"Nasaf"ni bir necha yildan beri boshqarib kelayotgan Ro‘ziqul Berdiyev bir qator muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Chempionatimizdagi o‘ziga xos klub, barchaning hurmatini qozongan Qarshining "Nasaf” jamoasi oxirgi paytlarda boshidan turli qiyinchiliklarni o‘tkazib kelmoqda.
Biroq shunga qaramay, “ajdarlar” mahalliy tarbiyalanuvchilari bilan chempionatimizda o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘yayotgani yo‘q. Bunda esa shubhasiz “Nasaf”ni anchadan beri boshqarib kelayotgan bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyevning hissasi beqiyos. U bejizga bir necha bor yurtimizning eng yaxshi murabbiyi, deb e’tirof etilgani yo‘q. Bularning barchasi uning mehnatlari mahsuli.
Ma’lumki, kuni kecha PFL Superliga klublarining mashg‘ulot o‘tkazishlariga rasman ruxsat berdi. Chempionatimiz esa 13 iyundan boshlab davom ettirilishi ham tasdiqlandi. Shunga asosan jamoalar mashg‘ulotlarga kirishdilar. Bu borada “Nasaf” klubi ham Berdiyev boshchiligida tayyorgarlik olib bormoqda. Mazkur mutaxassis bilan muloqotimiz avvalida hozirgi vaziyat xususida to‘xtaldi.
- Hozirgi vaqtda birinchi masala inson salomatligi bo‘lib qoldi. Biz buni to‘g‘ri qabul qildik, chunki salomatlik har doim eng muhimi bo‘lib kelgan. Mana, kuni kecha hukumatimiz tarafidan mashg‘ulotlar va o‘yinlar o‘tkazishga ruxsat berildi. O‘ylaymanki, bu holat futbolga taalluqli barcha insonlarni ham, muxlislarni ham xursand qildi. Garchi futbolimiz ishqibozlarsiz o‘tsa ham baribir o‘yinlarga e’tibor yuqori bo‘ladi.
30 maydan biz to‘liq tarkib bilan mashg‘ulotlarga kirishganmiz. Chempionatimiz esa rasman 13 iyundan davom ettirilishi aniq bo‘ldi. Tabiiyki, o‘sha sanagacha rejalarimizni tuzamiz. Ungacha esa bitta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazamiz va shu orqali “Navbahor” bilan o‘tadigan muhim bahsga tayyorgarligimizni davom ettiramiz. Futbolchilarning holatiga kelsak, o‘ylashimcha, ayni paytda barcha klublarimiz bir xil vaziyatda.
Karantin qoidalariga hamma jamoalarimiz bir xil ravishda rioya qilishgan. Qanchalik qiyin bo‘lsa ham futbolimizni boshlashimiz kerak edi. Balki ikki haftalik mashg‘ulotlar kamlik qilishi mumkin. Ammo o‘ylaymanki, jamoalar bundan unumli foydalanishga harakat qiladilar. O‘yinlar orqaligina jamoalar jismoniy holatini tiklab boradilar.
Chempionatimizda oxirgi marta 15 mart kuni o‘yin o‘tkazilgan bo‘lsa, deyarli uch oy futbolsiz qolib ketgandik. Endi esa yo‘qotilgan vaqtning o‘rnini qanday to‘ldirish mumkin? Ya’ni, Superligani davom ettirib, uni o‘z vaqtida yakunlab olish borasida qandaydir o‘zgarishlar ham bo‘lishi mumkin yoki o‘yinlar muddatining oralig‘i qisqa bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Bu borada Ro‘ziqul Berdiyevning munosabatini eshitamiz.
- To‘g‘ri, futbolsiz o‘tgan tanaffus juda katta edi. Uyda individual shug‘ullanish bilan maydonda shug‘ullanish umuman boshqa-boshqa narsalar. Biz asosan bahor-kuz faslida o‘yinlarimizni o‘tkazardik. Endi bo‘lsa yoz faslida chempionatimizni o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi. Tabiatimiz shunaqa, yozimiz ancha issiq keladi. Bu esa futbolchilarimizga qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap. Ayniqsa, o‘yinlarni juda qisqa vaqt ichida o‘tkazadigan bo‘lsak, qo‘shimcha qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.
Balki taklif berish kerakdir, fikrim shundayki, o‘yinlarimiz oralig‘ida besh kun vaqt bo‘lishi kerak. Bunday issiq paytida turdan-turga futbolchilarimizning holatini ham tiklashimiz kerak bo‘ladi. Ba’zi-bir stadionlarimizda esa yoritgichlar hali ham talab darajasida emas. Mana shunday jihatlarni ham hisobga olish kerak, deb o‘ylayman. O‘yinlar sanalari juda qisqa muddat oralig‘iga qo‘yilmasligi lozim.
