06:30 / 02.12.2018
3 618

Ko‘rinmas ustunlar

Ko‘rinmas ustunlar
Aqlning chegarasi bor. U insonga berilgan buyuk ne’mat. Ammo, u inson uchun mutlaq bilim, mutlaq haqiqat va hidoyatni kafolatlamaydi. Agar chiroyli foydalanilsa, aql insonni haqiqat tarafga yetaklashi, uning qaysi tarafda ekanligini ko‘rsatishi mumkin. Undan uyog‘iga esa u naqlga murojaat etishi, vahiyga bo‘ysunishi maqsadga muvofiqdir. Aks holda inson turli fikrlar, ma’lumotlar va boshqa minglab omillar qorishuvi natijasida chalkashib, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ib ketadi. Yana, uni hidoyatdan mosivo bo‘lishiga haris bo‘lgan shayton va nafsning havosi ham adashtirishga, tug‘yonga ketkazishga va o‘ziga bino qo‘ydirib, haqdan takabburlik ila yuz burishga undaydi. Oddiy haqiqat. Aqlning o‘zi bilan hamma narsa hal bo‘lganda oddiy kundalik hayotimizda ham hech qanday belgilar, ishoralar, tartib va qoidalarga hojat qolmasdi.

Aql va naql o‘rtasida uyg‘unlik bo‘lmas ekan, ular kishi ongida bir-birini to‘ldirmas ekan, inson adashadi. Adashish ham turli-tuman darajada yuz beradi. Qaysidir masalada adashmasa, boshqasida adashadi va hokazo. Buni bir misol bilan tushuntiramiz.

Tasavvur qilingki, bir mahobatli universitet oldiga keldingiz. Uning hashamat sochib turgan binolari, bog‘lari, bino ichra o‘zaro uyg‘unlikda joylashgan xonalari, auditoriyalari, laboratoriyalari, sport zallari, hovuzlari, eng oxirgi rusumdagi doskalar bilan jihozlangan sinf xonalari sizni lol qoldirdi. Bu holatdan aqlingiz o‘zi uchun o‘nlab haqiqatlarni kashf etadi, xulosalar yasaydi.

Bu manzarani ko‘rib, universitet binosi o‘ta puxta loyihalashtirilgani, tajribali dizaynerlar xizmatidan foydalanilgani, katta mablag‘ sarflangani, shuningdek, universitet idorasi borligi, ular hamma ishlarni puxta o‘ylangan reja asosida yuritishini xulosa qilib olasiz. Ammo, shu bino va manzaralarning o‘zidan rektor kimligini, universitetda aniq nechta talaba o‘qishini, qaysi talaba iqtidorligu, qay biri iqtidorsiz ekanligini, ustozlarning ism-familiyalarini bila olasizmi?! Bu amri mahol.

Bu binolarga nazar solishingiz uning ortida muhandislar, ustalar, ishchilar va dizaynerlar borligiga sizni dalolat qiladi. Ammo, ularning nomlari nima? sonlari nechta? Necha yilda qurib bitkazilgan va hokazo? Bu savollarni bilish uchun universitet va uning tarixi bilan tanishtiradigan bukletga nazar solishingiz ham kerak bo‘ladi. Xuddi, shunga o‘xshab, borliqqa nazar solgan inson aqli orqali, uning albatta bir Xoliqi, Yaratuvchisi borligini his etadi. Ammo, O‘sha yaratuvchining kim ekanligi, qanday sifatlarga ega ekanligi va bandalaridan nimani iroda qilishini bilish uchun naql va vahiyga ham muhtojdir. Bu savollarga javobni u vahiydan oladi.

Inson osmonlarga nazar solib, undagi uyg‘unlik, gigantlik, ulug‘vorlik, cheksizlik, go‘zallik va boshqa aql bovar qilmas manzaralardan hayratga tushganda, kim bu narsalarni bu qadar mo‘’jizaviy shaklda yaratgan ekan, kim osmon va undagi og‘irligi aql olmaydigan darajadagi jismlarni ko‘tarib qo‘ygan, kim bu qadar son-sanoqsiz galaktikalarni yaratib, ularni bir tizimda, simmetriyada, va o‘zaro tortishuv va gravitatsiyada boshqarib, aylantirib turibdi, degan savollarga burkanganda unga javob bo‘lib, Qur’oniy oyatlar keladi:

“Osmonlarni sizlar ko‘rmaydigan ustunlar bilan yaratib qo‘ygan zot bu Allohdir!“ (“Ra’d“ surasi, 2-oyat).

Ushbu oyati karimada ilmiy haqiqatlardan biri aks etgan. U ham bo‘lsa, ko‘zimizga xuddi hech qanday ustunsiz va bir-birini ushlab taradigan vositalarsiz yaratilgandek tuyuladigan bu azim osmonlar va undagi jismlar aslida ularni tutib turadigan omillardan xoli emas, faqat ular ko‘zimizga ko‘rinmaydi, xolos.

Olimlar butun olam va undagi son-sanoqsiz jismlar, yulduzlar, planetalar, galaktikalar va galaktikalar majmualari supergravitatsiya, supersimmetriya, o‘zaro tortishish va o‘zaro bir-biridan itarish kabi ko‘zga ko‘rinmaydigan omillar, kuchlar va qonunlar asosida shunday uyg‘unlikda harakatda davom etishini isbotlaganlar.

Farazan, agar Yer Quyoshning gravitatsiya maydonidan chiqib ketib, ochiq fazo bo‘ylab harakatlanib ketadigan bo‘lsa, uni yana Quyosh atrofiga qaytarish uchun millionlab troslarga muhtoj bo‘lamiz. Ma’lumki, dunyodagi eng metin va mustaxkam tros bu eshilgan po‘latdan yasalgan tros hisoblanadi. Shunday qilib, Yerni yana Quyosh atrofidagi o‘z trayektoriyasiga qaytarmoqchi bo‘lsak, diametri besh metrli po‘lat troslardan millionlarcha balki, milliardlarcha kerak bo‘lardi. Bunday trosning bittasi ikki million tonna yukni ko‘tara oladi. Tasavvur qiling, Yerni Quyoshga bog‘lash uchun shuncha trosni Yerga ekib chiqdik, o‘zimizni hamma narasani to‘sib qo‘yadigan, harakatlanish, binolar qurish, yo‘llar yotqizish va boshqa narsalar halaqit beradigan, hatto quyosh nurini ham to‘sib qo‘yadigan bahaybat arqonlardan iborat juda katta va quyuk o‘rmon oldida ko‘ramiz. Har birining diametri besh metrdan iborat bo‘lgan bunday arqonlarning orasida faqat bittadan arqon sig‘adigan joygina qolgan bo‘ladi. (Bular endi arqon emas, balki, juda yo‘g‘on ustun bo‘ladi). Ha, ko‘z o‘ngimizda nihoyatda quyuk o‘rmon vujudga keladi. Bu bitta Yer planetasining o‘zini Quyosh atrofida ushlab turish uchun kerak bo‘ladigan malzama edi. Allohning hikmati va qudratini qarangki, butun boshli koinotni O‘Zi yaratgan gravitatsiya quvvati ila ana shunday ustunlarsiz, troslarsiz ko‘tarib, yurgizib, harakatlantirib qo‘ydi.

Inson shu paytgacha ilm-fan sohasida qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, u faqat Alloh yaratgan maxluqotlarga nazar solib, ular borasida tafakkur yuritib, va U yaratgan fizik va boshqa qonunlarni kashf qilib, shu darajaga yetib keldi, xolos. Ya’ni, koinotdagi fizik qonunlarni inson ixtiro qilmadi, inson yaratmadi, balki, inson ularni ilg‘ab bormoqda va ularga nom bermoqda, xolos. Insoniyatning ilm-fan va texnika sohasidagi barcha yutuqlari ham Alloh uning vujudiga solib qo‘ygan ilohiy bir tomizg‘i bo‘lmish aqlu ongining quvvati bilan amalga oshmoqda. (Holbuki, shu tomizg‘ini Alloh insonga bermasligi ham mumkin edi yoki boshqa yirtqich hayvonlarga ham berib, hayotimizni do‘zaxga aylantirib qo‘yishi mumkin edi).

Lekin, maishiy hayotdagi qulayliklarni yaratish uchun kifoya qilayotgan aql, fizik qonunlarni ko‘ra bilayotgan aql o‘zicha Xoliqni topib, Uning ismu sifatlarini bilib, Uning irodasini, bandalaridan xohlaydigan narsalarni bilish uchun kifoya qilmaydi. Shu nuqtada u aqlni naql bilan to‘ldirish va uyg‘unlashtirishga muhtoj bo‘ladi. Zero, vahiy bu nurdir. U inson bilan uning Yaratuvchisi o‘rtasida vositachilik vazifasini o‘taydi. Ushbu nur bo‘lmasa, inson Rabbisiga bo‘lgan yo‘lni topolmay qorong‘uliklarda adashib qoladi.

Tasavvur qilaylikki, bir insonning ko‘rish qobiliyati benihoya kuchli. Agar u qop-qorong‘u xonaga kirib qolsa, ko‘zi biron narsani ko‘ra oladimi? Shu vaziyatda uning ko‘zi ojiz kishidan biror farqi bo‘ladimi? Nursiz ko‘rish quvvati eng kuchli bo‘lgan ko‘zning qanday qiymati qoladi? Ko‘z narsalar bilan o‘zi orasida vositachilik qiladigan yorug‘liksiz biror qiymatga ega bo‘lmaganidek, aql ham o‘z oldidagi yo‘lini yorituvchi vahiysiz hech qanday qiymatga ega emas.
Alisher SULTONXO‘JAYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ko‘rinmas ustunlar