy darvozabon vazifasini endilikda Dennis Zaymen bajaradi. U "Paderborn 07" klubidagi muvaffaqiyatli ijaradan so'ng jamoaga qaytmoqda.
Zaymen Germaniyaning eng iqtidorli yosh darvozabonlaridan biri hisoblanadi va ikkinchi Bundesligadagi o'yinlari orqali o'zini ko'rsata oldi.
Shuningdek, klub 18 yoshli Florian Xellstern bilan shartnomani 2030-yilgacha uzaytirdi. Hozirda u uchinchi ligada zaxira jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
Xellstern o'z intervyusida bunday yoshda professional darajada o'ynash katta tajriba ekanini va o'z ustida ishlashda davom etishini ta'kidladi.
Nyubelning kelajagi esa hamon so'roq ostida qolmoqda. U Myunxen klubida zaxira o'rindig'ida o'tirishni istamayapti, biroq "Bavariya" Manuel Nojer bilan shartnomani uzaytirib, keyinchalik o'rinni Yonas Urbigga topshirmoqchi.
Nyubelning transfer narxi 20-25 mln yevro atrofida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!