09:50 / 27.03.2021
2 049

O‘zbekistonda elektron tijorat o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turiga qo‘shiladi

O‘zbekistonda elektron tijorat o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turiga qo‘shiladi
O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxslarga elektron tijoratni amalga oshirish huquqi berilishi mumkin. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Prezidentning «Elektron tijorat ma’muriyatchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Ishlab chiqilgan loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, 7 martda yakunlangan.

Davlat soliq qo‘mitasi aholi va tadbirkorlardan kelib tushgan takliflarni tahlil qilib, jamoatchilik takliflarida elektron tijoratni amalga oshirish tartibini sezilarli darajada soddalashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Tahliliy ishlar natijasida loyihaga bir qator o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritilgan.

Xususan, elektron tijoratni amalga oshirish tartibini erkinlashtirish va aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va natijada aholini ish bilan ta’minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi ishlab chiqilgan loyihaga o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxslarga elektron tijoratni amalga oshirish huquqini berish normasini kiritishga qaror qilgan. Bu kabi normalar elektron tijorat segmentini «oqartirish»da mutlaqo yangi imkoniyatlarni yaratadi, chunki hozirgi kunda o‘zini o‘zi band qilganlar uchun bir qator soliq imtiyozlari va yengilliklar berilgan.

Qayd etilishicha, faoliyatni ro‘yxatdan o‘tkazish va amalga oshirish jarayonining soddaligi fuqarolarning xarajatlarini kamaytiradi. Chunki o‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va soliqlarni to‘lash maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetda «birgina tugmani bosish» orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Soliq kodeksining 369-moddasiga asosan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadlariga kiritilmaydi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs mehnat stajiga ega bo‘lishi uchun esa bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashi lozim. Loyihada elektron tijoratni rivojlantirishga qaratilgan bir qator boshqa rag‘batlantirish choralari ham nazarda tutilgan, xususan:
  • elektron tijorat bilan shug‘ullanadigan barcha sub’ektlarning aylanmadan olinadigan soliq va foyda solig‘i stavkalari elektron tijoratdan olingan daromad miqdoridan qat’i nazar, 50 foizga pasaytiriladi;
  • tovarlar (xizmatlar) elektron savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga ayrim soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi beriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonda elektron tijorat o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turiga qo‘shiladi