Kuniga bir soat sport bilan shug‘ullanish hayotni qanday o‘zgartiradi?

Inson hayotida salomatlikdan qimmatliroq boylik yo‘q. Bu gap ko‘p aytilgani uchun ba’zan oddiy shiorga o‘xshab qoladi. Ammo yaqinlar orasida og‘ir kasallik sabab yillab yotoqda qolgan insonlarni ko‘rgan odam bu haqiqatni yurakdan his qiladi. Ayniqsa, insult kabi kasallikdan keyin umrining so‘nggi yillarini harakatsiz o‘tkazayotgan insonlarni ko‘rish har qanday kishini o‘ylantiradi. Xudo barcha bemorlarga shifo bersin.
Kichik bir hisob-kitob ham insonni jiddiy xulosa qilishga majbur qiladi. Masalan, 5 yil — bu 43 800 soat degani. Agar inson shu vaqtni kasallik, harakatsizlik va og‘riq bilan o‘tkazsa, bu nafaqat uning o‘zi, balki oilasi, yaqinlari va butun hayoti uchun og‘ir sinov bo‘ladi.
Ko‘plab kasalliklar asosan uchta omil bilan bog‘liq: asabiy zo‘riqish, jismoniy harakat yetishmasligi va noto‘g‘ri ovqatlanish. Qizig‘i shundaki, jismoniy harakatning o‘zi qolgan ikki yo‘nalishga ham ijobiy ta’sir qiladi. Sport asabni tinchlantiradi, kayfiyatni ko‘taradi, uyquni yaxshilaydi va ovqatlanish tartibiga ham ta’sir qiladi. Odam harakat qilsa, tanasi ham, ongi ham tartibga tusha boshlaydi.
Kuniga atigi 1 soat sport qilish ko‘plab og‘ir kasalliklarning oldini olishda katta yordam berishi mumkin. Bu sport deganda albatta og‘ir mashqlar yoki professional tayyorgarlik nazarda tutilmaydi. Oddiy yurish, yengil yugurish, tennis, futbol, sport zal yoki uy sharoitidagi mashqlar ham yetarli. Asosiysi — muntazamlik.
Hisobga qaraylik: har kuni 1 soat sport 40 yilda 14 600 soatni tashkil qiladi. Agar buni yuqoridagi 43 800 soat bilan taqqoslasak, farq 3 barobar. Ya’ni har kuni ajratilgan 1 soat harakat kelajakda sizga uch barobar ko‘proq vaqtni sifatli hayot sifatida qaytarishi mumkin. Bu faqat vaqt nuqtayi nazaridan qilingan oddiy hisob. Aslida esa sport insonga kuch, ishonch, yengillik va hayot zavqini ham beradi.
Moliyaviy tomoni ham bor. Ba’zi insonlar oyiga 300 dollargacha dori-darmonga sarflashga majbur bo‘ladi. 5 yilda bu 18 ming dollar degani. Bu juda katta mablag‘. Shu bilan birga, yaxshi yurish yoki yugurish uchun mo‘ljallangan oyoq kiyim taxminan 100–150 dollar turadi va 1,5–2 yil xizmat qiladi. Bu oyiga taxminan 100 ming so‘m atrofida xarajat degani. Oddiy qilib aytganda, uzog‘i ikki marta tushlik puli.
Shuning uchun sportni qimmat deb o‘ylash unchalik to‘g‘ri emas. Qimmati — harakatsizlik. Qimmati — kasallik. Qimmati — kech qolingan qaror. Sport esa aksincha, eng arzon va eng samarali sarmoyalardan biri. Bu sarmoya bankda emas, tanangizda, ruhingizda va kelajagingizda foiz beradi.
Har kim o‘ziga qulay yo‘lni tanlashi mumkin. Kimgadir ertalabki yurish yoqadi, kimdir kechqurun yuguradi, boshqa birov futbol o‘ynaydi yoki sport zalga boradi. Muhimi — harakat boshlansin. Birinchi kun 10 daqiqa bo‘lsa ham mayli. Keyin 20 daqiqa, keyin 30 daqiqa. Tanangiz “rahmat”ni darrov aytadi.
Qisqasi, kuniga 1 soat va taxminan 3 300 so‘mlik harakat — sifatli hayot uchun juda kichik, ammo juda kuchli sarmoya. Bugungi yurish ertangi dori-darmondan yaxshiroq. Bugungi ter ertangi pushaymondan yengilroq. Hayotni uzaytirish qo‘limizda bo‘lmasligi mumkin, lekin uni sifatliroq qilish — ko‘p jihatdan o‘z qo‘limizda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!