
Futbolda g‘alaba jamoaniki, mag‘lubiyat esa murabbiyniki degan naql bor. Aytish mumkinki, futbol olamidagi aksariyat murabbiylar o‘z chiqishlarida ushbu iboradan foydalanganlar. Hamma vaqt natija uchun murabbiy javobgar hisoblanadi. Chunki biror-bir klubning natijalari salbiylik tomon o‘zgarib ketsa, darhol buning chorasini ko‘rish sifatida murabbiy almashtiriladi. Shunday ekan, futbolda ularning o‘rni katta. Sezayotgan bo‘lsangiz, maqolaning asosiy mazmuni murabbiylarga bag‘ishlangan. Ayniqsa, xorijda ishlayotgan mutaxassislar va ularning ish faoliyati doimo muxlislarning e’tiborida bo‘lib kelgan. Biz esa o‘zimizning murabbiylarimizga taalluqli bo‘lgan jiddiy masalaga yuzlanamiz.
Tan olish kerakki, murabbiylik – bu nozik masala. Shunga qaramay, bizda ham murabbiylar ko‘payib boryapti. Bu albatta birinchi navbatda unga bo‘lgan qiziqish bilan bog‘liq. Shu bois hozirgi kunda murabbiylarimiz orasida yoshlari ham ko‘payib borayotgani e’tiborga molik. Masalan, Superliga klublariga ham e’tibor qaratsak, ularning orasida yosh va hattoki debyutant murabbiylarni ham ko‘rish mumkin. Biz esa bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz va bu chindan ham o‘ylantiradigan muammodir. Odatda futbolchilarning legioner maqomiga aylanishlariga tabiiy hol sifatida qaramaymiz. Yurtimizdagi har qanday o‘yinchi albatta xorijda to‘p surishni xohlaydi. Garchi o‘zbekistonlik futbolchilar orasida Yevropaning kuchli chempionatlarida ishtirok etayotganlari bo‘lmasa-da, har xolda Osiyo mamlakatlari hamda Rossiyada legioner sifatida faoliyat olib borayotgan o‘zbek futbolchilari bor. Bu yillar davomida yuz berib kelayotgan an’ana hisoblanadi va bundan keyin ham yana yangi legionerlarimizni ko‘rsak bundan ajablanmaymiz.
Lekin o‘zbek murabbiylari haqida gap ketganda, negadir xorijda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarimizni sira ko‘rmaymiz. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, chetda o‘zbek murabbiylariga talab deyarli yo‘q hisobi. Xo‘sh, bu nima bilan bog‘liq? Bu chindan ham o‘ylantiradigan muammo shunday emasmi? Lekin ilgarilari ayrim murabbiylarimizning xorijda faoliyat ko‘rsatishganini yaxshi bilamiz. Bu borada gap ketganda masalan, Rustam Akramov, Islom Ahmedov, marhum Bahodir Ibrohimov kabilarni aytishimiz mumkin. Igor Shkvirin esa “Krilya Sovetov”ning murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan. Lekin hozirgi davrdagi murabbiylarimiz-chi? Ular nega xorijda ishlashga oshiqishmaydi?
Darvoqe, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan JCh-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan Samvel Babayan Latviya chempionida “Spartak” jamoasida ma’lum muddat bosh murabbiy bo‘lib ishladi. Hozirda esa mazkur klubda rahbarlik lavozimlaridan birida ishlab kelmoqda. Lekin endi bu boshqa mavzu. Shuningdek, o‘z vaqtida Vadim Abramov ham boshqa mamlakatda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganini yaxshi bilamiz. Masalan, unga Qozog‘istonning “Astana” jamoasidan taklif tushgandi va u rozilik bildirib qo‘shni mamlakatga ham ketgandi. Lekin bir-ikki kun o‘tgach, Vadim Karlenovich yana Toshkentga qaytishga majbur bo‘lgandi. Boisi, Abramovni taklif qilgan rahbar ishdan bo‘shab, o‘rnini boshqasi egallagani tufayli bizning murabbiy bilan ishlashni istamagan.
