Yevropa transfer bozori yana qizg‘in pallaga kirdi va asosiy mavzulardan biri Dani Sebalosning taqdiriga aylandi. Avvalroq xabar qilinganidek, fransuz grandi "Marsel" ispaniyalik yarim himoyachini olish uchun "Real Madrid" bilan muzokara olib bormoqda. Masala ijara va keyinchalik majburiy sotib olish huquqi atrofida aylanmoqda.
ESPN tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, madridliklar Sebalosning ketish ehtimoli bilan hisoblashmoqda va shu bois transfer oynasining oxirgi kunlarida o‘rta chiziqqa yangi futbolchi olib kelish niyatida. Bu jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘liq: ya’ni, "qirollik klubi" dastlab uni o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan o‘yinchi topishni xohlaydi, shundan keyingina Sebalosni qo‘yib yuborishga tayyor bo‘ladi.
Jurnalist Rodrigo Fayesning ma’lum qilishicha, "Real" Sebalos uchun aniq narx belgilab qo‘ygan. Agar "Marsel" yoki boshqa klub uni to‘liq sotib olmoqchi bo‘lsa yoxud ijaradan keyin transferni amalga oshirsa, kamida 15–20 million yevro to‘lashlari talab etiladi.
Muxlislar orasida esa qizg‘in munozara yuz bermoqda: Sebalos ketsa, "Real" o‘yiniga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi? Bir tarafdan, u ko‘p hollarda asosiy tarkibda maydonga tushmaydi, ikkinchi tomondan esa tajribali yarim himoyachi sifatida chuqur rotatsiyada muhim qo‘l kela oladi.
Shu tariqa, Sebalosning taqdiri transfer oynasi yopilishi arafasidagi asosiy intrigalardan biri bo‘lib qolmoqda. "Marsel" o‘z so‘zini ayta oladimi va "Real" uning o‘rniga kimni olib keladi — bu savollar yaqin kunlarda javobini topishi mumkin.
"Marsel" Sebalosga qiziqmoqda, "Real" uni qanchaga sotmoqchi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar