Qozog‘iston Markaziy Osiyoda ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirishni boshladi

Qo‘shni Qozog‘istonning ko‘hna va navoiyxon Turkiston shahrida mintaqamiz uchun mutlaqo yangi va inqilobiy bo‘lgan ekologik loyihaga start berildi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, qardosh davlat sun’iy ravishda yog‘ingarchilik chaqirish texnologiyasini amaliyotga tatbiq etgan Markaziy Osiyodagi birinchi mamlakatga aylandi.
Yuqori martabali mehmonlar ishtirokidagi taqdimot
Ushbu tarixiy tizimning ishga tushirilish marosimi xalqaro miqyosda yuqori darajada tashkil etildi. Tadbirda Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev, BMT Butunjahon meteorologiya tashkiloti rahbari hamda BAA Milliy meteorologiya markazi bosh direktori Abdulloh Ahmad Al-Mandus, shuningdek, Amirliklarning Qozog‘istondagi elchisi Muhammad Said Muhammad Al-Ariqiy va viloyat hokimi Nuralxon Kusherov ishtirok etdi.
Million gektarga yaqin yer ob-havo injiqliklaridan himoyalanadi
Yangi loyiha Turkiston viloyatining 911 ming gektardan ortiq unumdor va haydaladigan maydonlarini suv taqchilligi hamda qahatchilikdan asrashga qaratilgan. Mazkur zamonaviy tizim iqlimni sun’iy o‘zgartirish bo‘yicha dunyoda boy tajribaga ega bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari Milliy meteorologiya markazi bilan yaqin hamkorlikda hayotga tatbiq etilmoqda.
«Qozog‘iston iqlim barqarorligini ta’minlash yo‘lida dadil qadam tashlamoqda. Bunday ulkan tashabbus mintaqamizda birinchi bor kuzatilyapti. Bu biz uchun ilm-fan, xalqaro do‘stlik va raqamli yechimlarga asoslangan yangi iqlim infratuzilmasining debochasidir», — deya ta’kidladi Jaslan Madiyev.
Xalqaro tajriba va xavfsizlik
Jahon tahlillari shuni ko‘rsatadiki, sun’iy ravishda bulutlarga ta’sir ko‘rsatish yo‘li bilan yomg‘ir miqdorini 10 foizdan 20 foizgacha oshirish mumkin. Ayni paytda bu usuldan AQSH, Xitoy, BAA, Fransiya va Saudiya Arabistoni kabi rivojlangan davlatlar unumli foydalanib kelmoqda.
Ko‘pchilikni xavfsizlik masalasi qiziqtirishi tabiiy. Mutaxassislarning tinchlantirishicha, ushbu texnologiya faqatgina mahalliy xususiyatga ega bo‘lib, ta’sir doirasi 5 kilometrdan oshmaydi. U global ob-havoga salbiy ta’sir o‘tkazmaydi. Bulutlarga ishlov berishda xalqaro miqyosda xavfsiz deb tan olingan oddiy tuzli reagentlardan foydalaniladi.
Daromad va hosildorlik oshadi
Mazkur inovatsion yechim qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z vaqtida obihayot bilan ta’minlashga, qurg‘oqchilik keltiradigan millionlab zararlarning oldini olishga xizmat qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaning yillik sof iqtisodiy samarasi naq 35 milliard tengeni tashkil etishi kutilmoqda.
Sizningcha, O‘zbekistonning suv taqchil bo‘lgan hududlarida ham mana shunday sun’iy Yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish vaqti keldimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!