10:21 / 20.08.2017
4 124

MDHda yangi turnir tuzishga nima deysiz?

MDHda yangi turnir tuzishga nima deysiz?
Sports.uz sayti xodimi juda qiziqarli mavzu yuzasidan maqola tayyorladi. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar futboli o‘zaro hamkorlik o‘rnatsa qanday bo‘larkin?

Diqqatga molik masala, shunday emasmi? Quyidagi tahlilda mazkur davlatlar birgalikda musobaqaga asos solishsa, uni qanday istiqbol kutayotgani xususida so‘z boradi.

Muqaddima
Bugunga qadar blog muallifi O‘zbekiston futboli tarixiga doir turli masalalarga atroflicha to‘xtalishga ulgurdi. Tabiiyki, mazkur holatda mamlakat klublarining sobiq ittifoq chempionatlaridagi natijalari tilga olingan.

To‘g‘risi, bu faqatgina nostalgiya emas, balki haqiqatan yuqori daraja edi. Boz ustiga, o‘sha mamlakatlar, ya’ni hozirgi mustaqil davlatlarning etakchi jamoalari muntazam ravishda yuksak saviya bo‘yicha katta tajriba to‘plashgan.

Hattoki, ikkinchi liga bahslarida ham turfa mamlakatlarning turli mintaqalaridagi klublar ishtirok etishi natijasida hududlarning global uyg‘unlashuvi kuzatilgan. Misol uchun, ushbu divizionning ettinchi zonasi so‘nggi yillarda O‘rta Osiyo jamoalariga atalib, 20dan ortiq jamoa qatnashgan. Bu esa 4ta respublikani o‘zaro birlashtirgan.

Darvoqe, ishtirokchilarning yarmidan ko‘pi biznikilar - o‘zbekistonliklar bo‘lib, qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda ushbu mintaqada darajamiz ancha yuqori ekanini ko‘rsatgan.

Birinchi liga haqida gapirsak, uning geografiyasi yanada kengroq edi. Bu divizionda 20ta jamoa start­ga chiqar, oxirgi marta o‘tkazilgan turnirda ikkita vakilimiz - «Neft­chi» («Neftyanik») va «Navbahor» qatnashishgan. Darhaqiqat, mintaqalarni qamrab olish bo‘yicha bu eng yirik liga edi: Karpatdan tortib, Uzoq Sharqqacha.

Oliy liga haqida esa millionlar o‘yiniga shunchaki qiziquvchi ishqibozlar ham eshitishgan: unda «Paxtakor» (Toshkent) klubining ishtiroki nafaqat respublikamiz, balki butun mintaqa e’tiborini tortgandi. Shuningdek, chempionat-1991 qatnashchisi «Pomir» (Dushanbe) haqida ham shunday fikr bildirish mumkin.

O‘z navbatida, Olma-Otaning «Qayrat»i ham ko‘pchilikda yorqin taassurot uyg‘otgan. Ha, mamlakat futbolining tan olingan etakchilari bizning mintaqaga tashrif buyurishga cho‘chishardi! Kiev, Moskva, Tbilisi va boshqalar - bu erda ochkoga katta umid bog‘lashmas, ko‘pincha avvaldan rejalashtirilgan medallar va yuqori o‘rinlardan bebahra qolishardi...

Xullas, haqiqiy tomoshabop ligalar guvohiga aylanganmiz. Endi bevosita mavzu yuzasidan tahlil o‘tkazsak.
***
1. XALQARO ShARTNOMA!

1) Boshqacha bo‘lishi mumkin emas (!)
Muallifning ukrainalik hamkasbi bilan internet orqali uyushtirgan suhbati ushbu maqolaning yaralishiga turtki bo‘ldi. Hozirgacha shoshmadi, xalqaro darajadagi qo‘llab-quvvatlashdan umid qilmadi. Ammo ukrainalik mashhur jurnalist Viktor Eryomin-Xoxlyuk darhol ushbu g‘oyaning amalga oshirilishiga xayrixohlik bildirdi.

2) Esdan chiqqan narsa eskirgan hisoblanmaydi

Biroz avval Valeriy Georgievich Gazzaevdan ham shu kabi taklif chiqqan, ammo MDHda uni tushunib, qo‘llab-quvvatlaydigan odam topilmagandi. Yillar o‘tdi, mamlakatlardagi ichki chempionat darajasi esa oshmayapti - bu aniq! Demak, mintaqadagi kuchli jamoa­larni yana birlashtirish zarurati tug‘ilmoqda.
***
2. U QANDAY AMALGA OShIRILADI?

1) Nima?
Mamlakatlarning kuchli klublari darajasidagi urinishlarni mujassamlashtirish kerak. Yo‘q, bu o‘rinda gap yanvarda o‘tkazilib, bir-ikki haftaga cho‘ziladigan MDH kubogi kabi turnir haqida bormayapti. Aksincha, mintaqalarda to‘liq ligalar tashkillab, (aniqlik kiritish talab etiladi), unda 30, hattoki, 40tagacha jamoa qatnashishi lozim.

2) Qanday qilib?
Keyingi ikki yil mobaynida mamlakatlarning eng kuchli klublarini aniqlab, ularning shunday chempionat tashkil etish bo‘yicha roziligini olish kerak. Keyinchalik bu jamoalar MDH ligasiga (yoki boshqacha atash mumkin, asosiysi nom emas, balki nufuzdir) jalb qilinadi.

Qulaylik yaratish uchun har bir mintaqada 15-20ta klub qatnashsin - bunaqasi birinchi marta uchrayotgani yo‘q. Bitta mavsumdan so‘ng kuchlilar va aksincha, ayni darajaga munosib bo‘lmaganlar aniqlanadi. Shunga muvofiq, mos ravishda muayyan mamlakatlardagi boshqa klublarni ham ligaga kiritish yo‘lga qo‘yiladi.

Birinchi navbatda, albatta, qatnashchilar sonini tenglashtirish maqsadga muvofiq. Shundagina haqiqiy demokratik tamoyilga amal qilinib, sport prinsiplari starti ta’minlangan bo‘ladi.
***
3. BOShLANG‘ICh SARALASh TARTIBI: LOYIHA

1) Qaerdan qancha?

Tabiiyki, ayrim mamlakatlar har ikki mintaqadagi vakillari sonini ko‘paytirishga urinishadi. Ayniqsa, bu gap eng avvalo, Rossiyaga tegishli. Shuningdek, bu qatorga Ukrainani ham qo‘shish mumkin.

Ammo aynan sportda, xususan, futbolda Rossiyaning endilikda hukmronlik qilmayotgani ayni haqiqat. Shunday ekan, bu mamlakat vakillari vaziyatga to‘g‘ri baho berib, o‘yin qoidalariga amal qilishlari lozim: siz ham biz bilan bir xilsiz!

Qolaversa, buyog‘iga o‘z ustunligini avvalgi yillarda qo‘lga kiritilgan medallar bilan bezatilgan xonada o‘tirib emas, balki futbol maydonida isbotlash talab etiladi. Dastlabki turnir o‘tkazilganidan keyingina kim qanday kvotaga munosib ekani oydinlashadi.

2) Muddatlar
Tabiiyki, bunday chempionat ichki musobaqalardan xoli o‘tishi lozim. Ya’ni, eng kuchli jamoalar yo o‘z mamlakatlari birinchiligidan to‘liq ozod etiladi yoki turnir hududlardagi taqvim bilan hisoblashadi. Aniqrog‘i, o‘yinlar chempionatlar-davralar oralig‘idagi tanaffus payti o‘tkaziladi.

Muallifning fikricha, ushbu musobaqa ichki birinchiliklarga bog‘liq holda tashkil etilishi lozim. Mamlakat chempioni va eng yaxshi jamoalar mazkur chempionatda qatnashishadi, parallel ravishda UEFA yoki OFK tasarrufidagi Chempionlar Ligasida ishtirok etishadi. Qolgan jamoalar (misol uchun, O‘zbekistondan) bu erda o‘ynab, MDH ligasidan o‘rin egallashga loyiq klub nomiga oydinlik kiritishadi. G‘olib esa yangi chempionatda eng past ko‘rsatkich qayd etgan O‘zbekiston klubini almashtiradi. Boshqa respublikalarda ham o‘ziga xos saralash bahslari shu taxlit rivoj topadi.

Muddatlarni mahalliy chempionatlardagi tanaffuslarga qarab belgilash mumkin. Rossiya va MDHning aksariyat mamlakatlari «kuz-bahor» tizimiga amal qilsa, Osiyoda aksincha, birinchilik «bahor-kuz»da o‘tkaziladi. Vaqt topish murakkablik tug‘dirmaydi, faqatgina ayrim hollarda barcha o‘yinlarni o‘tkazish uchun ligani qisqartirish ehtiyoji tug‘ilishi mumkin.

Yoki mahalliy chempionatlarga umuman tegmay, alohida MDH turniri o‘tkazish orqali EChLda qatnashadigan klublar saralab olinishi kerak. Agar bunday usul bahsli ko‘rinsa, ichki birinchilikda g‘olib chiqqan jamoa (deylik, «Paxtakor») bilan MDH ligasida o‘z yurti nomidan eng yuqori natija qayd etgan klub (masalan, «Bunyodkor») o‘rtasida bahs o‘tkazish lozim. Mexanizm mohiyati tushunarli bo‘ldi, degan umiddamiz...

