13:32 / 23.07.2017
4 749

«Paxtakor» va futbolimizdagi o‘zgarishlar to‘xtamasin!

«Paxtakor» va futbolimizdagi o‘zgarishlar to‘xtamasin!
«Paxtakor» muxlislari yangicha rivojlanish yo‘liga o‘tgan klubdan nimalar kutishga haqli? Bu yil kamida Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishi kerak. Ya’ni «Paxtakor» kamida kuchli uchlikka kirishi lozim, oltin medal bo‘lsa, yana yaxshi. Kelasi yili esa oliy ligada g‘olib chiqib, Chempionlar Ligasidagi avvalgi ko‘rsatkichlarni yaxshilash talab etiladi. Avvalgi eng yaxshi natija yarim final bo‘lganini inobatga olsak, demak kelasi mavsum hech bo‘lmasa finalda o‘ynash lozim. Undan keyin esa - OChL g‘olibligi.

Klubda amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlar va olib borilayotgan ulkan hajmdagi ishlardan kelib chiqsak, bu talabda mantiq bordek ko‘rinadi. Axir, mutasaddilar superklub tashkil etish haqida gapirib turganda muxlislar nima uchun kamtarlik qilishi lozim? Endi «Paxtakor»da pul bor, demak yaqin kelajakda g‘alabalar uchun etishmay turgan boshqa jihatlar ham albatta, bo‘ladi.

Shunday ekan, muvaffaqiyat o‘z-o‘zidan kelishi shart emasmi? Shu o‘rinda shoshilmay turishni masalahat bersak, bizni «Paxtakor»ning antimuxlisi sifatida ayblamasligingizga umid qilamiz. Magarki, «sherlar» darhaqiqat, superklub tashkil etish niyatida ekanlar, muxlislar bisotida sabr deganidan ancha-muncha bo‘lishi ham talab qilinadi. Futbol olami shunday-ki, unda darhol hamma narsaga erishish imkonsizdir.

Shu vaqtga qadar qisqa muddat ichida superklub tuzishni istaganlarning ko‘pini ko‘rdik, afsuski, pulni havoga sovurishgani qoldi. Hozir «Paxtakor»da boshlangan ish qaysidir jihatlari bilan 2011 yilgi «Anji»ni eslatib yuboradi.

O‘shanda Mahachqal’ada ham Suleyman Kerimov boshchiligida superklub tashkil etishga kirishilgan va klubga dunyo darajasidagi yulduzlar taklif etilgandi. Shuningdek, u erda zamonaviy stadion ham barpo etildi. Biroq Kerimovning ishtiyoqi va shiddati uch yilga ham etmadi.

Futbolga millionlarni tikishga ahd qilgan milliarder superklub tuzish oson emasligini tezda fahmlab etdi va hammasiga qo‘l siltab qo‘ya qoldi. «Anji» taqdir hukmiga tashlab qo‘yildi. Hozir u avvalgidek Rossiya chempionatida autsayderlik maqomini «qaytarib» olgan. Hamma narsaga tez va oson erishish istagi yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini o‘zimizning «Bunyodkor» timsolida ham ko‘rish mumkin.

2008 yilda bu klub ham dunyo futbolida ozmuncha shov-shuv ko‘tarmagandi. Avvaliga Samyuel Eto~O bilan shartnoma imzolashga urinib ko‘rishdi, o‘xshamagach, Rivaldoni olib kelishdi. O‘shanda raqib jamoa muxlislari ham braziliyalik yulduzni olqishlashganini ko‘rganmiz. «Bunyodkor»ning nomi esa tillarda doston bo‘lgandi. Haytovur, «qaldirg‘ochlar» boshiga «Anji»ning kuni tushmadi.

Rivaldo ketib ham klub o‘zini ushlab qola bildi. Rahbariyat va murabbiylar shtabi olib borgan ish tufayli oliy ligada etakchilik saqlab qolindi. Osiyo Chempionlar Ligasida ham ikki marta yarim finalga qadar etib borishdi. Biroq shu bilan birga «Bunyodkor» avvalgi superklub haqidagi orzulardan voz kechishga ham majbur bo‘ldi. Oson emas ekan.

Yangi «Paxtakor» esa mana shulardan xulosa chiqarib ish olib borishi lozim. Tez ko‘tarilgan narsa tez qulaydi, deyishadi. Superklub tuzish - chakana ish emas. Birinchidan, istaysizmi yoki yo‘q, tarkibni kuchaytirish uchun ko‘plab yangi futbolchilar taklif etiladi.

Bu esa tushunmovchiliklarni yuzaga keltirishi turgan gap. Yangilar orasida jamoaga kirishib keta olmaydigani, albatta, topiladi. Bu esa qaysidir pozisiyaning kuchsizlanishiga olib kelishi muqarrar.

Shu bois tarkibni to‘liq shakllantirish bir necha yil talab qiladi. Boz ustiga, raqiblar ham qarab turmasligi aniq. Osiyoni qo‘ya turing, o‘zimizning oliy ligada ham «Paxtakor»ga oson bo‘lmaydi. «Lokomotiv» hamon kuchli tarkibga ega va chempionatda katta ishonch bilan etakchilik qilyapti.

«Temiryo‘lchilar» kelasi mavsum ham peshqadamlikni osonlikcha berib qo‘ymasliklarii turgan gap. «Bunyodkor» esa tarkibni kuchaytirib, avvalgi mavqeini tiklash bilan band. Bu yoqda yana uzoq yillardan buyon barqaror o‘yin namoyish etib kelayotgan «Nasaf» bor. Qolaversa, elitada «Qo‘qon-1912»ga o‘xshagan klublar sensasiya yaratadigan vaqtlarga ham etib keldik.

«Paxtakor»ning bu qiyinchiliklarni engib o‘tishi uchun uch-to‘rt yil talab qilinadi. Agar kimdir klubdan hozirning o‘zida muvaffaqiyat kutayotgan bo‘lsa, adashadi. Albatta, muxlis xalqi g‘alabaga o‘ch bo‘ladi, ammo haqiqiy ishqiboz, shu bilan birga, ehtimoliy omadsizlikka ham tayyor turishi lozim.

Yuqorida superklub tashkil eta olmagan ikki jamoa haqida gaplashdik. Shu o‘rinda endi Rossiyaning «Krasnodar»ini ham misol tariqasida keltirib o‘tsak. Bu klub xo‘jayini Sergey Galiskiy mutlaqo boshqa yo‘ldan ketdi va asta-sekin, evolyusion yo‘l bilan jamoani kuchaytirib bormoqda. U, eng avvalo, akademiyaga e’tibor qaratdi.

Keyin esa tarkibni shakllantirdi. Biroq bu ishni ham birdan emas, bosqichma-bosqich amalga oshirdi. U hozirga qadar katta mablag‘ evaziga legioner olib kelmadi, pulini o‘ylab sarflayapti. Shu boismi, «Krasnodar» muntazam ravishda kuchli uchlik uchun kurashmoqda. Vaqti kelib chempion bo‘lsa, ajablanmaymiz.

Xo‘sh, «Paxtakor» qaysi yo‘lni tanlaydi? Bunisini endi vaqt ko‘rsatadi. Biz esa, nihoyat, O‘zbekistondan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoa chiqishini istaymiz. Va buning uchun qancha kutish kerak bo‘lsa, tayyormiz. Muhimi - ikki-uch yildan so‘ng «Paxtakor»dagi o‘zgarishlar to‘xtab qolmasin...

ABDULLOH


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Paxtakor» va futbolimizdagi o‘zgarishlar to‘xtamasin!