Ortiqxo‘jayev: "Xorijiy investorlarni jalb etish – avvalo piarga bog‘liq"

  • 11 fevral 2019, 23:37
  • 1 510
  • Jamiyat
  • Ortiqxo‘jayev: "Xorijiy investorlarni jalb etish – avvalo piarga bog‘liq"
    Bugun, 11 fevral kuni «Business city» loyihalarining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tadbir imkon qadar ko‘p investorlar va O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish maqsadida tashkil etildi.

    Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekistonda qurilayotgan yangi biznes shaharlar va inshootlarga xorijiy investorlarni jalb etish eng avvalo to‘g‘ri va o‘rinli «piar»ga bog‘liqligi haqida gapirdi.

    «Mamlakatning iqtisodiyoti rivojlanishiga, shaharning gullab-yashnashiga hissa qo‘shishni istagan jurnalistlar loyihalarni qay tariqa piar qilishi juda muhim», deydi shahar hokimi.

    Taqdimotda ma’lum qilinishicha, «Mirzo Ulugbek Business City» loyihasi Amir Temur maydonidan Mustaqillik va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari bo‘ylab 6,5 km masofada amalga oshiriladi. «Yunusobad Business City» loyihasi esa Yangi Shahar va Chinobod ko‘chalari kesishmasida joylashgan.

    Barcha aholi va biznes vakillarining ko‘chmas mulk ob’ektlari qurilish maydoniga tushib qolsa, tegishli ravishda pul mablag‘lari ko‘rinishida yoki shaharning boshqa bir tumanida shunga o‘xshash mulk ko‘rinishida kompensatsiya bilan ta’minlanadi.

    «Ayrim xonadonlarning yashash sharoiti juda og‘ir. O‘zingiz bugun taqdimotda guvoh bo‘lganingizdek, ba’zilarining holati hattoki oddiy gigiyena talablariga javob bermaydi. Xonadon egalari ko‘chib o‘tishga tayyor. Biz ularga yangi va zamonaviy uylarda yashash imkonini beramiz. Istasalar, Sergeli tumanidagi tayyor qurilgan yangi turar-joylarga yoki shu mahallalarda quriladigan villa ko‘rinishdagi xonadonga ko‘chib o‘tishadi. Bir xonadonda qancha oila bo‘lishidan qat’i nazar, bir uyga bitta villa beriladi. O‘n kun davomida, kimoshdi savdosi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Istagan investorlar mazkur auksionda ishtirok etishi mumkin», deya Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz nashri.

    Mazkur loyihalar doirasida zamonaviy «aqlli» uskunalar bilan jihozlangan mehmonxonalar, ko‘p qavatli turar-joy binolari, chakana savdo do‘konlari, ko‘p tarmoqli majmualar, idoralar, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, ko‘p qavatli avtomobillar uchun to‘xtash joylari va qulay yo‘lovchilar o‘tish yo‘laklari qurilishi ko‘zda tutilgan.

    » » Ortiqxo‘jayev: "Xorijiy investorlarni jalb etish – avvalo piarga bog‘liq"