14:45 / 07.02.2019
4 849

Aybdorlik hissidan majruh bolalar

Aybdorlik hissidan majruh bolalar
Supermarket rastalarini aylanib yurgandim. Onasining ortidan kelayotgan 4-5 yashar bolakay peshtaxtada chiroyli qilib terib qo‘yilgan shirinliklarga xayoli ketibdi chog‘i, oldindan kelayotgan ayolga qoqinib ketib, yiqildi. Kutilmaganda ona bolasini turg‘izib, “ko‘zingga qarasang o‘lasanmi? Iflos, mol!” deya haqoratlab ketsa deng...

“Onamdan xafa bo‘lib ketdim”
Odamzodning fe’li g‘alati-da, yaxshi ishniyam, yomon ishniyam o‘z xohishi bilan bajaradi, yaxshi-yomon gapni ham o‘z og‘zi bilan gapiradiyu, keyin “bu qanday sodir bo‘ldi?!”, “bu gap qayerdan chiqdi?” deb atrofidagilarga iddao qiladi. Bola tarbiyasida ham xuddi shu holatga guvoh bo‘lamiz. Jahlimiz chiqib, g‘azabimiz toshganida ham alamimizni bolalarimizdan olamiz. Og‘zimizdan uchayotgan so‘zlarning ma’nisini mulohaza qilmaymiz bolalarimizga g‘azabimizni sochayotganimizda; ularni har xil hayvonu jonivorlarga o‘xshatish bilan o‘zimizni haqoratlayotganimizning fahmiga bormaymiz.

- Ishdan uyga qaytsam, to‘rt yashar qizcham peshvozimga chiqib oyog‘imdan quchdi, - deydi yosh ota. - “Dadajon, siz bilan ayam eshakmisizlar?” deydi. Hayron bo‘lib “nega unday deysan, qizim?” desam, “Buvim meni doim “he, eshshak!” deydilar-da. Multikda eshakni bolasi eshakcha bo‘lib tug‘iladi-ku...” dedi ko‘zchalarini pirpiratib. Qizchamga qanday javob berishni bilmay, tilimni tishlab, muzlab qoldim. Sochiga oq tushib, hayot past-balandini ko‘rgan bo‘lsa-da, fahmi haminqadarligicha qolgan onamdan xafa bo‘lib ketdim...

Bola ko‘ngli bilan o‘ynashayotganlar
Bolaning oldida og‘zimizga to‘g‘ri kelgan gapni bemalol gapiramiz, birov “bola bor a?” deganday ma’noli imlasa, beparvogina qo‘l siltaymiz: “E, tushunmaydi u, bola-ku!..”Aslida bolalar biz o‘ylaganchalik “bola” emas. Ularning xotirasi yaxshi-yomonni birday saqlab qoladi. Qolaversa, bola ko‘ngli bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Mehr-muhabbat bilan parvarish qilinmagan bola qalbi qattiq bo‘lib ulg‘ayishi haqida ko‘p gapiriladi. Haqoratu qarg‘ishlar ichida o‘sgan bola haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Bugun murg‘akkina go‘dakni “iflos, mol” deb haqorat qilib, ertaga undan “Onajon, ahvolingiz yaxshimi? Mana bu ro‘molni sizga oldim, qani, bir o‘rang-chi” degan iltifot kutishni aqlingizga sig‘dira olasizmi? Keling-chi, shu bolangiz atrofidagilardan uyalib yoki kitoblarda takror keltiriladigan “ona –muqaddas zot” degan fikr tushunchasida sizga mehr-muruvvatli bo‘ldi ham deylik, ammo bolaligidagi haqoratlar nashtaridan qolgan qalb chandig‘i bitib ketishiga ishonasizmi?!..

Bolaparvarlik - muhabbatmi yo majburiyat?
Farzand tarbiyasi, ota-ona va bolalar o‘rtasidagi munosabat, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat tushunchalari xususida ko‘p mulohaza yuritganmiz. O‘zbek eliga xos milliy qadriyatlarning aksariyati farzand va ota-ona munosabati asosiga qurilgan. Xalqimizga xos fazilatlar avvalida oilaparvarlik va bolajonlik turadi. Ammo bolaparvarlik xususiyati ayrimlarda chin dildan emas, shunchaki riyokorlik yoki majburiyatga o‘xshagan narsadek tuyuladi. Ba’zan esa bolalarga bir-birining ko‘ngliga, orzu-havasi, dunyoqarashiga mutlaqo begona bo‘lgan ikki odamni bir tom ostida saqlash “majburiyat”i yuklanadi. Izohimiz ham tayyor: “Bolalarim uchun shu ayolga chidab kelyapman!” yoxud bolalarga qarata: “Senlarni deb shu otalaring bilan umrimni o‘tkazyapman!” Murg‘akligidanoq bolani aybdorlik yuki bilan majruh qilamiz. E’tiborsizligimiz tufayli yo‘l boshidayoq singan bolamiz, katta bo‘lib biror jo‘yali ishning boshini tutolmasa tag‘in tilimizni tiymaymiz: “He, odam bo‘lmay ket-a! Shuniyam eplolmadingmi?!” yoki bo‘lmasa “Otangdan o‘zib qayga borarding?! Otang-ku yoshligimni xazon qildi, endi sen qariganimdan kuydirasanmi?!”..

Bolangizga qachon kitob sovg‘a qilgansiz?
Afsuski, ayrimlarimiz mol-dunyoimizni, ha, o‘sha topiladigan mol-dunyoimizni ham farzandlarimizdan ustun qo‘yamiz. Yo‘q, deb ko‘ring-chi? Og‘ildgi mol-qo‘yingiz yo‘talsa, “Bor, chop, og‘ilga qara, ko‘zlaring qayerda senlarni?! Nega mol yo‘taladi? Biror nima tomog‘iga tiqildimi? Sovuq kunda suvni ilitib berlaring deganman-ku!” deb bolalarga g‘azabingizni sochasiz. Lekin farzandlaringizdan biri yo‘talsa parvo qilmaysiz: “Ha, yo‘talyapsan, sovuq suv ichdingmi? Muzqaymoqni ko‘proq yegin, xo‘pmi?..” Shunga o‘xshagan ko‘z ilg‘amas, ammo ko‘ngilga og‘riq soladigan holatlar ko‘p duch kelamiz. Meni o‘ylantiradigani – ko‘pchiligimiz farzandlarimizning moddiy ta’minoti uchun sarflayotganimizni bolaga nisbatan e’tibor va mehrga mengzaymiz. “Mana, bolalarim uchun hamma narsani to‘kis qilib qo‘ydim! Bundan ortiq qanday e’tibor beray?!” Mayli, farzandlaringizning kelajak hayoti uchun bekamu ko‘st sharoit yaratib qo‘ygan bo‘lsangiz, baraka toping, lekin unutmang, siz ota-onasiz va bolalaringiz uchun qo‘lingizdan kelganini qilishga majbursiz. Qolaversa, farzandingiz uchun moddiy ta’minotni to‘kis qilish bilan otalik yo onalik haqingizni butkul ado qilgan bo‘lmaysiz.

Qani, aytingchi, qachon maosh olganingizda kitob do‘koniga kirib atay farzandingiz uchun yaxshi bir kitob xarid qildingiz? Qachon ish, choyxona, “gap”ga o‘xshagan ovqatxo‘rlik marosimlaridan vaqt oshinib, farzandlaringiz uchun uyingizda kitobxonlik kechasi o‘tkazdingiz? Hech bo‘lmasa, oyda bir marta bolalaringiz bilan birga o‘tirib biror tarixiy film tomosha qilasizmi? Bolangizning yaxshi ko‘rgan kitobi qaysi, havas qiladigan qahramoni kimligini bilasizmi? Yilda bir marotaba bo‘lsin farzandingiz bilan yetaklashib muzey, teatrga borganmisiz?..

Erishish uchun tuhfa qilish kerak
Bugun farzandingizni “iflos, mol, eshshak, haromi” degan ilon eshitganda po‘st tashlaydigan haqoratlar bilan “taqdir”lashingiz, havas bilan qo‘liga kitob olib varaqlayotgan bolangizga “Tur, yo‘qol, molga qara, o‘t yul, qo‘yni sug‘or, tekinxo‘r! Kitob senga non berarmidi, kitobingga o‘t tushsin” deb o‘shqirishingiz bilan o‘zingizni qarilik rohat–farog‘atidan, farzandlar kamolidan mahrum etayotganingizni yana bir bor eslatib qo‘ydik. Keksayganda mehrga zor bo‘lmay desangiz, bugun murg‘ak bolalaringiz qalbiga mehr urug‘larini qadang.

Darvoqe, uyingizni, bag‘ringizni quvonchga to‘ldirib yurgan bolangizga bola deb emas, INSON deb qarasangiz, ulg‘ayganida undan kutayotganlaringizga to‘kis erishishingiz mumkin...
Kubro BUYuK

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aybdorlik hissidan majruh bolalar