Asab sistemasi haqida bilasizmi?

  • 18 yanvar 2020, 15:55
  • 1 851
  • Hayot tarzi
  • Asab sistemasi haqida bilasizmi?
    Aziz o‘quvchilar ushbu bo‘limda Sizlarni "Asab va ruxiyat" ilmiy-tibbiy markaz direktori, professor Zarifboy Ibodullayevning "Asab kasalliklarida bemor psixologiyasi" mavzusidagi turkum maqolalari bilan tanishtirib boramiz.

    Insonning asab sistemasi juda murakkab tuzilishga ega. Asab sistemasini, xususan, bosh miyani olimlar hanuzgacha o‘rganib kelishmoqda va bundan keyin ham uni o‘rganish to‘xtamaydi. Obrazli qilib aytganda, eng ko‘p o‘rganilgan ham bosh miya, eng kam o‘rganilgan ham bosh miya! Ushbu kitobda asab sistemasi va ruhiyatga oid turli ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz. Ular siz o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun asab sistemasining tuzilishi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak.

    Bosh miya katta yarim sharlari qanday tuzilgan?
    Bosh miya 2 ta – o‘ng va chap yarim shardan iborat. Uning chap yarim sharida nutq markazlari joylashgan. Shuning uchun ham bosh miyaning chap yarim sharida so‘z bilan bog‘liq barcha tafakkur operatsiyalari bajariladi. Bosh miyaning o‘ng yarim shari ob’ektlarning fazoviy joylashuvini tahlil qilish uchun javob beradi. Masalan, atrof-muhitdagi uylar, daraxtlar, mashinalar, haykallar va boringki, har qanday shaklga ega bo‘lgan ob’ektlarning shakl-shamoyilini tahlil qiladi. Demak, bosh miyaning o‘ng yarim shari dunyoni so‘z ishtirokisiz idrok etadi va bu yerda ko‘rish analizatorining ahamiyati katta.

    Chap yarim shar esa so‘z bilan ifodalangan ma’lumotlarni idrok etadi. Obrazli qilib aytganda, chap yarim shar asosan so‘z bilan, o‘ng yarim shar esa ko‘z bilan dunyoni anglaydi. Bu uyg‘unlik saqlangan bo‘lsa, insonning xotirasi ham mustahkam bo‘ladi.

    Siz ko‘rayotgan geometrik shakllarni qabul qilib olish ham o‘ng yarim sharning vazifasi. Lekin har qanday fazoviy jismlar yoki geometrik shakllarni so‘z bilan ifodalab berish talab qilinsa, bu yerda chap yarim shar yordamga keladi. Demak, chap yarim sharning tili bor.
    Biroq hozir men keltirib o‘tgan ma’lumotlar o‘naqaylar uchun xos. Chapaqaylarda esa nutq markazlari bosh miyaning o‘ng yarim sharida joylashgan. Demak, chapaqaylarda chap yarim shar bajaradigan aksariyat funksiyalar o‘ng yarim shar zimmasiga yuklatilgan.

    Bundan tashqari, ambidekstrlar, ya’ni oliy ruhiy funksiyalarni bajarishda miyaning ikkala yarim shari bir xilda ishtirok etadiganlar ham bor. Bundaylar ikkala qo‘li bilan ham bir xil ishlay oladigan kishilardir. Biroq bu degani ikkala qo‘li bilan ham yoza oladi degani emas. Masalan, ambidekstr yozganda qalamni o‘ng qo‘liga olsa, non kesganda chap qo‘lini ishlatadi. «Toza» chapaqaylar 10-15 % atrofida.

    Ambidekstrlarda nutq funksiyasini bajarishda bosh miyaning ikkala yarim shari ham ishtirok etadi. Shuning uchun ambidekstrlarda insult sababli nutq buzilsa, u tez tiklanadi.

    » » Asab sistemasi haqida bilasizmi?