23:57 / 18.09.2020
2 054

Ikkinchi davrada bizni nimalar kutmoqda? O‘zgarayotgan "Lokomotiv", ochko ulashayotgan AGMK...

Ikkinchi davrada bizni nimalar kutmoqda? O‘zgarayotgan "Lokomotiv", ochko ulashayotgan AGMK...
Superliga birinchi davrasi hammada turlicha taassurot qoldirdi. Kimdir o‘zi ko‘zlagan maqsad sari dadil odimlamoqda, yana kimdir kutilgan va kutilmagan muammolar girdobida. Markazlashgan chempionatga jamoalarimiz hali tayyor emasligi ayon bo‘ldi. Bunga PFL ham yetarli darajada tayyor emasligi ko‘rinib qoldi.

Biroq vaziyat shuni taqozo etdi. Tashkiliy ishlar, stadiondagi nazoratchilik, hattoki, muxlislarning bemalol kirishigacha yo‘l qo‘yib berildi. Ikkinchi davraga esa jamoalar turli holatda yetib kelishdi. Albatta, pandemiya, koronavirus ham ta’sir qilganini aytib o‘tish joiz. Qaysidir ma’noda klublarimiz mana shu davrda boshlariga tushgan sinov ostida toblanishdi, nimalar qilish kerakligini anglab yetishdi degan umiddaman.

“Paxtakor” chempionlikni erta rasmiylashtirishi mumkin
Bugungi kunda “Paxtakor”ning mavsum yakunida chempionlikni nishonlashiga shubha yo‘q, birinchi o‘rin uchun yaqqol favorit hisoblanadi. Superligada ular bilan raqobat qila oladigan klub yo‘q hisob. Bu faqat tarkib nuqtai nazaridan emas, balki sharoitlar, mashg‘ulot jarayoni, tashkiliy tomondan ham “Paxtakor”da ishlar zo‘r. Jamoa ichki chempionatda raqiblarini osonlikcha mag‘lubiyatga uchratmoqda, tarkib jihatdan “Paxtakor” bilan tenglashishga harakat qilayotgan AGMK ham birinchi davrada durang qayd etdi. Demak, haqiqiy intriga qolgan o‘rinlar uchun kechishini taxmin qilaversa bo‘ladi. Agar “sherlar” OCHLdan ko‘tarinki kayfiyatda qaytib kelsa bu ularga yanada qo‘shimcha kuch beradi va qolgan uchrashuvlarda xotirjam to‘p tepishini ta’minlaydi.

Muammolar girdobida qolayotgan “Bunyodkor”
Ulug‘bek Mirzayev “Bunyodkor” rahbarligidan ketganidan so‘ng klubda jiddiy muammolar yuzaga kela boshladi. Jamoa a’zolari 3 oydirki hali maosh olishgani yo‘q, yangi rahbariyat esa bir oy deganda jamoa bilan uchrashdi. Tasdiqlanmagan xabarlarga qaraganda, klubdagi ovqatlanish ya’ni "pitaniya" ham avvalgidek emas, klubning bu borada qarzdorligi mavjud. Shunda ham qoyil qoladigan jihati futbolchilar maydonga chiqib o‘z ishlarini qilmoqda, g‘alaba qozonmoqda. Jamoa a’zolari “Mash’al” bilan o‘yindan oldin safar uchrashuviga bormaslik fikrida ham bo‘lishgan. Ikkinchi davrada jamoa imkoniyati darajasidan kelib chiqib to‘p tepishi mumkin. Agar rahbariyat vaziyatni o‘nglasa va jamoani qo‘llab-quvvatlasa, bu futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya berishi tayin.

Timur Kapadze va “Lokomotiv”
Birinchi davrani o‘ta xunuk tarzda yakunlab umuman o‘ziga o‘xshamagan “Lokomotiv” jamoasiga avvalgi shukuh qaytmoqda. Murabbiylar shtabida Andrey Miklyayev va Timur Kapadze juftligi ish boshladi. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha terma jamoada Kapadzega yaqindan ko‘maklashayotgan Denis Korostichenko faoliyat olib bormoqda. Buni qarangki, ikkinchi davra boshida bu o‘z samarasini bera boshladi. Jamoa dastlabki ikki turda tartibli o‘yin namoyish etdi. Futbolchilar ham ikki o‘yinda to‘liq kuch bilan harakat qilib raqiblarini pressing ostida ushlashdi. Kapadze kerakli gaplarni ayta olgani ko‘rindi. Agar “Lokomotiv” o‘z o‘yinini kuchaytirgan holda shu yo‘sinda davom etsa mavsumni yuqoriroqda yakunlashi mumkin.

AGMK ochko ulashishda davom etadimi?
Birinchi davrani ikkinchi o‘rinda tugatgan AGMK to‘rt o‘yindirki g‘alaba nimaligini bilmayapti. Mirjalol Qosimov jamoasi raqiblariga muhim ochkolarni hadya qilmoqda. Aksariyat uchrashuvlarda ohirgi daqiqalarda urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolmoqda. Bekobodda mavsumdagi ilk mag‘lubiyat tan olindi, undan avval “Buxoro” bilan uchrashuvda 90+8 daqiqada urilgan gol evaziga durang natija qayd etdi. Ikkinchi davrada jamoa safarda ko‘p o‘ynashini hisobga olsak, oson bo‘lmagan uchrashuvlar kutib turganini sezish qiyin emas. Ammo Mirjalol Qosimov har qanday holatda ham vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda navbatdagi uchrashuvlarga jamoani munosib tayyorlashiga ishonamiz.

“Navbahor”ning umidi O‘zbekiston kubogidan
Mavsum boshida chempionlik uchun kurashishni maqsad qilgan, aksariyat jamoalarga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi kutilgan “Navbahor” afsuski taxminlarni oqlamayapti. Jamoada yaxshi tarkib jamlangan. Tajribali, o‘yinni o‘z qo‘liga oladigan futbolchilar yetarlicha topiladi. Biroq o‘yin borasida “lochinlar” hozircha maqtana olishmaydi. O‘yin tomonlama hali ko‘p ishlanishi kerak. Oldinda uchrashuvlar ko‘p, ochkolar keragidan ortiq yo‘qotildi. Sovrinli o‘rinlardan umidni uzmagan holda jamoa O‘zbekiston kubogiga e’tibor qaratishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Final o‘yini Namanganda o‘tishi futbolchilardagi ishtiyoq oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Mavsumni sovrin bilan yakunlashning eng yaqin yo‘li Kubokni yutishdir. Bu esa qiyin bo‘lishi aniq.

Pro ligaga kim ravona bo‘ladi?
Turnir jadvalining so‘ngi uch pog‘onasini “Surxon”, “Buxoro”, “Andijon” jamoalari band etib turibdi. Bu jamoalarning ochkolari o‘rtasidagi farq ham katta emas. Katta ehtimol bilan Superligada qolish uchun kurash mana shu jamoalar o‘rtasida kechadi. “Buxoro” o‘yin jihatdan asta-sekin kuchayib bormoqda. Jamshid Saidov va Aleksandr Xomyakov juftligining imzosi jamoa o‘yinida sezilayotganini ko‘rib turibmiz.

“Andijon” esa joriy mavsum hali g‘alaba qozongani yo‘q. Birinchi davradagi muammolar jamoaning shu holatga kelib qolishiga sabab bo‘ldi. Ikki turdan so‘ng Xomyakov ketdi, birinchi davradan so‘ng Kumikovga chiqish eshiklari ko‘rsatildi, rahbariyat o‘zgardi. Baxtiyor Hamidullayev jamoani kuchlilar safida olib qola oladimi-yo‘qmi, buni mavsum yakunida bilib olamiz. Agar “Andijon” quyi ligaga yo‘l olsa buning ham yaxshi tomoni bor: yangidan o‘z oldiga aniq maqsadlarni qo‘ygan jamoa sifatida shakllanadi. “Surxon”dagi murabbiylar almashinuvi jamoaning natijalariga ham ta’sir qildi. Ravshan Haydarovda tajriba katta, bunday bosqichlarda ko‘p bor toblangan.

Mavsumning o‘rtasiga keldik, odatda kuz faslida o‘tadigan uchrashuvlarda ko‘proq kurash va shiddat ko‘zga tashlanadi. Chunki har bir jamoaning o‘z maqsadi bor. Hech kim Superligadan tushib ketishni yoki pastki o‘rinlarni egallashni istamaydi. Shu jihatdan bizni qiziqarli va murosasiz bahslar kutmoqda. Medallar uchun kurashda "Nasaf", "Qo‘qon-1912" kabi jamoalarni ham esdan chiqarmaslik lozim.

Abdulaziz Iskandarov tayyorladi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ikkinchi davrada bizni nimalar kutmoqda? O‘zgarayotgan "Lokomotiv", ochko ulashayotgan AGMK...