1979 yil 11 avgust. O‘zbek futboli og‘ir judolikka uchragan kun. Roppa-rosa 38 yil muqaddam – 1979 yilning 11 avgust kuni Ukraina osmonida Toshkentning «Paxtakor» jamoasi aviahalokatga uchradi. Toshkentdan Minsk tomon parvoz qilgan Tu-134 samolyoti Chelyabinskdan Kishinyov sari otlangan boshqa bir Tu-134 bilan to‘qnashib ketdi.
Xo‘sh, keng osmonda ikki samolyot qanday qilib urilib ketdi? Aslida, samolyot to‘qnashuvlari tez-tez sodir bo‘ladigan halokatlar sirasiga kirmaydi. «Paxtakor» ishi bo‘yicha aybdorlar allaqachon jazolarini olishgan bo‘lsada, asl haqiqat hozirga qadar sir saqlab kelinmoqda. Bugun biz halokat qanday sodir bo‘lgani to‘g‘risida mavjud ma’lumotlarni etkazishga harakat qilamiz.
14 avgust kuni SSRI chempionatining navbatdagi turida Minskning «Dinamo» va Toshkentning «Paxtakor» jamoalari uchrashishi lozim edi. Sovet futbolida uzoq yillar Ukraina jamoalari etakchilik qilib kelishgan. Ittifoqda futbol partiya siyosatining bir ko‘rinishi darajasida bo‘lib, futbol jamoasining muvaffaqiyati bilan respublikalar rahbarlari faxrlanib yurishardi.
O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi rahbari Sharof Rashidovning futbolga e’tibori ham boshqacha edi. U «Paxtakor» jamoasining kuchli klubga aylanishiga sababchilardan biri bo‘lgan. Rashidovning dala hovlisi yonida «Paxtakor» uchun 10 ming kishilik stadion, mashg‘ulot bazasi va mehmonxona qurilgan.
1959 yilgi mavsumda «Paxtakor» ilk marotaba SSRI oliy ligasida ishtirok etadi. 1962 yilda jamoaning sovet futboli tarixidagi eng yaxshi natijaga erishadi (6 o‘rin). 1968 yilda esa SSRI kubogi finalchisi bo‘ladi. Bir muddat o‘yinlarida pasayish kuzatilgan «Paxtakor» 70 yillar oxirida yana kuchaya boshlaydi va chempionatning etakchi jamoalarini («Shaxtyor» (Donesk), «Dinamo» (Kiev) va «Dinamo» (Tbilisi)) birin-ketin mag‘lubiyatga uchratadi.
Ayrim tahlilchilar fikricha, fojia sodir bo‘lgan mavsumda Toshkent jamoasi oltin medalga da’vogarlik qilishi ham mumkin edi. Navbatdagi raqib esa Minskning «Dinamo»si edi. O‘yin SSRI oliy ligasining 19 turi doirasida 13 avgust kuni Minskda bo‘lib o‘tishi lozim edi.
11 avgust kuni soat 11:30 da Tu-154 samolyoti 7880 raqamli reys bilan Belorussiya poytaxti Misnk tomon yo‘lga chiqadi. Samolyot bortida 7 nafar ekipaj a’zosi va 77 nafar yo‘lovchi bo‘lib ulardan 14 nafari «Paxtakor» a’zolari (14 futbolchi, murabbiy, administrator va shifokor) edi. 11:10 da esa Chelyabinskdan Moldaviya poytaxti Kishinyov sari yana bir Tu-134 7628 sonli reys bilan parvozni boshlagan edi. Samolyot bortida 6 nafar ekipaj a’zosi va 88 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
O‘sha kuni Xarkovdagi parvozlarni boshqarish markazida 20 yoshli Nikolay Jukovskiy boshqaruv pultiga o‘tqaziladi. Uchinchi darajadagi dispetcher Jukovskiy hali tajribasiz bo‘lib, stajyor vazifasini o‘tayotgan edi. Smena rahbari Sergey Sergeev Jukovskiyning ishini nazorat qilish uchun liter reyslari uchun javobgar dispetcher Vladimir Sumskoyga topshiradi.
Sumskoyning 2005 yilda Rossiya telekanaliga bergan ilk intervyusidan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni liter (VIP) reys bo‘lishi lozim edi. «Liter reys» ittifoq va kompartiyaning yuqori martabali rahbarlari uchadigan parvoz bo‘lib, ular uchun maxsus uchish yo‘lagi ajratilishi va bu reysga boshqa parvozlar xalaqit qilmasligi lozim edi. O‘sha kuni liter reysda kim uchgani hamon noma’lum. 9 iyun kuni SSRI rahbari Leonid Brejnev ta’tilga chiqqani va Qrimda dam olayotgani haqida matbuot 11 avgust kuni xabar bergan edi.
Halokatdan so‘ng fojiaga Brejnevnng favqulodda uchishi sabab bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqalgan. Ayrimlar «Paxtakor» chiqqan samolyot Brejnevning yo‘lidan atayin olib tashlanishi tufayli to‘qnashuv sodir bo‘lgan, deb hisoblashadi. Bu versiyani tasdiqlash ham inkor qilish ham imkonsiz. Halokatga doir hujjatlar maxfiy qolayotgani tufayli hamon o‘z kuchida qolmoqda. Keyinchalik e’lon qilingan hisobot va sud ishida liter reys haqida ma’lumot uchramaydi.
Halokatga erdan turib berilgan raketa zarbasi sabab bo‘lgani haqidagi taxminlar ham mavjud. O‘sha vaqtda Ukrainada sovet armiyasi yangi strategik qurollarni sinovdan o‘tkazayotgan edi. Raketa uchirishdagi xatolik tufayli samolyot urib tushirilgan bo‘lishi ham mumkin. Aviahalokatda qurbon bo‘lgan «Paxtakor»ninng ikkinchi murabbiysi Idgay Tazetdinovning turmush o‘tog‘i Alla Tazetdinovaning eslashicha, 1980 yilda bir yurist unga samoyot urib tushirilgani haqida gapirgan.
Bunday taxmin uchun ham asos mavjud. Sovet armiyasi tomonidan samolyotlar urib tushirilishi bir necha marotaba ro‘y bergan. Jumladan, 1959 yilda Il-14 va 1962 yilda esa Tu-104 samolyotlariga raketa bilan zarba berilgan. (Yaqin tarixda ham bunday hodisalar takrorlangan. 2001 yilning 4 oktyabr sanasida Novosibirskdan Tel-Avivga parvoz qilgan Tu-154 samolyotini Ukraina harbiylari, 2014 yilning 17 iyulida esa Malayziya samolyotini Ukrainaning Donesk viloyatida isyonchilar urib tushirganini eslang.) Ammo hodisa yuzasidan olib borilgan tergovda bu taxminlar e’tiborga olinmagan.
O‘z vaqtida aviahalokatga Ukrainaning o‘sha vaqtdagi rahbari Vlaimir Shcherbitskiyning aloqadorligi haqida ham mish-mishlar tarqalgan. Bunga O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi rahbari Sharof Rashidov bilan bo‘lgan siyosiy kurashni sabab qilib ko‘rsatishadi. O‘z davrida O‘zbekiston rahbarining siyosatdan xoli asarlarini nashr qilish ham Ukrainada taqiqlangan edi. Futbol esa ikkala siyosatchining markazda va respublikalarda obro‘si yuqori bo‘lishi uchun vosita bo‘lgani taxmin qilinadi.
Qayd etish joizki, o‘sha vaqtda Xarkov osmonida samolyot parvozlari juda zich edi. 14 ta yo‘nalish bo‘yicha sutkasiga 700 taga yaqin samolyotlar uchib o‘tardi. Liter reys uchun yo‘lak ajratilishi parvozlarni boshqarishni yanada murakkablashtirgan.
Ikkala Tu-134 samolyoti belgilangan trassa bo‘ylab to‘g‘ri burchak bo‘yicha kesishish nuqtasiga yaqinlashib kelar edi. Dneprodzerjinsk osmonidagi kesishish nuqtasiga samolyotlarning etib kelish vaqti Jukovskiyning hisob-kitoblariga ko‘ra 3 daqiqaga farq qilishi lozim edi. Shuning uchun dispetcher «Paxtakor» samolyotiga 8 400 balandlikda uchishga ko‘rsatma beradi. Xuddi shu baladlikda ikkinchi Tu-134 samolyoti ham Dneprodzerjinskka yaqinlashib qolgan edi.
Dispetcher xavfni payqaganda halokatga atigi bir necha daqiqa qolgan edi. Jukovskiy xato qilgani haqida Sumskoyga xabar etkazadi. Sumskoy esa, o‘z navbatida to‘qnashuvning oldini olishga harakat qiladi. U Toshkentdan kelayotgan samolyotga 9 000 m balandlikni egallashga ko‘rsatma beradi. Dispetcherga uning ko‘rsatmasi go‘yo qabul qilingani to‘g‘risida radioaloqa orqali «Tushunarli» degan tasdiq keladi. Ammo «Paxtakor» samolyoti aloqaga chiqmagan edi. Ko‘rsatmani esa uchinchi havo kemasi – 9 600 metr baladlikda kelayotgan Il-62 tasdiqlagan edi.
