19:26 / 27.07.2019
4 423

Britaniyaning yangi bosh vaziri: yevroskeptik, rusparast, xotinboz. U O‘zbekistonda bo‘lgan

Britaniyaning yangi bosh vaziri: yevroskeptik, rusparast, xotinboz. U O‘zbekistonda bo‘lgan
Buyuk Britaniya sobiq tashqi ishlar vaziri, Londonning sobiq meri Boris Jonson konservativ partiyaning yetakchisi etib saylandi. Bu unga bosh vazir lavozimi uchun yo‘l ochdi. Jonson nimasi bilan mashhur va undan nimalar kutsa bo‘ladi? «Daryo» sharhlovchisi Jahongir Ergashev shu haqda fikr yuritadi.

Boris Jonson Buyuk Britaniya konservativ partiyasining yangi rahbari qllib saylandi. U Brexit masalasida parlament bilan qattiq ziddiyatga borib, mamlakat bosh vaziri va konservatorlar partiyasi yetakchisi lavozimlarini tark etgan Tereza Meyning davomchisi bo‘ldi. Jonson hukmron partiyaning rahbari etib saylanishi, barcha ehtimollarga qaraganda, aynan u keyingi bosh vazir bo‘lishini anglatadi.

Foto: Getty Images
Bir yildan ko‘proq vaqt avval Jonson Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishi borasida Mey bilan qarama-qarshiliklari tufayli iste’foga ketgan edi. Qattiq Brexit tarafdori, yevroskeptik Jonson bir necha bor shu kuzdayoq London Bryussel bilan bitimsiz Yevropa Ittifoqini tark etishi mumkin degan edi. Jonson umuman sershovqin, ziddiyatli, ba’zan janjalkash fe’li bilan mashur.

Oksford va Iton bitiruvchisi hamda janjalkash jurnalist
Jonson Nyu-Yorkda tug‘ilgan. Uning ota-onasi inglizlardir, oilada rus va turk ajdodlar ham bo‘lgan (bu haqda Jonsonning o‘zi aytgan). Tug‘ilgan paytida bolaga Aleksander Boris de Pfeffel Jonson nomi qo‘yilgan, lekin keyinchalik uni shunchaki Boris deb chaqira boshlashgan.

Borisning otasi – Stenli Jonson Yevropa Ittifoqi tuzilmalaridan birida mansab olganidan keyin oila Bryusselga ko‘chib kelgan. Borisning uch aka-singlisi bor. Uning singlisi Reychel Sandy Times’ga bergan intervyusida ularning onasirassom Sharlotta Jonson depressiyadan azob chekkani va ko‘pincha ruhiy xastaliklar klinikasida bo‘lganini aytgan. Bolalar oqsoch nazoratida bo‘lgan. Boris ko‘plab mashhur britaniyalik siyosatchilar ta’lim olgan mashhur Iton yopiq kollejida o‘qigan. So‘ngra u Oksfordda arxeologiyani o‘rgangan. U bir necha tillarni, jumladan, fransuz va italyan tillarini biladi.

Times’da jurnalist sifatida ish boshlagan. Tez orada uni yolg‘onchilikda ayblab, ishdan bo‘shatishgan: Boris Oksford tarix professoriga (u cho‘qintirgan otasi ham bo‘lgan) yolg‘on iqtibos nisbat berib, maqola chiqargan.

Foto: PA
Bir necha yildan keyin Boris Jonson Daily Telegraph’ning Bryusseldagi maxsus muxbiri bo‘ldi. Bu vaqtda u ashaddiy yevroskeptik sifatida nom chiqardi. Londonga qaytgach, sharhlovchi bo‘lib ishladi. Uni tez-tez televideniyega taklif qilib turishardi. U konservativ Spectator gazetasini ham nashr qilgan.

Bryusselda ishlab yurgan vaqtida Boris Jonson birinchi xotini bilan ajrashib, 12 kundan so‘ng ikkinchi marta, ularming birinchi bolasi tug‘ilishini kutayotgan advokat Marina Velerga uylandi. Ularda yana uchta bola tug‘ildi.

Boris Jonsonning siyosiy o‘sishi va ishqiy sarguzashtlari
Ingliz sariq matbuoti Boris Jonsonni, o‘zi aytganiday, go‘zal va aqlli ayollarga muhabbati tufayli xotinboz deb ataydi. Uning ko‘p sonli ishqiy sarguzashtlarini esa jurnalistlar Jonsonning tanish xislatlari – to‘zg‘igan malla sochlari, g‘ijimlangan kostyumi, velosipedda yurishga ishqibozligi, o‘ziga bino qo‘ygani va afsonaviy quntsizligi bilan bir qatorga qo‘yadi.

Shunga qaramay, bularning hammasi Boris Jonsonga Bryusselfagi faoliyatidan so‘ng tez orada siyosiy karerani yo‘lga qo‘yib olishiga to‘sqinlik qila olmadi. 2001 yilda bo‘lg‘usi bosh vazir Oksfordshirdan jamoat palatasiga deputatlikka saylandi. Parlamentda 2008 yilga qadar konservativ partiya namoyandasi sifatida mandatini saqlab qoldi. 2004 yilda konservativlarning g‘oyaviy hukumati tarkibiga kirib, unda madaniyat vaziri lavozimi egalladi.

Lekin hamkasblaridan biri bilan sevgi mojarosidan keyin mansabidan voz kechishiga to‘g‘ri keldi, shu janjal tufayli Jonsonning xotini uni uyidan ham haydab chiqardi.

Foto: Getty Images
2005 yili konservatorlar yetakchisi Devid Kemeron birga Iton maktabida o‘qigan Boris Jonsonni o‘zi tashkil qilgan soyadagi hukumatga taklif qilmadi. Lekin uch yil o‘tgach, Jonson London merligi uchun saylovda qatnashishga qaror qildi. U saylov shtabi rahbari Kemerondan yordam olib, g‘alaba qildi hamda ikki marta merlik lavozimiga saylandi.

Jonsonning Rossiyaga munosabati
2016 yil iyul oyida Tereza Mey Boris Jonsonni Britaniya tashqi ishlar vaziri etib tayinladi. Ko‘pchilik u bu vazifani bajara olishiga shubha bilan qaradi. Bu paytga kelib Jonson janjalga yetaklovchi nutqlari bilan mashhur bo‘lib ulgurgan va ko‘plarni, jumladan, Yevropa va Rossiya rahbarlarini haqorat qilishga ulgurgan edi.

Jonson Yevropa Ittifoqi va uning rahbarlariga bir necha bor tanqid yog‘dirar ekan, Sunday Telegraph nashriga bergan intervyularidan birida «Yevropa Ittifoqi ulkan davlat tuzmoqchi. Napoleon, Gitler va boshqalar ham shunday qilishga urinib ko‘rindi, ammo oqibati yomonlik bilan tugadi», deb aytgan edi. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi tanqidi bilan Bryusselda jurnalistlik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lgan davrlardan beri nom chiqargan edi.

Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlarini ham Jonson qattiq tanqid qildi. 2016 yil Halab yaqinida BMTning insonparvarlik karvoniga hujum haqida gapirar ekan, shunday degan edi: «Barcha guvohliklar bu vahshiylik uchun mas’uliyat Rossiya zimmasiga tushishini ko‘rsatmoqda». Keyinchalik Britaniya parlamentida chiqish qilar ekan, «BMT insonparvarlik karvoni va Suriyadagi aholi nishonlariga hujum qilganlarni xalqaro tribunalda ko‘rishni istar edim», deb ta’kidlagan edi.

Boris Jonson Rossiyaga nisbatan iqttisodiy jazo choralarini kuchaytirish tarafdoridir. «Ha, aynan Buyuk Britaniya Qrimdagi, Ukraina sharqidagi, shuningdek, Halabdagi havo hujumlari munosabati bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qat’iy kuchaytirishni talab qiladi. Bularning hammasini hisobga olib, biz Rossiya bilan munosabatlarimizni yaxshilay olmaymiz yoki odatdagiday ish ko‘rishga qayta olmaymiz. Buyuk Britaniya Rossiya bilan keskin munosabatda bo‘lishga tayyor, ammo bu degani muzokaralar olib borish aqlsizlik bo‘ladi degani emas», – deb takidlagan edi Boris Jonson 2016 yilda.

Boris Jonson rusparastmi?
Yuqoridagi fikrlarga qaramay, Boris Jonson bir necha bayonotlarida Rossiya bilan muzokara olib borishni davom ettirish zarurligini ta’kidlagan va o‘zini hattoki rusparast deb ham atagan edi. «Agar Rossiya tashqi siyosatini hozirgi yo‘lda davom ettirsa, aniqki, bu buyuk millat haydalgan millatga aylanishi mumkin. Men rusparastman. 16 yoshimda Rossiyada bo‘lganman. Ammo Rossiya Suriyadagi vahshiyliklariga chek qo‘yishi kerak».

Keyinroq esa, «TASS» xabariga ko‘ra, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Moskvadagi muzokaralar natijasiga bag‘ishlangan konferensiyada Jonson shunday degan edi: «Aytishga izn bering, men rusparastman. E’tiqodan rusparast. Moskvada ajdodlarim bor. Men Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar vaziri sifatida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga erishmoqchiman».

Solsberidagi Skripallar zaharlanishi voqeasidan so‘ng Boris Jonson birinchi bo‘lib Vladimir Putinni aybladi.

Foto: Deutsche Welle
Deutsche Welle radiosiga bergan intervyusida Jonson «O‘ylaymanki, bo‘lib o‘tgan ishda Rossiya ham, rossiyaliklar ham aybdor emasligini ko‘rsatish kerakligi muhim. Biz va Rossiya o‘rtasida ixtilof yo‘q. Bilasizlarki, men Rossiyani sevaman, ajdodlarim shu mamlakatdan. Masala bunda ham emas, aslida Kreml va Rossiya ayni paytda tushib qolgan holatdadir».

«Siz, shuningdek, Sergey Skripal hujum nishoni bo‘lganini ham nazardan qochirmasligingiz kerak. Vladimir Putinning o‘zi ham Skripalga o‘xshagan xoinlarni zaharlash kerakligini aytgan edi».

Intervyu davomida Boris Jonson Skripallar voqeasi uni benihoya qayg‘uga solganini ta’kidlagan edi:

«Ikki yil avval Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri bo‘lganimda Rossiyaga yordam qo‘lini uzatmoqchi bo‘ldim, vaholanki ayrimlar bunday ish tutish Rossiyaga nisbatan batamom besamar ishligini aytib fikrimdan qaytarmoqchi bo‘lgandi. Ammo men chin dildan urinib ko‘rish kerak deb hisoblardim, sababi Rossiya ajoyib mamlakat. Hozirda o‘rtamizdagi bunday munosabatlarning guvohi bo‘lish men uchun og‘riqlidir».

Ayni vaqtda Buyuk Britaniyaning bosh vaziri sifatida Boris Jonson oldida turgan muhim vazifalardan biri Rossiya Britaniya munosabatlarini odatiy o‘zanga solishdir. Yangi bosh vazir bu masalani qanday hal qiladi? Brexit masalasidagi yondashuv usuli bilanmi? Yoki avvallari bo‘lgani kabi g‘ayriodatiy yo‘l bilanmi?

Darvoqe, 2005 yilda Jonson O‘zbekistonga ta’til safari bilan kelgan va unga o‘zbek palovi nihoyatda yoqqanini ta’kidlagan edi. U O‘zbekiston haqiqiy mustaqil bo‘lishiga xayrixoh ekanini ham alohida qayd etgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyaning yangi bosh vaziri: yevroskeptik, rusparast, xotinboz. U O‘zbekistonda bo‘lgan