Jeremi Doku dunyoning eng yaxshi vingeri bo'lish shartini aytdi

«Man Siti» hujumchisi Jeremi Doku dunyoning eng kuchli qanot vakillari qatoriga kirish niyatida ekanini ma'lum qildi. Belgiya terma jamoasi a'zosi o'zining dribling qobiliyati bilan tanilgan bo'lsa-da, yuqori cho'qqiga chiqish uchun samaradorlikni oshirishi kerakligini tushunib turibdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Doku 2023 yilda 55 million funt evaziga «Renn» klubidan transfer qilinganidan buyon Premyer-ligada eng ko'p aldab o'tishlarni amalga oshirgan futbolchi bo'lib turibdi. Biroq uning 123 o'yindagi 19 ta goli Pep Gvardiolani to'liq qoniqtirmayapti.

Murabbiy avvalroq Dokuning to'purar bo'lishiga shubha bildirgan edi.
«Qanot hujumchisi gol urishi shart. Agar men ko'proq gol kiritsam, 100 foiz eng kuchlilar qatoriga kiraman.

Himoyachilardan so'rab ko'ring, ular men gol urishni boshlasam, vaziyat butunlay o'zgarishini tasdiqlashadi», — deydi futbolchi.
Doku raqiblar unga qarshi alohida taktika qo'llayotganini, ko'pincha ikki himoyachi uni qo'riqlayotganini ta'kidladi. Shuningdek, u jamoasidagi eng tezkor futbolchi borasidagi bahslarga ham to'xtalib o'tdi.
Uning fikricha, Abdukodir Husanov qisqa masofada juda tezkor hisoblanadi.
«Husanovning tezligi hamma uchun ma'lum. 15 metrlik masofada o'zimga ishonaman, lekin 40 metrlik yugurishda Husanov meni yutsa kerak», — deya tan oldi Doku.
Hozirda «Man Siti» ichki trebl qayd etish uchun kurashni davom ettirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!