Tuya go‘shti yegan «Breksit» (1-maqola)

  • 13 sentyabr 2019, 08:43
  • 881
  • Dunyo
  • Tuya go‘shti yegan «Breksit» (1-maqola)
    Foto: «kommersant.ru». Breksitga qarshi namoyish.
    «Tumanli Albion»ning Yevropa Ittifoqidan ajralish jarayonini uzoq vaqtdan buyon butun dunyo diqqat bilan kuzatib turibdi. Ammo u uch yildan ortiq davr mobaynida cho‘zilgandan cho‘zilib, boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
    Bir paytlar dunyoning yarmini idora qilgan eng qudratli davlat endilikda xalqaro ahamiyatga bog‘liq bitta muhim qarorni ham qabul qilib-qilolmay o‘tiribdi.

    Devid Kemeron. Foto: «inosmi.ru»
    Sobiq bosh vazir Devid Kemeron o‘ylab topgan bu ish uning o‘zini ham, siyosiy merosxo‘ri Tereza Mey xonimni ham iste’foga ravona qildi. Xonim uch bora YeIdan chiqish loyihasini parlamentda tasdiqlata olmadi va ortga chekindi. O‘zi London shu yilning 29 martiga qadar Ittifoqdan chiqib ketish kerak edi. Bu muddatda vazifa uddalanmadi. Keyin esa yakuniy fursat 31 oktyabr qilib belgilandi. Hozir bu ham amalga oshmaydigan ko‘rinadi.

    Tereza Mey. Foto: «inosmi.ru»
    Chunki 24 iyulda hokimiyatga kelgan Boris Jonson e yo‘q, be yo‘q, Yevropa Ittifoqi tarkibidan hech qanday shartnomasiz – «Qattiq Breksit» orqali va oktyabr oyi oxiriga qadar tezlashtirilgan shaklda chiqib ketishini aytib, yangi murosasiz yo‘lni tanladi.

    Gap shundaki, YeIdan chiqish tashabbusi o‘shanda o‘tgan referendumda aholining ikki foiz ustunligi bilan qabul qilib yuborilgan edi. Hozirda xalq ham, siyosiy elita ham bu qaror xato bo‘lganini va chiqish maksimal og‘riqsiz va asoratsiz kechishi kerakligini ta’kidlamoqda.

    Muxolif Leyboristlar partiyasini 4 yildan buyon boshqarib kelayotgan yetakchi Jeremi Korbin esa mamlakat taqdirini Yevropa bilan chambarchas bog‘liqligini aytib, Breksit bo‘yicha qayta referendum o‘tkazish tarafdori bo‘lmoqda.

    Birinchi zarba bellarigacha....
    Birinchi zarba – Boris Jonsonning parlamentga navbatdan tashqari saylovlarni o‘tkazish rejasi rad etilgani bo‘ldi. Agar Umumiy palata saylovlarga rozilik bildirganida edi Jonson YeIning 17-18 oktyabrdagi hal qiluvchi sammitida ustun pozitsiyaga ehtimol o‘tib olishga ulgurgan bo‘lardi.

    Bosh vazir Boris Jonson Ittifoqdan chiqish bo‘yicha bunday shoshilinch va hech bir xat-hujjatsiz yangi rejasini parlament ma’qullamadi. Uning quyi palatada hukumat ko‘pchiligini shakllantira olmagani buning bosh sababi bo‘ldi.

    Shu sababli u parlamentga 15 oktyabrda muddatidan avval yangi saylovlar o‘tkazilsa, konservatorlar partiyasi ko‘pchilik o‘rinlarni egallaydi, deb hisobladi va bu taklifni kiritdi. Ammo bu rejasiga ham qonunchilar ma’qullamadi.

    Yangi saylovlarni o‘tkazishni belgilash uchun Umumiy palata a’zolarining uchdan ikki qismi parlamentni tarqatib yuborish uchun ovoz berishi kerak. Garchi ilgari muxolif leyboristlar yetakchilari yangi saylovlarni istab kelgan bo‘lsa-da, ammo hozir ular bunga tayyor emasligini bilishib, o‘z rejasidan voz kechib turibdi.

    Konservatorlarga parlament ko‘pchiligini shakllantirish uchun 326 ta o‘rin olish yetarli bo‘lardi. Agar parlamentda ana boring-ki, 311 ta o‘rinni egallashsa, mafkurafiy hammaslaklari – «Breksit partiyasi» ko‘proq ovoz olish ehtimoli tufayli ular bilan koalitsiya tuzishlari mumkin bo‘lardi. Hozir esa konservatorlar quyi palatadagi 650 joydan 316 o‘rinni band etib, oddiy ko‘pchilikni ham tashkil eta olmayapti.

    Ovozlarda ustunlikka ega bo‘lmagan bosh vazirlar Britaniya siyosiy tizimi an’analariga ko‘ra, ishonchsizlik votumi orqali hukumatdan chetlashtiriladi. Jonson u holatda ikki qo‘lini ko‘tarib, iste’foga ketishiga to‘g‘ri keladi. Agar muxolifat buni uddalay olmasa, Jonson o‘zini haydab yuborishga urunishlaridan daxlsizlikka – olti oylik immunitetni qo‘lga kiritadi.