Karantindan futbolchilar qanday holatda qaytishdi? Ularning o‘yin ritmiga qaytarish o‘ziga yarasha muammo keltirib chiqaradimi? Umuman olganda, uch oy futbolsiz o‘tgan vaqt mobaynida o‘yinchilar ortiqcha vaznlarga ega bo‘lib qolishmadimi? Bunday savollar har bir murabbiyni o‘ylantirsa ajab emas. Buni esa Berdiyev misolida o‘rganib chiqamiz.
- Yana bir yaxshi tomoni borki, bu orqali futbolchilarning qanchalik professional ekanligini bilib olsangiz bo‘ladi, - deya mavzuni davom ettirdi, Berdiyev. - Klubga qaytishgan chog‘ida holatiga qarab uyda qanchalik shug‘ullanganligini bilish olish mumkin. 13 iyungacha barcha futbolchilarning holatini bir xil darajaga olib kelish lozim. Turgan gapki, hozirda barchasining holati turlicha.
Tanaffus anchagacha cho‘zilgani sababli 13 iyungacha tiklanish vaqti kam ekanligi aniq. Bu esa qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, hamma jamoalar bu borada bir xil darajada. Bu esa o‘yinlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi, ayniqsa, o‘yinning tempiga yoki jarohatlarga ham.
Shu bilan birga BAA chempionatida faoliyat olib borayotgan ikki nafar hamyurtimiz – Aziz G‘aniyev bilan Otabek Shukurovning yurtimizga qaytishgani tufayli ularning vaqtincha “Nasaf” bilan shug‘ullanib turishlari haqida ma’lumotlar tarqaldi. G‘aniyev esa Ro‘ziqul Berdiyevning shogirdi va murabbiy ushbu masalani ham chetlab o‘tmadi.
- Aziz shu yerda bo‘lgani bois kuni kecha mashg‘ulotlarimizga qo‘shildi. O‘zi ham tayyorgarligini bir me’yorda ushlab turishni xohlayapti. Otabek Shukurov esa hali jamoamizga qo‘shilgani yo‘q. To‘g‘ri, Aziz bizga Otabek ham mashg‘ulotlarimizga qo‘shilishi mumkin, deb aytgandi. Biroq hozircha u biz bilan birga emas. Balki qo‘shilib qolar, bizning qarshiligimiz yo‘q. Ularning safimizda bo‘lishi tarkibimizdagi yoshlarga ham yaxshi bo‘lardi. Ammo shunisi ham borki, ular biz bilan mashg‘ulot o‘tkazishlari uchun o‘z klublaridan ruxsat olishlari va ogohlantirib qo‘yishlari kerak bo‘ladi. Bu haqida o‘zlariga ham tushuntiramiz.
Hozirgi paytda o‘zbekistonlik legionerlar Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida, nari borsa, eng kuchlisi sifatida Janubiy Koreya chempionatiga ketishyapti. O‘z o‘rnida “Nasaf” ustozi bu holatga ham munosabat bildirdi.
- Janubiy Koreya chempionatining darajasini past deb o‘ylamayman. U yerga boradigan o‘yinchilar o‘z darajasidan pastga tushib ketishmaydi. Tan olish lozimki, masalaning ikkinchi tarafi bu moliyaviy holat bilan bog‘liq. Umuman, Koreyaga ketadigan futbolchilarimiz o‘sishdan to‘xtab qolishmaydi. Qo‘shimcha ravishda moliyaviy tomondan ham yutishadi. Agar kuchsizroq chempionatga faqat pul uchun ketishganida bu yosh futbolchilarga boshqacha tuyulishi mumkin.
Aziz G‘aniyevni yoshligidan yaxshi bilgan murabbiy ushbu shogirdining shu darajaga chiqishiga katta hissa qo‘shgan. Futbolchining BAA chempionatiga ketgani esa aslida ham to‘g‘ri yo‘lmidi? Legionerlarimiz haqida gap ketar ekan, Ro‘ziqul Sa’dullayevichdan ushbu shogirdining tanlagan yo‘li haqida ham fikr bildirishini so‘radik.
- Birinchi navbatda G‘aniyevning BAAga transfer qilganimiz klubimiz uchun katta foyda keltirdi. Ikkinchidan esa Azizning klubi BAA chempionatining yetakchilaridan biri sanaladi. Uchinchidan bu jamoa Osiyo Chempionlar ligasida muntazam ravishda qatnashib turadi. Aziz bilan yangi klubi haqida gaplashganimda ham tarkibidagi ko‘plab futbolchilar terma jamoa a’zolari ekanligini va legionerlari ham yuqori darajadaligini aytgandi. O‘ylaymanki, futbolchimiz ham u yerda o‘sishda davom etadi. Azizning xarakterini yaxshi bilamanki, u yangi jamoasida ham o‘z o‘rnini topa oladi. Mehnatkash, tirishqoq va o‘sishni istaydigan bola.
