06:30 / 24.01.2018
7 858

Bolalaridan xabar olgan ona ruhi...

Bolalaridan xabar olgan ona ruhi...
Aksariyat odamlarni o‘limdan keyingi hayot qiziqtiradi. Meni ham bu savol ko‘p o‘ylantirgan. Ammo hayotimda bo‘lib o‘tgan bir voqeadan keyin insonning jismi o‘lsa-da, ruhi abadiy qolishiga, yaqin insonlaridan xabar olishiga ishondim. Sizga hayotimda bo‘lib o‘tgan bir voqeani hikoya qilib bermoqchiman... Ismi-sharfimni oshkor etishni istamadim.

Onam uzoq davom etgan og‘ir xastalikdan keyin 34 yoshda vafot etdi. Men o‘shanda to‘qqiz, singlim yetti, ukam esa besh yoshda edi. Hali bola bo‘lganimiz uchun o‘lim degan so‘zning ma’nosini tushunmasdik. Onamning jasadini ko‘mish uchun olib ketishayotganda ham singlim bilan bir burchakda qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tirardik. Buvimning, xolalarimning dodlab, uvvos solib yig‘lashlari yuragimizga qo‘rquv solsa-da, boshimizga qanday musibat tushganligini hali his qilmagandik. Onamning barcha ma’rakalari o‘tgandan keyin biz buvimning qo‘lida qoldik. Dadam esa uydan erta chiqib ketar, qosh qorayganda qaytar, deyarli biz bilan ishi bo‘lmasdi. Buvim esa ro‘zg‘or tashvishlari bilan ovora bo‘lib, singlim va ukamga qarashni menga topshirib qo‘ygandi. Shunday kunlarning birida hovlida o‘ynab o‘tirganimizda, onamning bizni tomosha qilib o‘tirganiga ko‘zim tushdi. Uning qachon oldimizga kelganini payqamabman. Onamning rangi oqarib, ozib ketibdi. Ustidagi uzun oq ko‘ylagi to‘pig‘icha tushgan, oyoqlari ko‘rinmasdi. Men uning yuzlarini aniq ko‘rdim, so‘zlarini eshitdim. Shundan keyin onam har kuni keladigan bo‘ldi. O‘ynayotganda urishib, biror nimani talashib qolsak, bizga tanbeh berar, ajratib qo‘yar, jimgina bizni kuzatib o‘tirardi. Uni faqat men emas ukam va singlim ham ko‘rardi. Onamning qabrini ziyorat qilishga ketayotgan xolalarimni ko‘rib, hayron qolardim. Axir onam qabristonda emas, uyda bizning oldimizda-ku, deb o‘ylardim.

Bir kuni buvimga onam har kuni bizning oldimizga kelishini, biz o‘ynayotganda kuzatib o‘tirishini og‘zimdan gullab qo‘ydim. Mening so‘zlarimdan buvim dahshatga tushib, aqldan ozganga chiqarib qo‘ydi.

— Agar ishonmasangiz, ana ukam bilan singlimdan ham so‘rashingiz mumkin, — dedim buvimga.

Ular ham mening gapimni tasdiqlashdi. Kechqurun dadam ishdan kelganda, buvim yig‘lab, bo‘lgan voqeani gapirib berdi. Shundan keyin meni turli azayimxon-u, mullalarga olib borib, o‘qitishdi. Onam esa men bor gapni buvimga aytib berganimdan xafa bo‘lib, boshqa kelmay qo‘ydi. Endi onam ko‘zga ko‘rinmas, ilgarigidek bizga tanbeh berib, ajratib qo‘ymasdi. Biroq men uning yonimizdaligini, kuzatib o‘tirganligini ich-ichimdan his qilardim. O‘n yil mobaynida onamni biror marotaba ko‘rmadim, uni his qilganim uchun o‘zimni xotirjam sezardim.

Maktabni bitirganimdan keyin uyimizdan sovchilar arimay qoldi. Onadan erta yetim qolib, barcha ro‘zg‘or ishlarida buvimga yordam berganim tufayli qishloqda mehnatkash qiz, degan nom qozondim. Shundanmi, meni kelin qilishni orzu qilgan odamlar ko‘p bo‘ldi. Mahallamizdagi oddiygina oilaning farzandi bo‘lgan yigitga rozilik berdim. To‘yim bo‘ldi. To‘y kuni onamning o‘rni juda bilindi. O‘sha kuni uni tushimda ko‘rdim. Onam sochlarimni silab, menga baxt tiladi. “Hali ko‘rasan, albatta sening oldingga qaytaman”, deb yupatdi. Kelin bo‘lgan oilam juda o‘ziga to‘q bo‘lmasa-da, har qalay juda kambag‘al ham emasdi. Turmush o‘rtog‘im ham kamsuqum, mehnatkash yigit edi. Ona mehriga zor bo‘lib o‘sganligim tufaylimi, qaynonam bilan tezda til topishib ketdim. Qaynona-kelin o‘rtasida bo‘ladigan mojarolar bizga begona edi. Uni o‘z onamday qabul qilib, dashnomlariga ko‘p ham e’tibor bermasdim. Homilador bo‘lganimda esa to‘qqiz oy mobaynida qaynonam meni yeru-ko‘kka ishonmay, g‘amxo‘rlik qildi. Ko‘zim yorishidan bir kun ilgari tushimda onamni ko‘rdim. U judayam xursand, bir gapirib, o‘n kulardi. “Ana senga aytgandim-ku, qaytaman, deb. Mana oldingga keldim. Endi hech qachon tashlab ketmayman” dermish...

Uyqudan cho‘chib uyg‘onganimda, qornimda qattiq og‘riqni his qildim. Meni to‘lg‘oq tutayotgan edi. Tug‘ruqxonaga borganimdan qiynalmay, ko‘zim yoridi. Qizchalik bo‘ldim. Uni ilk marotaba qo‘limga olganimda ko‘zlarimga yosh quyuldi. “Ona qizim”, deb erkaladim. Turmush o‘rtog‘im bilan agar qiz farzand ko‘rsak onamning ismini qo‘yamiz, deb kelishgandik. Qizimga onamning ismini qo‘ydik. Men uni hozir “Onajon” deb chaqiraman. Tushimda onamning “hali oldingga qaytaman”, degan so‘zlarining ma’nosiga tushunganday bo‘laman.

Onamning vafotidan keyin ko‘zimga ko‘ringanini uning arvohi oldimga kelgan, deb ishonch bilan aytolmayman. Balki u arvoh bo‘lgandir, balki onamni qattiq sog‘inganimdan bolalarcha beg‘uborlik bilan xayolan tiriltirgandirman...

Nima bo‘lgan taqdirda ham shu voqeadan keyin inson ruhining abadiyligiga ishondim.
Qizning so‘zlarini Lola Shoimova oqqa ko‘chirdi

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolalaridan xabar olgan ona ruhi...