    Boris Jonson. Foto: «russian.rt.com»
    Agar ishonchsizlik votumi ma’qullansa, Jonson tarixda eng qisqa bosh vazir bo‘lgan siyosatchi sifatida sharmanda bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, unga qadar 1834 yilda taniqli sarkarda, gersog Artur Vellington 23 kun bosh vazir bo‘lgan. Votumdan keyin 14 kun ichida yangi bosh vazirni topish kerak bo‘ladi va biror siyosatchini tasdiqlash uchun deputatlarning ko‘pchilik ovozi zarurdir.

    Konservatorlar palatada ko‘pchilik ovozga ega emas ekan, unda leyboristlar, liberal-demokratlar, Shotlandiya milliy partiyasi, valliylar partiyasi, yashillar birlasha olsa nazariy jihatdan ular yangi umumiy yetakchini tayinlashlari va vaqtinchalik koalitsion hukumatni tuzishlari mumkin bo‘ladi. Lekin ularning barchasi boshi bir joyga qovushishi hali tarixda bo‘lgan emas.

    Ehtimoliy votumdan so‘ng ayni paytda hukumat uchun eng maqbul nomzod, bir necha yillar vazir bo‘lib ishlagan Ken Klarkdir. Biroq eng yirik muxolif partiya yetakchisi sifatida Korbin bu g‘oyaga qarshi bo‘lmoqda va hukumatni aynan uning o‘zi boshqarishi kerakligini aytmoqda. Leyborist Korbin «Shotlandiya milliy partiyasi», «Uels partiyasi», mustaqil deputatlar, ayrim mo‘’tadil konservatorlar, «O‘zgarishlari mustaqil guruhi» bilan kelishib oldi.

    Baxtga qarshi, Boris Jonsonning raqiblari yakdil va qudratli emas. Shu sababli birinchi zarba hali halokatli emas, uni o‘ylab ko‘rish uchun qo‘shimcha vaqti borligini ko‘rsatmoqda.
    Boz ustiga, yangi saylovlar o‘tgan taqdirda ham konservatorlar umumiy ko‘pchilikni tashkil qila olishiga kafolat yo‘q edi...

    Ikkinchi zarbada yelkalarigachami?
    Jonson o‘z rejasini amalga oshirish uchun aniq yechim va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rmagach, siyosiy o‘yinlar orqali «Qattiq Breksit»ni amalga oshirishga kirishdi. U parlamentni chetlab o‘tishga, 31 oktyabrga qadar qonunchilik hokimiyati aralashuvisiz YeIdan chiqib ketishga qaror qildi.

    28 avgustda bosh vazir qirolichadan parlament ishini 5 haftaga to‘xtatib qo‘yishni iltimos qildi va monarx uni qo‘llab-quvvatladi. Parlament ishida 9 sentyabrdan 14 oktyabrgacha tanaffus e’lon qilindi. Odatda bu kabi dam olishlar ikki haftadan ortiq bo‘lmas edi. Parlamentning 5 haftalik «majburiy ta’tili» so‘nggi yarim asrda ilk bora ro‘y bermoqda.

    Leyboristlar uni o‘z rejalarini amalga oshirish uchun bir oy davomida deputatlar nazoratisiz hokimiyatni egallab turishda ayblamoqda. Jonsonni mashhur diktator Pinochetga, fashist Gitlerga qiyoslashmoqda. Muxolifat va fuqarolik faollari bu siyosiy manyovrni «davlat to‘ntarishi va demokratiya»ga suiqasd deb qaramoqda.

    Jeremi Korbin. Foto: «dw.com»
    Leyborist Korbin aytishicha, YeIdan hech qanday kelishuvsiz chiqib ketilsa, bu mamlakat uchun og‘ir oqibatlarga olib keladi va buni konservatorlar yetakchisi hammadan yashirmoqda.

    Britaniyada deputatlar bizdagidek anoyi emas ekan. Ular ham o‘yinga qarshi javob chorasini zudlik bilan qo‘llab yuborishdi. Ta’tilga jo‘nashdan oldin Boris Jonsonning Ittifoqdan bitimsiz chiqib ketish bo‘yicha qat’iy rejasini ta’qiqlash haqidagi qonunni uch o‘qishda ma’qullab qo‘yishdi. 327 nafar deputat uni unga ovoz berdi, 299 nafari qarshi chiqdi. Jonson 434 ta ovoz olsagina erkin harakatlanish bo‘yicha rejasiga erishar edi. Qonun loyihasi Yuqori, ya’ni Lordlar palatasida ham ma’qullandi, Qirolicha ham bosh vazirning yonini olib o‘tirgani yo‘q.

    Agar to‘siqlar bo‘lmaganida Britaniya Yevropa Ittifoqini har qanday holatda ham 31 oktyabrda avtomatik tarzda tark etar edi. Endi qabul qilingan qonunga ko‘ra, bosh vazir 19 oktyabrga qadar parlamentga Breksit bo‘yicha yangi rejasini qayta taqdim etishi kerak.

    U yana tasdiqlanmasa, chiqish muddatini yana uch oyga 2020 yil 31 yanvarga qadar uzaytirishni so‘rab Bryusselga iltimosnoma yuborishiga to‘g‘ri keladi. Byurssel rozi bo‘lishi uchun esa «Qattiq Breksit»ni yumshatish va yon berish, qo‘shimcha muzokaralar raundlarini olib borish talab etiladi. Bu esa Jonsonning saylov oldidagi asosiy va’dasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini, siyosiy suitsidni anglatadi...

    «Palatalar o‘z so‘zini aytdi. Endi bosh vazir qonunni bajarishini va bitimsiz Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishning oldini olishini kutamiz», deydi deputat Xilari Benn.

    Jonson esa katta bitim bo‘lmasligini, balki har bir sohalar yoki mamlakatlar bilan kichik-kichik kelishuvlar bo‘lishiga sha’ma qilmoqda. Hatto Fransiyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida u avval kelishilgan va 2020 yil oxiriga qadar Yevropa Ittifoqiga kontributsiya sifatida 39 milliard yevro to‘lamasligini oshkor qilgan edi. Parlament esa bosh vazirning bu so‘zlarini yo‘qqa chiqargach, rasmiy Bryussel endi uning imkoniyatlariga ishonmay qo‘ydi.

    Foto: «ANADOLU AGENCY»
    Konservatorlar parokanda bo‘lmoqda
    Jonsonning hech qanday bitimsiz YeIdan chiqib ketish g‘oyasi konservatorlar o‘rtasida ziddiyatni paydo qilib, maslakdoshlarning bo‘linishiga olib kelmoqda.
    Ular orasida Jonson doimo havas va taqlid qilib keladigan, afsonaviy sobiq bosh vazir Uinston Cherchillning nabirasi Nikolas Soums ham bor.

    Ammo taqlidning beo‘xshovligi shunchaki, ikkinchi jahon urushidan keyin aynan Cherchill Yevropa Qo‘shma Shtatlarini tuzish g‘oyasini bildirgan, faqat qit’a mamlakatlari birlashuvi yangi vayronkor urushdan asrab qolishi haqida fikr bildirgan edi. Zamonaviy siyosatchi esa buning teskarisini qilmoqda.

    Jami 21 nafar konservator deputat partiya pattasini topshirdi. Bundan tashqari, sobiq moliya vazirlari Kennet Klark va Filip Xemmond, sobiq adliya vaziri Devid Gok, sobiq adliya vaziri o‘rinbosari Filipp Li, sobiq tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alister Bert kabi taniqli arboblar ham bu safdan ketishdi.

    Foto: «eadaily.com»
    Ular Jonsonning partiyani va hukumatni boshqarish uslubidan, umuman uning qobiliyatsizligidan norozi bo‘lishyapti. Eng qizig‘i, konservatorlarning ayrim yetakchilari ham Yevropa Ittifoqidan chiqishni istamayapti yoki integratsiyaning u yoki bu shaklini baribir saqlab qolish tarafdori bo‘lishyapti. Ular, sodda qilib aytganda, Yevropa bozorini ko‘zlagan Britaniya biznesi manfaatlarini himoya qilishmoqda.

    Masalan, konservator Ken Klark Breksitdan keyin Yevropa Ittifoqi bojxona ittifoqi tarkibida Britaniyaning saqlanib qolishini taklif etmoqda.

    Britaniyaliklar qonunlar va parlamentni chetlab o‘tuvchi siyosatchilarga nisbatan juda jiddiy va salbiy yondashadi. Salkam o‘n yil London shahri meri va ikki yil tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Jonsonning, afsuski, siyosat maydonidagi obro‘si tushmoqda.

    Muxolifat esa Breksit bo‘yicha mavjud qarama-qarshilikdan foydalanib, Jonson hukumatini kamsitmoqda va siyosiy revansh olyapti.

    Hatto universitetlar va ilm-fan vaziri Jo Jonson ham o‘z akasi siyosatiga qarshi bo‘lib, oilaga sadoqati va milliy manfaatlar o‘rasidagi qarma-qarshilik tufayli iste’foga ketganini bildirdi.

    Sobiq tashqi ishlar vaziri, mo‘’tadil konservator, partiya ichida yetakchilik uchun asosiy Jonsonga asosiy raqib Jeremi Xant YeI bilan kelishuv shartlarini o‘zgartirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishni istamoqda. Uning murosasozligi natijasida kelgusida konservatorlar ichidan bosh vazir bo‘lish imkoniyati oshmoqda.

    Liberal-demokratik partiya sobiq yetakchisi Vins Kebl esa agar Britaniyaning Jahon savdo tashkilotiga ishtiroki «Qattiq Breksit» oqibatlarini yengillashtira olsagina YeI tarkibiga qaytish bo‘yicha referendum o‘tkazish g‘oyasidan voz kechishini bildirdi.
    (Davomi bor)
    A.Hasan o‘g‘li
    xalqaro sharhlovchi

    Manba: Xabar.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Tuya go‘shti yegan «Breksit» (1-maqola)