13:02 / 18.04.2018
9 266

Mashina bozorida bir kun

Mashina bozorida bir kun
Oz-moz qalam tebratishdan xabari bor odam, qayerga borsa, qaytib kelgach borgan joyidagi taassurotlarini qayd qilib qo‘ymasa ko‘ngli tinchmaydi. Boshqalarda balki undaymasdir, lekin menda shunday, qiziq xolatga duch kelsam, imkon bo‘ldi deguncha o‘tmasroq qalamimni, majburlab bosib bo‘lsa ham, oq qog‘ozni amallab qoraytirib qo‘yaman.

Bu galgi, qog‘oz qoraytirish mashqi, mashina bozoriga taalluqli.

Bugun Qo‘qon mashina bozoriga bordim. Maqsad, mashinamni oz-moz randalab, o‘zini ixchamlashtirib, undan chiqqan qirindisini do‘kon aylanma mablag‘iga yo‘naltirmoqchi edim. Odatda mashina bozoriga boravermayman. Oxirgi marta qachon borganimni ham eslolmayman. Oladigan mashinamni tanish mashinafurushdan olib, sotadiganimni ham uning o‘ziga bera qolaman. Bu gal bir yangilik qilay dedimda.

Xar bir mashina sotadigan, bozorga kiraverishda 22000 so‘mlik dovondan oshib o‘tishi kerak ekan. Balki, narx-navoni mashina turiga qarab belgilashar, ochig‘i qiziqmadim, lekin shuncha pul to‘laganimga achindim. Bomdoddan keyin yo‘lga chiqib, xali tong otmasidan burun Bozorga kirib borgan bo‘lsamda, mashina qo‘yish uchun joy topish bir muncha muammo bo‘ldi. Birinchi qatorlar mashinafurushlardan ortsa boshqalarga tegarkan. Ularni mashinalari yo shu yerda qolarkan yoki bir ikki kun avvaldan olib kelib qo‘yilarkan. Qisqasi, birinchi qator liq to‘la, ikkinchi qatordan joy qidirdim. Ikkinchi qatorda mashina rusumlari aralash bo‘lib ketibdi. Eskisi, yangisi, Neksiya ham, Kobalt ham, yangi chiqqan Neksiya 3 mi, Jentrami farqi yo‘q, joy topilganiga shukr qilib joylayapti. Bir amallab, men ham joy topdim va o‘sha yerga joyladim.

Oq shim, oq do‘ppi, oq yaktak kiygan, bejirim soqolli amaki keldi. Xozirgina bomdod namozini o‘qib, to‘g‘ri kelgandek, tuyildi menga.

O‘g‘lim, mashina nechinchi yil, qancha yurgan, kraskasi bormi, o‘zingizni nomingizdami? - bir zumda savollarni qalashtirib tashladi.

Birin-ketin javob berib chiqdim. Narxini so‘radi. Aytdim.

- Qimmat-u! - dedi, qoshlarini chimirib.
- O‘n minglarga (10000$) yuradimi? - dedi, keyin past ovozda.
- Bo‘lmaydi amaki, -dedim men.
- Ha mayli, unda - deb, boshqa mashinalar tomon ravona bo‘ldilar.

Tong yorishdi, birin-ketin xaridorlar kela boshladi. Lekin, biznikini so‘raydigan yo‘q. Xaridorlar asosan, er-xotin, aka-uka, tog‘a-jiyan, ko‘pchiliklashib kelarkan. Eng asosiysi, yonida oy boltasi bilan, uzr ustasi bilan kelarkan. Ustadan tashqari, mashina oldi-sotdisi bilan shug‘illanadigan tanish mashinafurushiyam bo‘larkan.

Mashina oluvchilar biror mashinani ma’qul qilishgach, keyin ustaga navbat tegarkan, usta mashinani avra-astarini og‘darib tekshirib chiqarkan. Ehhe, zavodda qaysi usta qaysi gaykani qotirganini so‘rashmasakan xolos. Keyin mashinafurush tanishiga navbat. Mashinafurush ham obdon tekshirib bo‘lib, Lasettini Neksiyani narxida, Neksiyani Matizni narxida so‘rab qo‘yarkan. "Bo‘lsa besh, bo‘lmasa o‘n besh" deydi shekillida. Sotuvchi ko‘nmagach, xaridorni qulog‘iga bir nimalarni pichirlab boshqasiga o‘tib ketarkan. Aslida hamma gap mashinafurushda ekan. Boshqalarnikini ko‘rsatib-ko‘rsatib, baribir o‘ziga aloqador bo‘lgan tanishini mashinasi tomon yetaklarkan.

