20:42 / 24.12.2018
3 660

Endi advokatlar onlayn tarzda tergov jarayonini kuzatib borishi mumkin

Endi advokatlar onlayn tarzda tergov jarayonini kuzatib borishi mumkin
2019 yildan boshlab advokatlar onlayn tarzda jinoyat ishini kuzatib borishi va tergov hujjatlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi. Bu haqda Bosh prokuratura tergov organlari tarmoqlari faoliyati ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Alisher Imomnazarov 24 dekabr kuni yil yakuni hisobotida ma’lum qildi.

Alisher Imomnazarovning aytishicha, Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda “Elektron jinoyat ishi” loyihasi ishlab chiqilgan. Mazkur tizim doirasida advokatlar tergov jarayonini onlayn kuzatib borish bilan birga jinoiy ishga tegishli barcha hujjatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu tizim ekspertiza xulosalari bilan darhol tanishib chiqish imkonini beradi.

2018 yil 14 mayda O‘zbekiston prezidentining “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi. Ushbu qarorga ko‘ra, “elektron jinoyat ishi” tizimini ishlab chiqarish belgilangan edi.

2018 yil 1 dekabridan ushbu loyihaning birinchi bosqichi tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahrining Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida amalga oshirilmoqda.

2019 yilning 1 fevralidan butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi.

2019 yil 1 oktyabrga qadar dastlabki loyihaning sinovlari natijalaridan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha elektron ish yurituvi joriy qilinishi munosabati bilan jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqiladi.

2019 yil 1 dekabrga qadar Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahrirdagi loyihalari tayyorlanishi belgilab qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi advokatlar onlayn tarzda tergov jarayonini kuzatib borishi mumkin