Shuningdek, “Nasaf”ni boshqarib kelayotgan Ro‘ziqul Berdiyev o‘z ishi bilan ko‘pchilikning mehrini qozongan. U haqida ko‘plab iliq fikrlarni eshitib kelamiz. “Nasaf” bilan Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etib yurgan kezlarida uning ishiga xorijliklar ham yuqori baho berishgandi. Adashmasak, bundan uch yilcha ilgari Eronning “Traktorsozi” klubi rahbariyati Ro‘ziqul Sa’dullayevichni bosh murabbiylikka taklif qilishgandi. Bu chindan ham rasmiy chaqiruv edi. Biroq o‘sha paytda Berdiyev bunday taklifni rad etib, bor e’tiborini o‘z jamoasiga qaratishni lozim topgandi. Ammo endilikda “Nasaf”da ham vaziyat ancha o‘zgardi.
Umumiy ma’noda o‘zbek murabbiylariga nega xorijdan talab kamligini tahlil qilar ekanmiz, avvalo xayolimizga kelgan narsa shu bo‘ldiki, biror-bir murabbiyimizning skaut yoki agentlar bilan ishlaganini eshitmaganmiz. Bilsangiz, xorijdagi mutaxassislar ham alohida agentlar bilan ishlashadi. Qaysidir klubga murabbiy kerak bo‘lsa, u o‘zi bilan emas, balki agenti bilan muzokaralarga kirishadi. Bizda esa bunday emas. O‘zi yaqindan beri futbolchilarimiz agent va skautlar bilan hamkorlik qilishni boshlashdi. Murabbiylarimiz esa hali bu haqida o‘ylab ham ko‘rishmagan bo‘lishsa kerak. Bu ham o‘ziga yarasha reklamaning bir turi hisoblanadi. Agar agentingiz bo‘lmasa qanday qilib xorij klublarining e’tiborini qozonish mumkin?
Bundan tashqari, bizning murabbiylarda til bilmasligi muammosi ham bor, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Hozirgi zamonaviy futbolda e’tibor qaratayotgan bo‘lsangiz, murabbiylar boshqa xorijiy tillarni ham o‘zlashtirganliklariga guvoh bo‘lasiz. Bu esa sizga bevosita dunyo eshiklarini ochadi. Lekin o‘zbek murabbiylarining aksariyati faqat o‘zbek va rus tillarida so‘zlashadilar. Ingliz yoki boshqa tillar masalasida jiddiy muammolar ko‘zga tashlanadi. Balki mana shu jihat ham ularni xorijga chiqishga to‘sqinlik qilayotgan bo‘lishi mumkin.
To‘g‘risi, bizdagi murabbiylar ko‘pincha bosim bilan ishlashga o‘rganib qolishgan. Ular qaysi klubda ishlashmasin asosan natija ko‘rsatish payiga tushadilar. Agar yutqazsam, ertaga meni bo‘shatib yuborishmasmikin degan xadikda ular faqat jamoaga e’tibor qaratishadi. Shu bois boshqa ishlarga deyarli vaqt ham ajrata olishmaydi. Lekin hozirgi futbolda murabbiylarning til bilishi hamda o‘ziga maxsus agent yollashi kabi masalalar dolzarb mavzuga aylangan. Chempionatimizda o‘zini ko‘rsatayotgan mutaxassislarimiz asosan O‘zbekiston miqyosida bo‘lib, ularning xorijda ishlashga malakasi hali yetarli darajadami, buni ham o‘ylab ko‘rish kerak. Bu borada ular o‘z ustilarida ko‘proq ishlashlari va izlanishlari talab etiladi. Balki xorijliklar o‘zbek murabbiylarining tajribalariga shubha ko‘zi bilan qarab, ularga ish taklif qilishmayotgandir. Ammo Mirjalol Qosimov, Ro‘ziqul Berdiyev, Vadim Abramov kabi mutaxassislarimizda xorijda ishlash uchun tajriba va salohiyat yetarli deb o‘ylaymiz. Lekin bu xohish va intilishga ham bog‘liq. Xullas, bu borada gapirsak gap ko‘p.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar