17:00 / 20.08.2021
2 092

Vadim Abramov Katanetsning uslubi, Kuper bilan o‘xshashligi va milliy jamoadagi muammo haqida

Vadim Abramov Katanetsning uslubi, Kuper bilan o‘xshashligi va milliy jamoadagi muammo haqida
Iyun oyida O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylar shtabi iste’foga chiqarilgach, qariyb ikki oy davomida yangi nomzodlarni ko‘rib chiqqan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘tgan haftada sloveniyalik Srechko Katanes milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida ish boshlashi haqida ma’lum qilgandi. Tribuna.uz muxbiri milliy jamoamiz sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan suhbatlashib, sloveniyalik mutaxassis borasidagi fikri, o‘yin uslubi, Kuper bilan o‘xshashliklari va yangi murabbiyga qanday maslahat bera olishi haqida so‘radi.

- Vadim Karlenovich, sizdan keyin milliy jamoani Srechko Katanes boshqarishi ma’lum qilindi. Siz sloveniyalik mutaxassisning jamoalariga qarshi o‘ynagansiz, uning ishi va o‘yin uslubi haqida qanday fikrdasiz?
- Bu murabbiyning avvalgi ishlariga men tomonimdan baho berilishi menimcha noto‘g‘ri bo‘ladi. Men bilgan yagona narsa shuki, Iroq milliy jamoasi Katanes qo‘l ostida himoyadan o‘yin tashkil etardi. Fikrimcha, u bizda ham o‘yinni himoyadan tashkil etadi. Uning avvalgi jamoalaridagi natijalari mendan ko‘ra sizlarga yaxshiroq ma’lum bo‘lsa kerak. Chunki uning Osiyo jamoalaridagi natijasini kuzatganim yo‘q. Uning yagona muvaffaqiyati sifatida qachonlardir Sloveniya milliy jamoasini Yevropa va jahon chempionatiga olib chiqqanini bilaman. Undan keyingi natijalarini kuzatganim yo‘q.

- Har holda Katanes jamoasiga qarshi o‘yinlarni eslasangiz kerak?
- Uning jamoalariga qarshi ikki marta o‘ynaganman. Iroq bilan 2020 yil BAAda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik. O‘shanda nisbatan yoshartirilgan tarkib to‘p surgandi. O‘yinda hisobni ochgan bo‘lsak-da, ikki xatomiz ikkita golga sabab bo‘lib yutqazgandik. Toshkentda ham mart oyidagi o‘yinda (O‘zbekiston – Iroq 0:1) ustunlik qilib, minimal hisobda yutqazgandik. Buni izohlash qiyin. Ikki marta ham yutgan ekan, demak u yaxshi mutaxassis.

- Ushbu bahslarda Katanes jamoasining o‘yinini o‘rgangan bo‘lsangiz kerak. U ko‘proq qaysi jihatlarga e’tibor qaratadi?
- Ha, raqib o‘yinlarini o‘rganganmiz. Uning qo‘l ostida Iroq milliy jamoasi har doim qarshi hujumga tayanib, o‘yinni himoyadan qurgan. Bizga qarshi bahslarda ham qarshi hujumda qochib, gol urishgan. Biz esa o‘z imkoniyatlarimizdan foydalana olmaganmiz. Uning qo‘l ostida ular doim shunday o‘ynashgan. Ehtimol, u qo‘l ostidagi tarkibdan kelib chiqqan holda shunday taktika tanlagandir.

- Milliy jamoamizning sizdan avvalgi murabbiyi Kuper himoyaviy o‘yin ko‘rsatgan va sizdan keyingi murabbiy Katanes ham ko‘proq himoyadan o‘yinni tashkil etgan. Mutaxassis sifatida aytingchi, bu murabbiylarning o‘yin uslubida yana qanday o‘xshashliklar bor, futbolga qarashi nuqtayi nazaridan?
- Ochig‘i, bu haqda biror narsa deyish qiyin. O‘ylaymanki, istalgan murabbiy yangi joyda ish boshlasa, u qo‘l ostida qanday futbolchilar yig‘ilishdan kelib chiqib tizimni va ishni yo‘lga qo‘yadi. U futbolchilarimiz bilan qancha tez tanishsa, shunga qarab o‘yin uslubi, taktikani tanlaydi. Har bir murabbiy futbolga nisbatan o‘z qarashiga ega, uning nimalarni o‘ylayotgani haqida gapirish qiyin, o‘yindan keyin esa gapirish oson. Shu bois kimnidir muhokama qilish mening qoidalarimga zid.

- Karlenovich, muhokama qilishni emas, futbol mutaxassisi sifatida Kuper va Katanetsning ish uslubini, o‘yin falsafasini taqqoslashni so‘rayapman...
- Bu murabbiylarning taktik mashg‘ulotlarida qatnashsam, bu haqda gapirsam bo‘lardi. Avvalgi murabbiyning qanday o‘yin ko‘rsatgani, nimani ko‘zlaganini bilamiz. U qarshi hujumga tayanib, Shomurodov raqiblaridan qochib gol urishiga umid qilardi. Ammo bu faqat ma’lum bir vaqtda, ma’lum bir raqibga qarshi o‘yinda ish berishi mumkin. Uzoq muddat uchun esa bu taktika ish bermaydi. Shu bois sizga darhol aytishim mumkinki, hammasi qo‘l ostingizda qanday o‘yinchilar yig‘ilishiga bog‘liq bo‘ladi. Har qalay men shundan kelib chiqardim. Qanday o‘yinchilar bo‘lsa, ularning kuchli jihatlariga tayangan holda taktika tanlash mumkin.

- Milliy jamoamizda esa darvoza va himoya chizig‘i – noziq nuqtalarimiz...
- Ha, agar yangi murabbiy o‘yinni himoyadan qurmoqchi bo‘lsa va bizdagi muammo darvozabonlar va markaziy himoyachilar ekanligini inobatga olsak, u bu muammoga qanday yechim topa oladi, menga qorong‘u. Ehtimol u boshqacharoq yo‘l topar, bu unga ko‘proq ma’lum.

- Aytalik, yangi murabbiy sizdan milliy jamoa masalasida qandaydir maslahat so‘rasa, tarkib borasida qanday muammolarni aytgan bo‘lardingiz?
- Birinchidan, aminmanki u mendan hech narsani so‘ramaydi. Ikkinchidan, men unga hech qanday maslahat bera olmayman, uning o‘zi barchasini uddalay olishiga ishonaman.

Usmon Ibodov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov Katanetsning uslubi, Kuper bilan o‘xshashligi va milliy jamoadagi muammo haqida