
AQSHning Nyu-York shahrida shartsiz bazaviy daromad (BD) tizimini sinovdan o‘tkazishga qaratilgan yangi tajriba loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Dasturda shaharning 160 nafar kam daromadli fuqarosi ishtirok etadi va ularning har biri Coinbase tomonidan chiqarilgan USDC steyblkoinida 12 ming dollardan oladi. Bu tashabbus ijtimoiy yordam va yuqori texnologiyalar kesishmasidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
To‘lov shartlari va maqsadlar
Umumiy to‘lov har bir ishtirokchi uchun 12 ming AQSH dollarini tashkil etadi. To‘lov valyutasi — AQSH dollariga mustahkamlangan barqaror kriptovalyuta hisoblangan USDC. Mablag‘lar ikki bosqichda yetkaziladi: dastlab bir martalik yirik summa, so‘ngra esa oylik to‘lovlar. Eng muhimi, ishtirokchilar o‘z mablag‘larini bemalol foydalanishi mumkin: saqlash, sarflash, yoki naqd pulga aylantirish.
Dasturni GiveDirectly xayriya tashkiloti tashkil etmoqda, moliyalashtirish qisman yirik kriptovalyuta kompaniyasi Coinbase tomonidan ta’minlanmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — raqamli aktivlardan ijtimoiy to‘lovlar uchun qanchalik samarali foydalanish mumkinligini hamda ular kam ta’minlangan oilalarning moliyaviy barqarorligiga qay darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini baholashdan iborat.
Tashabbuskorlar BD hayot sifatini yaxshilashini, steyblkoinning davlat va xususiy ijtimoiy dasturlarda ommaviy qo‘llanilishi mumkinligini, ayniqsa, bank xizmatlaridan foydalana olmaydiganlar uchun USDC qanchalik qulay ekanligini tushunishni xohlashadi. Agar muvaffaqiyatli bo‘lsa, loyiha raqamli valyutalar tezroq va shaffofroq to‘lov usuli sifatida ishlatiladigan kelajakdagi BD dasturlari uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.