08:26 / 16.07.2021
3 703

Yevropadagi ikki legionerimiz transferi rasman e’lon qilindi!


Belarus chempionati oliy ligasida ishtirok etayotgan “Eenrgetik-BGU” jamoasi rasmiy sayti o‘zbekistonlik ikki futbolchi Bobur Abduxoliqov va Shahzod Ubaydullayevning transferini e’lon qildi.

“Nasaf” klubi tarbiyalanuchisi Bobur Abduxoliqov yil boshida Ukrainaning “Rux” jamoasi safiga qo‘shilgan edi. Biroq, ushbu jamoa murabbiylar shtabi o‘zbekistonlik futbolchiga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bermadi. Yoshlar jamoasidagi bir necha o‘yinda yuqori salohiyatini namoyish etgan o‘yinchimiz asosiy tarkibdan chetda qolaverdi.

Bobur Abduxoliqov vaqt yo‘qotmaslik maqsadida ukrainaliklar bilan kelishuvni bekor qildi va “Rux”ni tark etdi. Avvalroq, 24 yoshli futbolchimiz o‘ziga bildirilayotgan takliflarni o‘rganib chiqayotgani va tez orada Yevropa jamoalaridan birini tanlashi haqida ma’lumot bergan edi. Keyinchalik iste’dodli hujumchi Belarus chempionatiga yo‘l olishi xabar qilindi. Endi bu ma’lumot rasman tasdiqlandi.

“Nasaf” jamoasi tarkibida yorqin o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan Bobur Abduxoliqov qarshiliklar safida jami 145 ta uchrashuvda 54 ta gol kiritgan. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida 40 ta o‘yinda raqiblar darvozasini 21 marotaba ishg‘ol qilgan. Milliy terma jamoa tarkibida uchta uchrashuvda maydonga tushgan.
Bundan tashqari, “Energetik-BGU” Belarus chempioni – “Shaxtyor” tarkibidagi hamyurtimiz Shahzod Ubaydullayevni ham ijaraga olganini e’lon qildi.

Ubaydullayev mavsumoldi yig‘inlarida o‘zining mahoratini ko‘rsatib, soligorskliklarning to‘purari bo‘lgandi. Belarus oliy ligasi boshlanishi bilan u tarkibga kiritilmayapti. Hozirgacha Shahzod uchta uchrashuvda qatnashib, bitta golli uzatma berdi.
Shahzod Ubaydullayev ham O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchi hisoblanadi. U mamlakatimiz bosh jamoasi safida uchta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urishga ham muvaffaq bo‘lgan.

“Energetik-BGU”  o‘zbekistonlik futbolchilarga ham, muxlislarga ham begona emas. O‘tgan mavsumda bu jamoada Jasur Yaxshiboyev va Shahboz Umarov to‘p tepgandi. Keyinchalik “Shaxtyor”ga o‘tgan Jasur oxir-oqibat mavsumni chempion sifatida yakunladi. Ayni paytda Yaxshiboyev Polsha chempioni “Legiya” jamoasida o‘z omadini qidirmoqda.

Shahboz Umarov o‘tgan yili “Energetik-BGU”da 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 gol va uchta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Hozir BATE sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz borisovliklarning yetakchilaridan biriga aylangan. Hozircha, Umarov o‘z hisobiga beshta gol va to‘rtta  uzatma yozib qo‘ydi. BATE safida Belarus kubogini qo‘lga kiritdi.

O‘tgan mavsumda “Energetik-BGU”da Humoyunmirzo Iminov ham o‘ynadi. Bu futbolchimiz o‘zi uchun yetarli tajriba to‘plab, hozir “Paxtakor”ning asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi.

Demak, Belarus chempionatida muxlislarimiz yana o‘zlari uchun qadrdon bo‘lib qolgan “Energetik-BGU”ga muxlislik qila boshlaydi. Bu jamoa Abduxoliqov va Ubaydullayevning kuchliroq klublar va chempionatlarga  ko‘chib o‘tishida o‘ziga xos tramplin bo‘lishiga umid qilamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevropadagi ikki legionerimiz transferi rasman e’lon qilindi!