Bozordagi jarayonga qiziqib, o‘zimnikini ham esdan chiqardim. Xaridor ham yo‘qda baribir. Kattalarni ta’biri bilan aytganda, "Baxor ayni ichak uzildi vaqt" ekanligidanmi bozorda xaridorni o‘zi yo‘q xisobi. Tong saharda mulla amaki so‘ragancha, boshqasi yopishib qiziqmadi ham. Bekorchilik. Yana bozorni kuzatishda davom etdim. Yonginamda, olinganiga xali ko‘p bo‘lmagan Ravon brendi bilan chiqayotan Jentra mashinasi turgandi. Egasi ham yoshgina yigit. Oliftagina. Mashinasiga qadab olgan davlat raqamidan, ko‘p ham mashinani peshona teri qilib olmagani sezilib turibdi. Davlat raqami uchta 7 likda axir. Bir payt, oq do‘ppi, oq yaktakli, boyagi mulla amaki paydo bo‘ldilar-u. Mashinani aylanib ko‘rdilar, miridan-sirigacha tekshirib chiqdilar.

Yonginamda bo‘lgani uchun kuzatib turibman.

O‘g‘lim mashinaga qancha so‘rayapsan?

- 12000$ amaki.
- Ha yaxshi bolam. Meni ham senga o‘xshagan bir nevaram bor, qachondan beri opoqi shunaqa mashina olib bering deydi, shunga seniki ma’qul kelib turibdi-da. Xo‘sh moshinang menga ma’qul, 10500 bersam, berasanmi?
- E yo‘g‘ e amaki, o‘zi salondan olganimga endigina uch oy bo‘ldi, 104 mln to‘laganman, bundan tashqari yana3-4 mln.lik chiqim xam qilganman, 15000 km.ga yaqin yurgan bo‘lsa, siz 80 mln so‘rayapsizku amaki.
- Ha endi, so‘radimda o‘g‘lim.

Bir mahal nariroqda olifta kiyingan, ko‘zda qora ochki, qo‘lida quyoshdan pana qiluvchi soyabon ushlab olgan yigit ko‘rindi. Hamma tanir ekan uni, ko‘rgani salomlashyapti. Bozorni xo‘jayinimi desam, xali yosh, o‘g‘li bo‘lsa kerak degan taxmin qildim. Mulla amakini ko‘rib qoldi shekilli, biz tomon yaqinlashdi.

Iye, xoji dada assalom alaykum!

- Vaalaykum Shunqorjon qalaysan, dadang yaxshimi?
- Yaxshi raxmat, nima gap opoqi?
- Shu mashinani ma’qul qilib turibman, puliga sal kelishmay turibmizda.
- Shunaqami, qani bu yoqqa o‘tiringlarchi, kelishtiramizda, - dedi-da, mulla amaki bilan mashina egasini mashina ichiga taklif qildi. Mashina ichida nima gap bo‘ldi bilmayman-u, lekin mulla amaki mashinadan xursand bo‘lib tushdilar.
Tashqarida men kabi qiziqib kuzatib turganlardan biri:
- Amaki nima bo‘ldi? - so‘rab qoldi.
- Bo‘ldi oldik.
- Qanchaga o‘tdi?
- Ozgina oshib qoldida, 11100 ga baraka qildik.
- Ha yaxshi buyursin!
- Raxmat, raxmat!

To‘g‘risi xavas qildim amakiga, juda yaxshi narxga oldilar. So‘mga bichsa 90 mln atrofida bo‘larkanda axir. Sotuvchi mashinaga tegishli bo‘lgan qimmatbaxo davlat raqamini yechib oldida, 100$ zakolat pulini olib bozordan chiqib ketdi. Ortidan amaki ham chiqib ketsalar deb turgandim, mashinani balonlarini nariroqda yurgan bolalarga arttirishga tushdi-yu.

Ko‘p o‘tmay uch-to‘rtta mulla amakiga tanish kishilar keldi. Pichir shuvur qilib, unisi u yog‘ini, bunisi bu yog‘ini ko‘rib, mashinani savdolashib qoldi. Xayronman, axir boya mulla amaki "nevaramga olib bermoqchiman" degandilarda. Soddalik qursinda, men ishonib o‘tiribman. Keyin bilsam mulla amaki mashinafurush ekanlar, tong saharda kelib, mashinalarni ov qilib yurarkan, arzoni chiqsa shartta olarkanda, xuddi o‘zinikidek yuvib tarab yana sotuvga qo‘yarkanlar. Mana olganiga yarim soat ham bo‘lmadi, boshqa mashinafurush o‘sha mashinani 11400$ sotib oldi-ku! Bir zumda 300$ foyda qildilar, ana maxorat, ana ish. Na soliq to‘lanadi va na boshqa chiqim. Xatto kiraverishdagi 22000 so‘mlik chek ham olmadi. Qoyil qolmay iloj yo‘q. "Ikkinchi mashinafurush yutqazdiyov, qimmat oldi-da" deb, qo‘ydim ichimda. Bu orada yana boyagi qora ochki oq kepka, qo‘lida zontik ko‘targan yigit keldi.

Xoji dada, biznikini bervoring! - dedi kelishi bilan.

Mulla amaki ham boyagi 300$ foydadan, 100$ini sekingina xamyonidan chiqarib unga tutdi. Endi bunisiga nima deysiz? Mulla amakining maxoratiga tan berib turgandim, bunisi undanam oshib tushdiku! Keyin bildim, qimmat mashinalar oldi-sotdisida o‘rtada turib ikki tomonni kelishtirib qo‘yadigan dallol ekan bu yigit. Ozgina savdosi pishmay turganlar oldiga yaqinlasharkanda, so‘zga ustaligi bilan chiroyli gaplar gapirib xaridorni ham sotuvchini ham ko‘ndirib qo‘yarkan. Xizmati esa 100$, men ko‘rganim xaridordan olgani, balki sotuvchidan ham olar. Bir bozorda kamida uchta to‘rtta savdoni kelishtirib bersa kerak. Mana xaqiqiy daromad, na peshona teri qiladi va na boshqa.

Yuribmizakanda, "shpaklevkani bir qopidan 500 so‘m qoladi, 1000 qop sotsam 500000 foyda qilamanda" deb, qo‘ydim ichimda. Lekin, bu ish ham oson emasda, eplagan qila oladi, eplolmasa ancha pulga kuyib ham qolishi mumkin.

Ikkinchi voqea: ro‘paramda tanish mashinafurush Neksiya olib chiqibdi bozorga. Yonida ikkita o‘rtog‘i ham bor. "O‘rtoqlar sherik bo‘lib chiqibdi-da" deb qo‘ydim avvaliga. Keyin bilsam ularni ham "ishi" borakan-u. Namanganlik amaki keldilar, mashinani obdon tekshirdi. Oz-moz ko‘ngliga o‘tirdi shekilli, narx qildi. Tanishim "bo‘lmaydi" dedi. 10 daqiqacha savdolashishdi. Kelisha olmadi. Aksiga olib ularni kelishtirib qo‘yadigan dallol yo‘qda. Xaridor nari ketdi. Yarim soatcha o‘tib, yana qaytib keldi, yana tekshirdi.

Oxiri sotuvchini chaqirib:

Uka xali so‘ragan narximga bering! - yana iltimos qildi, ustiga qo‘shmadi ham, qattiq ekan xaridor ham.

Bir mahal boyagi ikki o‘rtoq nariroqdan kelib, xaligi mashinani savdolashib ketti-yu, ana tomoshada. Qolganlar ularni tanimaganiga balki qiziq tuyilmayotgandir, lekin menga juda qiziq bo‘ldi-da.

Sotuvchi tanishimni qo‘lini ushlavogan, "Bering aka shu narxga yomon bo‘lmadi-ku!" deydi, sotuvchi yo‘q deydi. So‘rayotgan narxi xaqiqiy xaridor qilgan narx bilan teng. Xaqiqiy xaridor ham xayron, "oxiri nima bo‘larkan?"

deb, kutib turibdi u ham. Avval 50 qo‘shdi, keyin 100, sotuvchi bermadi.
- Ha mayli, undan oshig‘ini biz qo‘sha olmaymiz endi, - degancha, sotuvchidan qo‘lini olib, nari ketdi. Yana sotuvchi tanishim xaqiqiy xaridor bilan qoldi. Bir pas jim turdi-da, xaridor tilga kirib:
- Uka o‘shalar qilgan narxga 50 qo‘shsam bervorasmi? - dedi.
Sotuvchiyam ataydan biroz o‘ylanib turdi-da. Xaridorni qo‘lini ushlab:
- Bor baraka! - qilib yubordi.

Vax mana savdo! Xaridorni laqqa tushirish manabunaqa bo‘libdi. Yasama xaridorlarni naqd 150$ dollorga foydasi tegib ketti-ya!
Bunaqa tomoshalarni kuzatib vaqtni ham tushlikka yaqinlashtirib qo‘yibman.
Bozorlaringni bersin! - dedimda, ortga qaytdim.
Bir kun avval, ko‘chada tanish mashinafurushni uchratib qolib, mashinamni narxini so‘ragandim, narxi ma’qul kelsa sotib ham yuborishimni aytgandim. U esa, bugungi bozordagi narxdan 2-3 million so‘m baland narxga olishini aytgandi. "Qo‘y qo‘tanda pul" degani rost ekanda.

Ha aytgancha, mulla amakidan 11400$ ga sotib olgan mashinafurush, bir soat o‘tmay xaqiqiy xaridorga 11800$ sotib yubordi.
Bir mashina xaqiqiy sotuvchidan, xaqiqiy sotib olib minuvchiga o‘tgunicha bir bozorda 700$ qo‘shilib qoldi. O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda xoziru-nozir mashinafurushu, dallollar orada 700$ li bo‘lib qolishdi.

Mashina bozordan anashunday taassurotlar bilan qaytdimda, o‘zimga tanish o‘tgan kungi mashinafurushga qo‘ng‘iroq qildim...
Iqboljon Yusupov

Manba: Sarzone.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Mashina bozorida bir kun