
Angliya va Portugaliya futbolini qayg‘uga solgan musibat — “Liverpul” va milliy terma jamoa hujumchisi Diogu Jota hamda uning ukasi Andre Teysheyra da Silva halok bo‘lishdi. YTH tufayli Jotaning avtomobili shinasi yorilib, yo‘ldan chiqib ketgan va yong‘in kelib chiqqan. Bu fojeaviy voqea butun futbol hamjamiyatini larzaga soldi.
Bugun, futbol olami Gondomar shahrida Diogu va uning ukasi bilan xayrlashdi. Bir soat davom etgan dafn marosimida Jotaning oila a’zolari, do‘stlari, jamoadoshlari, murabbiylari va ko‘plab mashhur futbolchilar to‘planishdi. Virjil van Deyk, Endryu Robertson, Jordan Xenderson, Fabino, Tiago Alkantara, Ruy Patrisiu, Bernardu Silva, Bruno Fernandesh, Joau Feliks, Joze Fonte va boshqalar marosimda ishtirok etdi.
Jotaning dafn marosimiga ayniqsa “Penafiel” jamoasi to‘liq tarkibda, undan tashqari Joau Kanselu va Ruben Nevesh klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishgani uchun AQSHdan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishdi. Murabbiylar va funksionerlardan Arne Slot, Fernandu Santush, Nunu Eshpiritu Santu, Roberto Martines va Andre Villash-Boash ham Gondomarga tashrif buyurishdi.
Xotira marosimida van Deyk Jota uchun 20-raqamli gulchambarni, Robertson esa Andre Silva uchun 30-raqamli gulchambarni olib bordi. Eng ta’sirli daqiqalardan biri — Diogu Jotaning tobutini ko‘targan yaqin do‘sti Ruben Neveshning holati bo‘ldi.
Bu dafn marosimi nafaqat Portugaliya, balki butun Yevropa futbol hamjamiyati uchun motamli kun bo‘ldi. Muxlislar, jamoadoshlar va futbol arboblari Diogu Jota xotirasi va uning hayotida qoldirgan izlarini hurmat bilan yodga olishdi. Mazkur fojea futbol dunyosida insoniylik, do‘stlik va birdamlik qiymatlarini yana bir bor namoyon etdi.
Zamin.uz jamoasi Diogu Jota va uning ukasi xotirasiga ehtirom bilan qaraydi va barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar