00:30 / 12.02.2022
1 908

Faoliyatini yakunlagan Shavkat Mullajonovdan achchiq haqiqatlar

Faoliyatini yakunlagan Shavkat Mullajonovdan achchiq haqiqatlar
O‘tgan yili pro ligada Farg‘onaning “Neftchi” sharafini himoya qilgan Shavkat Mullajonovni siz o‘quvchilarga ortiqcha tanishtirishning keragi yo‘q. Shundoq ham uni muxlislar yaxshi bilishadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasida munosib o‘yin ko‘rsatgan. Faoliyati davomida ham katta yo‘lni bosib o‘tdi. O‘z vaqtida Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA, Xitoy chempionatlarida o‘ynadi. O‘zimizda esa “Andijon”, “Qizilqum”, “Paxtakor”, AGMK, “Buxoro”, “Lokomotiv”, “Metallurg”, “So‘g‘diyona”, “Neftchi” singari jamoalarda faoliyat olib bordi.

Yaqinda 36 yoshni qarshilagan Mullajonov butsalarini mixga ilishga qaror qildi. U anchadan beri matbuotda ko‘rinish bermayotgandi. Nihoyat, suhbatlashishga ko‘ndirdik. Aytish kerakki, Mullajonov bilan muloqot ancha jonli va achchiq haqiqatlarni o‘z ichiga oldi.

- Eshitishimizga qaraganda, futbolchilik faoliyatingizni yakunlabsiz...
- Ha, shunday. Oxirgi marta pro ligada “Neftchi” tarkibida o‘ynadim. Bundan keyin organizmimni qiynagim kelmadi. Yosh jihatdan ham ulg‘ayib boryapman. O‘sib kelayotgan yoshlarga yo‘l bergim keldi. Faoliyatimni yana davom ettirsam bo‘laverardi. O‘zimni toliqtirib qo‘yishni xohlamadim. Maydonda o‘ynash har xil bo‘ladi. Natija uchun to‘p surish bu boshqa masala. “Nagruzkalar”ga ozgina qiynalishni boshladim. Futbolchilik faoliyatimni ertaroq tugatish rejam bor edi. Farg‘onadan tushgan taklifga rozi bo‘lib, yana bir yil o‘ynadim.

- Faoliyatingiz o‘zingiz istagan darajada yorqin chiqdi, deb ayta olasizmi? Yoki nimadir armon bo‘lib qoldimi?
- Bosib o‘tgan faoliyatimdan ko‘nglim to‘ldi. Chetda o‘ynadim, milliy terma jamoada to‘p surdim. Faqat bitta armon – jahon chempionatiga chiqmaganimizni aytaman. Bundan boshqa armon yo‘q. Futbolchida nimaiki istaklar bo‘lsa, shularning barchasini bosib o‘tdim.

- Jahon chempionati armon bo‘lib qolgani nafaqat siz bilan balki, Odil Ahmedov, Server Jeparov, Timur Kapadze, Mirjalol Qosimov, Maksim Shatskix va boshqa yulduzlarimiz bilan ham yuz berdi...
- Ha, hech kim ko‘rmadi.

- Aytmoqchimanki, terma jamoamizning sobiq o‘yinchisi sifatida hozirgi bosh jamoamiz haqida fikringiz qanday?
- Hozir “krizis” paytida. Natija bo‘lmaganidan keyin bu inqiroz degani. Terma jamoamiz hali mundial ikkinchi saralashida qolib ketmagandi. “Krizis”dan chiqib ketish uchun to‘g‘ri yo‘lda harakat qilish talab etiladi. Agar shundan chiqib ketsak, bizda yaxshi avlod bor. O‘shalar tortib ketadi, degan umiddaman.

- O‘sha armon yana qancha davom etarkin-a?!
- Mendan oldingilar ham ayta olmagan, men ham ayta olmasam kerak. Ayniqsa, hozirgi paytdagi holatimizdan kelib chiqsak, bu qachongacha davom etishini bilmayman. Pastdagilar bizdan o‘tib ketishgan. O‘ynagan paytlarimizda bizdan pastda yurgan jamoalar hozir ancha oldinda.

- Katanetsga qanchalik ishonyapsiz?
- Gap murabbiyga ishonish yoki ishonmaslikda emas, hammasi birgina uning o‘ziga bog‘liq emas. Futbolni ortidan turgan odamlarga ham ko‘p narsa bog‘liq. Futbolda mayda-chuyda ishlar bo‘lmaydi. Klub boshqa narsa, terma jamoada esa, hamma – federatsiya, butun O‘zbekiston harakat qilishi kerak, natija uchun. Agar hammasi murabbiyni o‘ziga bog‘liq bo‘lganida, shu paytgacha nechtasi ishlab ketdi?! U holda biz allaqachon jahon chempionatiga chiqqan bo‘lardik. Shuning uchun futboldan tashqaridagi ishlar ham yaxshi yo‘lga qo‘yilishi kerak.

- Terma jamoamiz bilan “Osiyo Kubogi-2011” musobaqasida ishtirok etgansiz va haligacha o‘sha natija ko‘z-ko‘z qilinadi. Bu borada ikki xil qarashlar bor: birinchisi, u paytda terma jamoadagi futbolchilarning o‘zini ko‘rsatishi uchun ishtiyoqi baland bo‘lib, o‘z kuchi bilan erishishgan deyishsa, ikkinchisi, bu murabbiyning tajribasi bilan bog‘liq, deb gapirishadi. O‘sha tarkibda o‘ynagan futbolchi sifatida ayting-chi, qaysi biri to‘g‘ri?
- Undan oldin ko‘pchiligimiz olimpiya terma jamoamizda o‘ynaganmiz. O‘shanda bizni yoshdagilar – 1985-86 yillarda tug‘ilganlar tarkibda ko‘proq edi. Himoyada, Sahob Jo‘rayev, men, Anzur Ismoilov, Vitaliy Denisov va Odil Ahmedov. Kattalardan u paytda Timur Kapadze, Server Jeparov, Ulug‘bek Baqoyev, Maksim Shatskix va Viktor Karpenko edi. Lekin o‘shanda bularning yoshi u qadar katta ham emasdi. Darvozada esa Nesterov edi. Ular bizga yo‘l ko‘rsatishardi. U paytda 23-24 yosh atrofida edik. Osiyo Kubogi – bu reklama qiladigan musobaqa. O‘zimizda ishtiyoq kuchli bo‘lgan.

Adashmasam, o‘sha terma jamoada Shatskix, Jeparov va Hasanov legioner edi, menimcha shular. Shundan so‘ng, tarkibdan 70 foiz futbolchi xorijga ketgan. Kuchga to‘lgan edik va yigitlar bilan bir-birimizni yaxshi tushunardik. O‘zimizni chetga reklama qilish istagi bo‘lgan. Buning uchun esa siz yaxshi o‘ynashingiz kerak. Yaxshi o‘ynasangiz bu o‘z-o‘zidan terma jamoa uchun ham foyda edi. Pul muhim bo‘lmagan. Siz zo‘rligingizni ko‘rsatsangiz shubhasiz skautlar kuzatishadi. Natija bo‘ldi. Osiyoda Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya bilan bir qatordamizmi, bo‘ldi, har qanaqasiga sizni olishadi. Nimaga o‘sha paytda ko‘pchiligimiz legionerga aylanganmiz? Osiyo Kubogida 4-o‘rinni olganimizdan keyin bizga ko‘proq chetdan klublar taklif bilan chiqishgan. Hozir nimaga kam? Ular futbolchilarni terma jamoadagi o‘yini va natijalariga ham qarashadi. Terma jamoamiz bu safar ikkinchi bosqichda qolib ketdimi, agentlar, skautlar pastga qarashmaydi. Ular asosiy guruhdagi jamoalarni kuzatishyapti.

- Demak, o‘sha Osiyo Kubogidagi natijada Abramovning roli u qadar sezilmaganmi?
- Men bunday demagan bo‘lardim. Shunchaki, hammaning hissasi bo‘lgan. Futbolimiz rahbarlari, bizga yaratilgan sharoitlar...Agar barchasi bitta murabbiygagina bog‘liq bo‘lganida allaqachon jahon chempionatiga chiqqan bo‘lardik. Qaytaraman, birgina murabbiyga bog‘liq emas. O‘sha paytda ichki chempionatimiz ham qanaqadir qiziqarliroq edi. Milliy birinchilikda raqobat, intriga kuchli bo‘lsa, futbolchi o‘sib chiqaveradi. Hozirgi chempionatimizni ko‘rib turibsizlar?! Oldin “Bunyodkor” va “Paxtakor” ishtirokida qanaqa o‘yinlar bo‘lardi?

- Ha, intriga kuchli edi..
- Intriga kuchli bo‘lganidan keyin raqobat ham kuchli bo‘ladi va yaxshi-yaxshi futbolchilar chiqadi. Hozir birinchiligimiz tuzuk bo‘lgani bilan Osiyoga chiqqanimizda Saudiya, Iordaniya, Suriya kabilar bizdan o‘tib ketishdi.

- Bugungi Superligamizning holatini qanday baholagan bo‘lardingiz? Muammolar nimada, saviya ancha pastmi?
- Ancha deb o‘ylamayman. Mana, terma jamoa haqida gapiryapmiz-a, uning bosh murabbiyi uchun o‘yinchilarni tanlab olish imkoniyati past. Masalan, himoyachi olaman desa chempionatda raqobat yo‘q. Biz o‘ynagan paytlarda terma jamoaning har yig‘iniga turli xil o‘yinchilar kelardi. Misol uchun beshtadan hujumchi chaqirilardi. Himoyachilar esa almashib turardi. Hozir esa tanlov bitta bo‘lib qolgan xolos. Nimagaki, raqobat yo‘q. Raqobat bo‘lishi uchun chempionatda jiddiy kurashlar va shunga yarasha o‘sish bo‘lishi kerak. Bularning barchasi mening shaxsiy fikrlarim.

- Raqobat yo‘qligi nima bilan bog‘liq? Futbolchilar o‘z ustida ishlamay qo‘yishdimi yoki murabbiylarning malakasi yetmay qolyaptimi?
- Bunday deb o‘ylamayman. Har bir terma jamoada avlodlar almashinuvi yuz beradi. Bu narsa Eronda ham, Koreyada ham bo‘lgan. BAAda ham o‘z vaqtida zo‘r avlod chiqqan. Keyin ularda ham almashish bo‘ldi. Ayniqsa, ularning 1989 yilda tug‘ilgan futbolchilari zo‘r chiqqan. Aslida terma jamoalarda inqirozli davr bo‘lib turadi. Masalan, Eronda ham bo‘lgan va o‘shanda KXDR jahon chempionatiga yo‘l olgan. Endi esa eronliklarni ham, koreyslarni ham darajasini ko‘rib turibsiz. Lekin Koreya va Yaponiyada avlodlar almashinuvi unchalik sezilmaydi ham.

- Chunki ularda tizim boshqacha-da...
- Ushbu termalardagi tizim 2002 yilda qo‘yilgan va yaxshi ishlab kelayotgani ularni natijalaridan ham ko‘rinib turibdi.

- O‘zimizning bugungi kundagi futbolchilarimiz haqida nima deysiz?
- Yaxshi, yomon emas. Ammo ular o‘zimizning ichimizda yaxshi bo‘lishi mumkin, lekin chetga chiqqanda-chi? Maqsad terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqish-ku. O‘zimizda zo‘r deyaveramiz, ammo tashqarida kuchimiz yetmayotganidan keyin men baho bera olmayman. Xorijdan murabbiy olib kelishdi, ko‘ramiz, nima bo‘larkin. Vaqt kerak. Biz faqat chetdan ko‘rishimiz mumkin xolos. Jamoa ichida emasmiz va ichki muhitni bilmaymiz. Saviyamiz esa hozircha shu ekan. Orqaga ketganimizni terma jamoaning natijasi ham ko‘rsatib berdi-ku.

- Sizga chetdan yana qanday takliflar bo‘lgan? Masalan, qaysidir chaqiruvni qabul qilmaganingizdan afsuslanib qolganmisiz?
- Bizga taklif bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqmaydi. Avvalo agentga aloqaga chiqishadi, keyin agent bizga aytadi. To‘g‘risini aytish kerak, xohlasak ham, xohlamasak ham bu vaziyatda hammasi pulga borib taqaladi. Qaysi taklifda daromad ko‘proq bo‘lsa, o‘shani tanlaysiz. Menga chiqqan takliflarga rozi bo‘lganman. Balki boshqa chaqiruvlar ham bo‘lgandir, ammo menga ko‘p pul taklif qilishayotganini aytishardi. Baribir siz yaxshi daromadiga borasiz-da. Agar kam pulga bo‘lsa ham Yevropadan taklif chiqsa, bu boshqa gap. Yevropada “karera”ni o‘ylaysiz. Osiyoda o‘ynashdan maqsad esa pul ishlash. Arabga nima uchun borasiz? Faqat mablag‘ ishlab topgani boriladi. Axir arab chempionatlarida qanday o‘sasiz va qayergacha?

- Terma jamoamiz yetakchilari – Otabek Shukurov, Jaloliddin Masharipov, shuningdek, Aziz G‘aniyev kabilar arab chempionatlarida to‘p surishyapti....
- Faoliyati yaxshi, o‘ynashyapti, o‘zlarini ko‘rsatishyapti.

- Yuqoridagi gaplaringizdan kelib chiqsak, ular u yerlarda o‘sishyaptimi?
- Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Kimnidir ko‘ziga yoqib qolsa, sizni Yevropaga olib ketishi mumkin.

- Masharipov o‘z potensiali bilan bemalol Yevropada to‘p surishi mumkin edi. Ammo u BAA va Saudiya chempionatlarida o‘ynab yuribdi. Uning qarori siz uchun kutilgan holatmidi?
- Jalol o‘zimizda yutadiganini yutib bo‘lgandi. Yevropada unaqa katta pul bermaydi. U yerda o‘ynash uchun masalan, shu yerdan sizni birdaniga “Roma”ga olib ketishmaydi. Shomurodovning bosib o‘tgan yo‘li yaqqol misol bo‘la oladi. Yevropaning pastroq klubida ozgina pulga o‘ynagandan ko‘ra, Saudiya varianti ham yaxshi. Chunki Osiyoda eng kuchli chempionatlardan biri. Yaponiya, Koreya, Saudiya Arabistoni...O‘zingiz ham ko‘rsangiz bo‘ladi, Osiyo Chempionlar ligasi finalida asosan shu uchala mamlakat klublari o‘ynashyapti va yutishyapti. Shu bois Jalol ham Osiyodagi kuchli chempionatga bordi. Futbolchining ichidagi holatni ham bilish kerak. Balki uning maqsadi Osiyo Chempionlar ligasini yutishdir. Buning uchun imkoniyat bor. O‘zim ham o‘ynaganim uchun buni yaxshi bilaman.

- Endi keyingi rejangiz qanday?
- Litsenziyaga o‘qiyapman. Shundan keyin kallani bir joyga qo‘yib, o‘ylab ko‘ramiz.

- Demak, murabbiy sifatida ko‘ramizmi?
- Murabbiy bo‘laman yoki biror joyda ishlayman deb aniq gap aytolmayman. Hozircha “V” litsenziyasiga o‘qiyapman, qolganini vaqt ko‘rsatadi. Ertaga nima bo‘lishini men bilmayman. Futboldan chetda biroz dam olib yuribman.

- Sizni futboldan tashqari ham qo‘shimcha biznesingiz borligi haqida eshitib turardim...
- Qora qozonimiz qaynab turibdi (kuladi). Xudoga shukr, qancha rizq bergan bo‘lsa, shuni topyapmiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Faoliyatini yakunlagan Shavkat Mullajonovdan achchiq haqiqatlar