O‘zbekiston milliy jamoasi uchun yangi bosh murabbiy izlash jarayoni qiziqarli bosqichga kirdi. Football-Asian tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Portugaliya va Janubiy Koreya terma jamoalari sobiq murabbiyi Paulu Bentu asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2026 yilda yurtimiz tarixida ilk bor Jahon chempionatiga chiqib, bu jarayonda jamoani yetaklay oladigan tajribali murabbiy qidirmoqda. Avvalroq 2014 yildagi mundial g‘olibi Yoaxim Lyov bilan bog‘lanilgan, ammo nemis mutaxassis Toshkentning jiddiy taklifini rad etdi. Shuningdek, Turkiya futboli afsonasi Fotih Terim ham ro‘yxatdan o‘rin olgandi, biroq hozircha u ko‘ndirilmagan.
E’tibor markaziga esa 56 yoshli portugaliyalik mutaxassis – Paulu Bentu chiqdi. U klub va milliy jamoalar miqyosida katta tajribaga ega. Bentu 2005 yildan murabbiylik faoliyatini “Sporting”da boshlab, keyinchalik Braziliyaning “Kruzeyro”, Gretsiyaning “Olimpiakos” va Xitoyning “Chunsin Lifan” klublarida ish olib borgan.
2010–2014 yillar oralig‘ida esa Portugaliya terma jamoasini boshqarib, Yevro-2012 musobaqasida yarim finalga olib chiqqan. Keyinchalik Janubiy Koreya bilan Jahon chempionati–2022 final bosqichiga chiqish orqali Osiyo futbolida katta hurmat qozondi. So‘nggi yillarda BAA termasiga rahbarlik qildi.
Nashrning yozishicha, yaqin haftalar muzokaralar uchun hal qiluvchi bosqich bo‘lishi mumkin. “Bentu Markaziy Osiyoning yetakchi bayroqdori bo‘lgan O‘zbekiston chaqirig‘ini qabul qiladimi-yo‘qmi hali aniq emas. Ammo uning nomzodlar ro‘yxatida paydo bo‘lishining o‘zi ham mamlakatning katta ambitsiyasidan dalolat beradi”, — deyiladi xabarda.
Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi oldida yangi sahifa ochilishi mumkin. Bentuning qaroridan kelgusi yo‘nalish aniqlanadi va butun mamlakat futbol muxlislari bu jarayonni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Paulu Bentu – O‘zbekiston termasiga bosh murabbiy sifatida asosiy nomzod
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar