date

Shavkat Mirziyoyev visited the Imam Bukhari complex (photo)

Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Samarqand shahriga amaliy tashrif bilan keldi. Davlat rahbari tashrif dasturi doirasida avvalo muqaddas maskan — Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi.

Prezident matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, buyuk muhaddis bobomiz maqbarasida Qurʼon tilovat qilinib, duolar oʻqildi. Bu muqaddas qadamjo soʻnggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan keng koʻlamda qayta barpo etildi. Majmua Imom Buxoriyning islom dunyosidagi yuksak oʻrni va boy maʼnaviy merosiga munosib tarzda zamonaviy qiyofa kasb etdi.

Yangi bunyodkorlik ishlari natijasida ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Xususan, Ramazon hayiti arafasida majmua yanada keng koʻlamda ochilib, ushbu qutlug‘ maskanda 60 mingdan ortiq yurtdoshlar va xorijiy mehmonlar hayit namozini ado etdi.

Ilgari bir kunda 12 ming nafar ziyoratchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan majmua bugungi kunda 65 ming kishini qabul qila oladigan darajaga yetkazildi. Qayd etilishicha, majmua qayta ochilganidan soʻng bir oy ichida uni 1 milliondan ortiq mahalliy va xorijiy ziyoratchilar ziyorat qildi.

Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev majmuaga keluvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ibodatlarni bemalol ado etishi va Imom Buxoriy merosi bilan yaqindan tanishishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish boʻyicha qator koʻrsatmalar berdi.

Shuningdek, davlat rahbari avtotransportda keluvchilar uchun toʻxtash joylarini kengaytirish, sayr hududlarini yanada obod qilish, dam olish uchun tabiiy va qulay muhit yaratish zarurligini taʼkidladi. Bu yoʻnalishdagi ishlar muntazam tahlil qilinib, har olti oyda majmuadagi sharoitlar oʻrganilib, qoʻshimcha choralar belgilanishi lozimligi qayd etildi.

Bundan tashqari, yurtimiz boʻylab imom-xatiblarni ushbu majmuaga jalb qilib, ularning malakasini oshirish muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Prezident ziyorat madaniyatini rivojlantirish, muqaddas qadamjolar va mozorlarni obod saqlash boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish zarurligini alohida taʼkidladi. Uning fikricha, bunday maskanlarda munosib sharoit yaratish, oʻtganlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirish yosh avlodning maʼnaviy kamoloti va oʻzligini anglashida muhim ahamiyatga ega.

Ctrl
Enter
Found a mistake?
Select the phrase and press Ctrl+Enter
Information
Users of Guest are not allowed to comment this publication.
News » Uzbekistan » Shavkat Mirziyoyev visited the Imam Bukhari complex (photo)