Misol
1) Aytaylik, O‘zbekistonning «A» jamoasi MDH ligasida 3-o‘rinni egalladi, «B» jamoasi esa ichki birinchiligimizda muvaffaqiyat qozondi. Ushbu klublar o‘rtasidagi o‘zaro bahs OChLda qatnashishga munosib mutlaq chempion nomiga oydinlik kiritadi. Qit’alar konfederasiyasi tasdiqlagan kvotalarga muvofiq, boshqa jamoa­lar o‘rtasida ham qo‘shimcha o‘yinlar tashkillanadi; ushbu mexanizmni hali obdon ko‘rib chiqib, keyingina muhokamaga qo‘yish lozim.

2) Shuningdek, ushbu mamlakatlarning turli o‘rinlarni egallagan jamoalari aniqlanadi. O‘sha davlatning eng past ko‘rsatkichga ega vakili MDH turnirini tark etadi, ichki birinchilikda yuqori natija to‘plagani esa uning o‘rnini egallaydi. Qolganlar o‘z joylarida qolishadi; ehtimol, «muayyan pog‘onadan pastini egallamaslik» prinsipini qo‘llab, shu tariqa birlashgan ligada qolish mumkindir...

3) Uzoqqa safar uyushtirmaslik uchun Osiyo miqyosida aniq misol keltirib, dastlabki «globus»ni taqdim etamiz.

CAFA turnirida hozir 6ta mamlakat vakillari qatnashadi. Bu erda nafaqat MDH davlatlari, balki Afg‘oniston hamda Eron ham bor. Qiziqish va ish rejasi borligiga sha’ma qilinayotganini payqadingizmi? Bu har har bir qatnashchi mamlakat, hattoki, biroz ustunroqdek ko‘rinayotgan eronliklarga ham foyda keltiradi: xalqaro tajriba har qanday holatda turnir nufuzini oshiradi, quyidagilarni yuqoriga ko‘taradi. Bu - aksioma! Mintaqamizga taalluqli bo‘lgan muhim masala...
***
4. DAVOMIYLIK BO‘YIChA TAKLIF

1) Bunday chempionat futbol darajasiga nima beradi?
2) Bu kimlar uchun qulay va foydali?
3) Boshqa variantlar...


Javoblar
1) O‘zaro tajriba almashish va musobaqalashish orqali darajani oshirish - bu aniq faktor. Mamlakatlar jamoalari yanada kuchayishadi, liga qamrovi kengaygani sari bunday klublar soni ortaveradi.

2) Bu g‘oyaga qarshilar chiqishi turgan gap. Ularning aynan kim ekanini aytmaymizda, shunchaki, o‘z fikrimizni bildiramiz: tez orada ular ushbu chempionatda qatnashish istagini bildirishadi. Mazkur holatda esa «Sport barchani birlashtiradi» naqli amal qilganiga guvoh bo‘lamiz. Saviyasi past jamoalarda esa, o‘z-o‘zidan, hadeb noliyvermay, yuqoridagilar qatoriga qo‘shilish zarurati tug‘iladi. Zero, biz ular emas, balki eng yaxshi va kuchli vakillarimiz hisobiga muvozanatni ushlab turishga intilamiz.

3) Shunga o‘xshash yana ko‘plab misollarni keltirib o‘tish mumkin, ularning aksariyati asosga ega. Rejani keyingi muhokamalarga olib qo‘yamiz. O‘z navbatida, ushbu masalani ishtirokchi davlatlar federasiyalaridagi mutasaddilar hukmiga havola etamiz.
***
P.S.: Mazkur mavzuning rivojlanishiga shubham yo‘q. Hamkasblarim, shu jumladan, yuqorida nomi keltirilgan ukrainalik jurnalistdan munosabat kutib qolamiz. Qolaversa, buni murabbiylar va boshqa mutaxassislar ham o‘ylab ko‘rishsin. Yangi turnirni UEFA va OFK tasarrufiga o‘tkazish - bu shunchaki quruq rasmiyatchilik.

Agar stol atrofiga yig‘ilib, barchasini bafurja muhokama qilinsa, jahonda hal bo‘lmaydigan ishning o‘zi yo‘q. Aniqrog‘i, avvaldan barchasini tahlildan o‘tkazib, shundan keyingina stol atrofida loyihalarni taklif etish maqsadga muvofiq. Har bir jihatlarning «plyus» va «minus»larini ko‘rib chiqib, 2-3-yig‘ilishda umumiy xulosaga kelish mumkin.

Dmitriy POPOV


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » MDHda yangi turnir tuzishga nima deysiz?