13:35 da har ikkala Tu-134 radardan g‘oyib bo‘ladi. «Paxatakor»chilar chiqqan Tu-134 Moldaviya samolyotiga 95 daraja burchak ostida borib urilgan edi. Ikki daqiqadan so‘ng An-24 samolyoti ekipaji osmondan Tu-134 samolyoti qismlari erga qulayotgani haqida xabar beradi. Samolyotlar qoldiqlari Kurilovka tumanidagi uchta aholi punkti hududlaridan topiladi. Halok bo‘lganlarning jasadlari esa parchalanib ketgan edi. 178 kishidan faqat bir kishining jasadi butunligicha topiladi.
Hodisa bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv natijalari har ikkala samolyot to‘qnashuvdan oldin portlamagani yoxud yong‘in sodir bo‘lmaganini ko‘rsatgan. Tekshiruv komissiyasi halokatga dispetcher Jukovskiyning xatosi sabab bo‘lgan, degan xulosaga keladi. Jukovskiyda samolyotlarni turli baladliklarga joylashtirish uchun imkoniyat bor edi. Moldaviya samolyoti 9 600 m balandlikka chiqish uchun dispetcherdan uch marta ruxsat so‘raganiga qaramay, Jukovskiy buni rad etadi.
2008 yilda ukrainalik jurnalist Evgeniy Pankratov aviahalokat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadi. Uning fikricha, «Tushunarli» tasdig‘i Il-62 ekipajidan emas, balki aynan «Paxtakor» samolyotidan bo‘lgan. Buning isboti sifatida radioaloqadagi audioyozuvda IL-62 ekipajidan kelgan avvalgi tasdiqdagi ovoz bilan oxirgi javob o‘rtasidagi farq borligini keltiradi.
«Nima uchun Tu-134 ko‘rsatmaga amal qilmadi?» degan savolga javob berishga harakat qilar ekan, jurnalist o‘sha vaqtda radioaloqaning uzatilishidagi kamchilik, ovozning etib borish tezligi sekinligi, shovqin va dispetcherning bir vaqtda ikki samolyotga ko‘rsatma berishi tufayli buyruqni noto‘g‘ri tushungan, degan xulosaga keladi.
Dispetcher bir vaqtning o‘zida ikkita samolyotga uch xil ko‘rsatma bergani uchun tushunmovchilik kelib chiqqan bo‘lishi ham mumkin, albatta. Chunki Sumskoy dastlab Il-62 ga 9 600 metrga ko‘tarilishni, so‘ngra Tu-134 ga 9 000 metrga chiqishni buyuradi. Shu bilan birga Dneprodzerjinskda 8 400 baladlikda to‘qnashuv xavfi borligi haqida ma’lum qiladi.
Jurnalistning fikricha, Tu-134 ekipaji 8 400 m balandlik haqidagi ogohlantiruvni noto‘g‘ri tushungan va o‘sha balandlikda qolishga ko‘rsatma sifatida qabul qilgan. Sumskoyning xatosi esa «Tushunarli» javobini olgandan so‘ng xotirjamlikka berilgani va ko‘rsatma qabul qilinganini yana bir bor tasdiqlatmagani bo‘ladi.
Bundan tashqari, har ikkala samolyot harakatlangan 8 400 metr balandlik bulutlar bilan qoplangani bois ular bir-birini ko‘rmagan. Uchuvchilar narigi samolyotni payqagan taqdirda ham, to‘g‘ri burchak ostida bir nuqtaga soatiga 830 km tezlikda kelayotgan samolyot yo‘nalishini bir necha soniya ichida butunlay o‘zgartirish imkonsiz edi.
Halokatdan 9 oy o‘tib, aviadispetcherlar ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. Sud Nikolay Jukovskiy va Vladimir Sumskoyni aybdor deb topadi va har ikkalasi 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi. Sumskoy qamoqda 6,5 yil o‘tiradi. So‘ngra yaxshi xulqi tufayli ozoqlikka chiqariladi, Nikolay Jukovsikiy esa o‘z joniga qasd qiladi.
Hodisa yuzasidan olib borilgan tergov ishi hatto marhumlarning yaqinlariga ham ko‘rsatilmagan. Sovet matbuoti fojiga unchalik e’tibor qaratmadi. Oradan bir hafta o‘tib, 18 avgustda «Sovetskiy sport» gazetasida «Paxtakor» a’zolarining dafn marosimi haqida xabar berilgan. Bir necha kun oldin esa halokat yuzasidan qisqacha ta’ziyanomalar e’lon qilingan edi.
«Paxtakor» halokatining siri hanuzgacha to‘liq oshkor qilinmagan. Tergov ma’lumotlari haligacha «maxfiy» tamg‘asi bilan saqlanmoqda. 178 kishi nobud bo‘lgan fojianing sirini aniqlash va haqiqatning tagiga etish qachon va kimga nasib etishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Manba: Sof.uz
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar