
Bugun Elit Osiyo Chempionlar Ligasining (OCHL) 5-turi doirasida Qarshining «Nasaf» klubi o‘z maydonida Eronning «Traktor» jamoasini qabul qilib, 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yindan keyingi an’anaviy matbuot anjumanida «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ishtirok etib, jamoaning og‘ir holati haqida ochiq gapirdi.
"Hujumda yengillik yetishmadi"
Murabbiy o‘yin haqida fikr bildirar ekan, himoyadagi o‘yin muvaffaqiyatli bo‘lmagani va bu raqibga asqotganini ta’kidladi. "Hujumda ham ishimiz o‘xshamadi. «Traktor» tartibli himoyalandi, buni bilardik. Jamoamizda nimalar bo‘layotganini juda yaxshi bilaman. To‘g‘risi, juda qiyin kunlarni boshdan kechiryapmiz va hozirgi kunda o‘yinimizni bundan ortiq kuchaytira olmaymiz," — deya afsus bilan so‘zladi Berdiyev. U hujumda qandaydir yengillik yetishmayotganini alohida qayd etdi.
Murabbiy so‘ralgan uch nafar futbolchining yo‘qligi sabablarini tushuntirdi: Zafarmurod Abdirahmatov sariq kartochkalar tufayli o‘ynay olmadi, jarohat olgan Murod Rahmatov Akmal Mozgovoy o‘rnida ko‘rilgan muhim yo‘qotishga aylandi, Oybek Bozorov esa ko‘payib ketgan jarohatlar tufayli qaydnomaga kiritilmadi.
"Mas’uliyat avvalo o‘zimda"
Berdiyev 5 ta o‘yinda 14 ta gol o‘tkazib yuborish bo‘yicha savolga javoban: "Ko‘p xato qildik deb o‘ylayman. Bironta o‘yin yo‘qki, xatosiz o‘tkazgan bo‘lsak. Mag‘lubiyat uchun futbolchilarni ayblamoqchi emasman, birinchi javobgar shaxs avvalo o‘zimman," — deb, butun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
«Nasaf» har doim eng yuqori maqsad bilan qatnashishini ta’kidlab, hozirgi holatni izohladi: "Hozir chempionlikdan boshqasi «Nasaf» uchun salbiy ko‘rsatkichga aylandi... Afsuski, Elit OCHLdagi ishtirokimiz yaxshi bo‘lmadi. Hatto Superligada chempionlikni saqlab qolishimiz kerak edi, lekin uni ham qo‘ldan chiqardik." U klub darajasi oshgani bois, hozirgi holati yomon bo‘lib ko‘rinayotganini tan oldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.