Berdiyev yuqorida aytganidek, “Nasaf” G‘aniyevni transfer qilish orqali chindan ham yaxshigina pul ishlab oldi. Xo‘sh, bu qancha miqdorni tashkil qiladi? Umuman olganda, Azizning transfer narxi aslida qancha edi? Bizni qiziqtirgan bu masala bo‘yicha ham Ro‘ziqul Sa’dullayevichga murojaat qildik. Biroq murabbiy hammasini oshkor qilishni istamadi.
- Aniq summasini ayta olmasam-da, ammo jamoamiz yaxshigina foyda oldi. Aks holda Aziz G‘aniyevning bu transferi amalga oshmagan bo‘lardi.
Bugungi kunda terma jamoalarimizdagi asosiy o‘yinchilar “Nasaf”ga tegishli. Klub muntazam ravishda turli yoshdagi termalarimizga munosib kadrlarni yetkazib bermoqda. Xo‘sh, “Nasaf”dan bugungi kundagi yangi avlod vakillaridan kimlar yuqori natijaga erishishi mumkin? Murabbiyning javobi esa quyidagicha bo‘ldi:
- Bunday yoshlarimizning ko‘pchiligini aytishim mumkin. Mana, yigitlarimizning aksariyatini olimpiya terma jamoamizda ko‘rdinglar, ularning imkoniyatlari katta. Hozirda esa o‘rinbosarlarimizdan 4-5 nafar yoshlarimiz asosiy tarkibimiz bilan shug‘ullanishyapti. Bu bilan cheklanib qolmaymiz hamda ularning darajalarini bundan ham yuqoriga ko‘tarishga harakat qilamiz.
O‘ylaymanki, hali jamoamizdagi mahalliy yigitlarimiz o‘zlarining yuqori darajasiga chiqishgani yo‘q. Darvozabonimizdan hujum chizig‘imizgacha qaraydigan bo‘lsak, hali ko‘p o‘yinchilarimizning imkoniyatlari yuqori. Aliqulov, Bozorov, Nasrullayev, Saitov, Abduholiqov, Ne’matov, Kenjaboyev va boshqalarning imkoniyatlarini yuqori deb hisoblayman. Ularda hali o‘sish zaxirasi bor.
Ro‘ziqul Berdiyevning qanday murabbiyligini hamma biladi. U bir marta milliy terma jamoamizga ham bosh murabbiylik qilgan. Ko‘pchilik esa iste’dodli yoshlarni kashf qilayotgan mutaxassisni milliy terma jamoamiz rolida ham ko‘rishni istashlari bor gap. Taqdir taqozosi bilan vaqti kelib, terma jamoa bosh murabbiyligini unga ishonib topshirishsa, “Nasaf”dagi faoliyatidan ko‘ra yanada yaxshiroq boshqarishiga qanchalik ishonarkin?
- Bu savolga javob berish qiyin. Shuni aytishim kerakki, ilgari milliy terma jamoamiz bilan bir haftalik shug‘ullanganimda o‘zimga ham xorijlik mutaxassis izlashayotgani haqida ochiq-oydin aytishgandi. Shu bois menga terma jamoani BAA bilan o‘yinga olib borib kelasiz deyishgandi. O‘shanda ham legionerlarimizni chaqirmasdan mahalliy futbolchilarimizdan foydalanishimiz kerakligini aytishgandi. Vaziyat shunday bo‘lishini o‘zim ham bilardim.
Natijada o‘sha paytda terma jamoa menga ishonib topshirilgandi deb o‘ylamayman. Ya’ni, vaziyat aslida vaqtinchalik ekanligini bilib turgandim. Umuman olganda, mening terma jamoada ishlash yoki ishlamasligimni vaqt ko‘rsatadi. Bu qanchalik amalga osharkin, buni bilmadim. Asosiy maqsadimiz klubda bo‘ladimi yoki terma jamoadami, muhimi iqtidorli o‘yinchilarni yetishtirib berishda davom etamiz.
Mavsum boshida “Nasaf”ni bir qator futbolchilar tark etishdi va ularning orasida Ro‘ziqul Berdiyevning kuyovi Doniyor Narzullayev ham bor edi. Ajablanarlisi, qishda bosh murabbiy jamoani tark etgan o‘yinchilar xususida fikr bildirib, Narzullayevni asosiy tarkibdan joy egallay olmagani va uning ketishi klub uchun katta yo‘qotish hisoblanmasligini aytgandi. Vaziyatdan foydalangan holda undan o‘sha gapi uchun ham izoh so‘radik.
- Klubdan ketish o‘zining qarori bo‘ldi. Shartnomasi tugagani uchun unga “Bunyodkor”, “Metallurg” kabi jamoalardan takliflar bo‘ldi. Natijada o‘z xohishiga ko‘ra bekobodliklar safiga ketdi. Jamoamizdan ketayotganida bu haqida ikkalamiz maslahatlashganmiz. Asosiy tarkib o‘yinchisi emas deganim shundaki, u ko‘proq zaxirada qolishi mumkin edi. O‘ziga esa o‘yin amaliyoti kerak edi. Balki shu bois boshqa klubga ketish qaroriga kelgandir.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi