Mansabdor shaxs yetkazgan zararni qoplashga oid yangi qonun: huquqiy mexanizmlar yangilanadi

Senatning 14-yalpi majlisida «Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi va maʼqullandi. Qonunning qabul qilinishi bilan davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha yagona va aniq huquqiy mexanizm joriy etiladi.
Bundan avval, zararni qoplashga oid munosabatlar 10 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan bo‘lsa-da, bir nechta muammolarni keltirgan. Ayniqsa, davlat byudjeti hisobidan to‘lovlarni amalga oshirish tartibi aniq belgilanmagani uchun amaliyotda turli xil qiyinchiliklar yuzaga kelgan.
Qonunga ko‘ra, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan yetkazilgan zararni qoplash uchun yagona huquqiy tartib joriy etilishi belgilab berildi. Agar zarar davlat tomonidan qoplansa, aybdor shaxsdan regress tartibida mablag‘ undirilishi mumkin. Bu davlat xarajatlarini qaytarish va to‘liq qoplash imkonini beradi.
Mazkur jarayonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, aybdor shaxs ishlayotgan davlat organiga talabnoma kiritish huquqiga ega. Qonunning asosiy prinsiplaridan biri inson huquqlari, qonuniylik, shaffoflik va ochiqlikdir. Shu bilan birga, mulkiy zararlarni qoplash uchun maxsus hududiy jamg‘armalar tashkil etilib, ularning manbalari aniq belgilab berilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!