Chempionatni bir maromda o‘tkaza olmayotgan klublardan biri «Buxoro» desak bunga hech kim qarshilik qilmasa kerak. U yerda murabbiylar almashdi va hozirda tojikistonlik Muhsin Muhammadiyev boshqaruvni o‘z qo‘liga olganidan yaxshi xabardorsiz. Lekin hozircha natijalar u qadar ijobiy tomonga o‘zgargani yo‘q. «Buxoro» bosh murabbiyligi ostida faqat birinchi davraning oxirgi turida «Andijon»ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Qolgan uchrashuvlarda esa uning jamoasidan omad yuz o‘girmoqda. Natijada ayni paytda 11 ochko bilan musobaqa jadvalining 13-pog‘onasida bormoqda.
U bosh murabbiylikka kelgan paytda jamoa juda qiyin ahvolga tushib qolgandi. Ochig‘i, bunday paytda manaman degan murabbiy kelsa ham jamoani qutqarib qolishi qiyin bo‘lardi. Shu bois har qanday murabbiyga tanaffus zarur bo‘lardi. Davralar oralig‘ida esa tarkibga ayrim yangi o‘yinchilar taklif etildi. Murabbiyning o‘zi ham bir necha bor ikkinchi davrada jamoasining o‘yini kuchayishi haqida gapirgandi.
Lekin hozircha buni amalda ko‘rayotganimiz yo‘q. Boisi, avvaliga «Andijon» maydonida yutqazgan bo‘lsa, keyin o‘z uyida «Navbahor» bilan bir ochkodan bo‘lishib oldi. Aksiga olib, keyingi turda Toshkentda «Paxtakor»ga qarshi o‘ynashadi. Bungacha «Buxoro» tojikistonlik murabbiy boshchiligida ikki bor «Paxtakor»ga qarshi o‘ynadi va ikkalasida ham imkoniyatni boy berdi. Demak, Muhammadiyevning hozirgi holatiga havas qilib bo‘lmaydi.
Aytish mumkinki, uning uchun hal qiluvchi sinovlar boshlandi. Shuningdek, tojik va o‘zbek futbolini yaxshi biladigan mutaxassis ikkala mamlakat terma jamoalariga ham befarq emas. Shuning uchun u bilan suhbatimizni yaqinda qur’a tashlangan JCh-2022 saralashi haqidagi savollar bilan boshladik.
- Muhsin Muslimovich, Tojikiston milliy terma jamoasi JCh-2022 saralash bosqichida Yaponiya, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston va Myanma terma jamoalariga qarshi o‘ynaydi. Vataningiz bosh jamoasining keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini qanday baholay olgan bo‘lardingiz?
- Menimcha, saralashning yakuniy bosqichiga chiqish uchun guruhda uch jamoa da’vogarlik qilsa kerak: Yaponiya, Tojikiston va Qirg‘iziston.
- Demak, Tojikiston ham favoritmi?
- Yo‘q. Shak-shubhasiz, Yaponiya guruhning yaqqol favoriti hisoblanadi. Nazarimda, navbatdagi bosqichga chiqish imkonini beruvchi ikkinchi o‘rin uchun kurash aynan Tojikiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida kechadi.
- Mutaxassis sifatida O‘zbekiston terma jamoasining mundial saralashidagi imkoniyatlarini qanday chamalagan bo‘lardingiz? Termamiz bu bosqichda Saudiya Arabistoni, Singapur, Falastin va Yamanga qarshi to‘p suradi.
- O‘ylaymanki, keyingi bosqichga Saudiya Arabistoni bilan aynan O‘zbekiston terma jamoasi yo‘l oladi.
- Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyi Usmon Toshev bilan yaxshi munosabatda ekanligingiz ma’lum. «Buxoro» safida o‘ynayotgan Fatxullo Fatxulloyev esa Tojikiston termasiga ilgari chaqirilib turilardi. Ishimiz taqozosi tufayli Usmon Qudratovichga goh-gohida qo‘ng‘iroq qilib turamiz. U bilan oxirgi marta suhbatlashganimizda Fatxulloyevni kuzatib borayotganini va ushbu futbolchini terma jamoaga qaytarish niyati borligini yashirmadi.
- Fatxulloyev – juda tajribali futbolchi. U avvallari terma jamoa tarkibida tez-tez maydonga tushardi. O‘z klubida sardor bo‘lib ham to‘p surgan. Aftidan, Toshev potensial nomzodlar qatori uni ham kuzatib borayotganiga ishora qilgan bo‘lsa kerak. Ammo Fatxulloning termaga qaytish yoki qaytmasligini men hal qilmayman. Buni Usmon Toshev hal qilishi kerak.
- Muhsin Muslimovich, endi klubingizga oid ayrim savollarga o‘tsak. Ayting-chi, «Buxoro»ning yozgi yig‘inidan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?
- To‘g‘risi, unchalik qoniqish hosil qilmadim. Chunki o‘ylagan rejalarimizni oxirigacha amalga oshirishning iloji bo‘lmadi.
- Yozgi darvalar oralig‘ida jamoa tarkibiga bir qancha yangi o‘yinchilar jalb qilindi. Jumladan, legionerlar ham. Ularning o‘yinidan qoniqish hosil qilyapsizmi?
- Vaqt – oliy hakam deyishadi. Yangi futbolchilarning «Buxoro» o‘yiniga ko‘nikib ketishlari uchun ham vaqt zarur.
- «Buxoro» ikkinchi davrani Andijonda mag‘lubiyat bilan boshladi. Keyin «Navbahor» bilan durang o‘ynadi. Negadir jamoa o‘yinida barqarorlik ko‘rinmayapti. Bu siz uchun jiddiy muammomi?
- Darhol xulosa chiqarish uchun biroz ertamikin, deb o‘ylayman. Chunki jamoa a’zolari yaqinda ta’tildan qaytishdi, davralar oralig‘idagi yig‘inda ishlar olib borilgan bo‘lsa-da, o‘yinchilarning bir-biriga yana moslashib olishlari oson bo‘lmaydi. Qolaversa, tarkibimizga yangi futbolchilar ham qo‘shilganini unutmaslik kerak.
- Jamoa yarim himoyachisi Jahongir Abdumo‘minov nima sababdan «Buxoro»dan ketishga qaror qildi?
- Bu savolingizga bevosita o‘zim javob bera olmayman…
- Vaholanki, u ikkinchi davraning dastlabki uchrashuvlarida «Andijon» va «Navbahor»ga qarshi maydonga tushdi va shundan so‘ng «Buxoro»dan ketdi. Nima, oldindan shunday kelishuv bormidi?
- Yana takrorlashimga to‘g‘ri keladi: Abdumo‘minovning klubdan nima sababdan ketganini mendan so‘ramasangiz yaxshi bo‘lardi.
- Jamoangiz tarkibidagi kanadalik legioner Milovan Kapor ancha tajribali himoyachi. Uni «Buxoro»ga taklif qilish g‘oyasi aynan sizdan chiqqanmi?
- Ha, bo‘lmasam-chi! Futbolchini aynan o‘zim kuzatib, «Buxoro»ga taklif qilish kerakligini aytganman. Ishonamanki, u va yana boshqa legionerlar bizga yordam bera oladilar.
- «Buxoro»da sizni qiynayotgan asosiy muammo nimadan iborat?
- Ushbu savolingizga ham dabdurustdan javob qaytarish mushkul. Buning uchun biroz mulohaza yuritishimga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, ayni chog‘da Toshkent sari yo‘lga chiqmoqchi bo‘lib turibman. Agar Toshkentga borganimdan so‘ng qo‘ng‘iroq qilsangiz, bu borada tayinli nimadir deyishim mumkin. Hozir esa meni ma’zur tutasiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi