Surxondaryoda oʻziga oʻt qoʻygan fuqaro boʻyicha Bosh prokuratura maʼlumot berdi

  • 04 mart 2019, 20:00
  • 3 825
  • Jamiyat
  • Surxondaryoda oʻziga oʻt qoʻygan fuqaro boʻyicha Bosh prokuratura maʼlumot berdi
    2019 yil 25 fevral kuni Termiz tumani, “Uchqizil” mahallasi at-Termiziy koʻchasi markazida fuqaro B.E. oʻzi bilan olib yurgan 0,5 litr hajmdagi polietilen idishda boʻlgan benzin yoqilgʻisini ustiga sepib, qoʻlida boʻlgan zajigalka-yondirgich orqali oʻzini oʻzi yoqib yuborgani xabar berilgandi.

    Natijada, B.E. kuyish tan jarohatlari bilan Termiz tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan. 2019 yil 25 fevraldagi ekspert xulosasiga koʻra, fuqaro B.E.da tananing 15% I-II darajali termik kuyishi natijasida, ogʻirlik darajasiga koʻra “oʻrtacha” ogʻirlikdagi tan jarohati aniqlangan.

    B.E.ning oʻzidan oʻz joniga suiqasd qilish sababi oʻrganilganda, 2018 yil 5 dekabr kuni Termiz tuman hokimligi tomonidan tadbirkorlik qilib kelayotgan savdo shoxobchasi buzib tashlashni talab etilganligi bois, hokimlik binosi oldida oʻz joniga suiqasd qilganligi vajini bayon qildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

    Tuman hokimligida B.E.ning yer ajratish haqidagi murojaatlari mavjudligi fakti oʻrganilganda, u ushbu voqeaga qadar tuman hokimligiga yer ajratish haqida rasman murojaat qilmaganligi aniqlangan.

    Aniqlanishicha, B.E. tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmagan, biroq turmush oʻrtogʻi O.J. 09.03.2018 yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtib, milliy shirinliklar, non-bulka va qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash bilan shugʻullanishga ruxsat beruvchi guvohnomaga ega boʻlgan.

    Biroq, O.J. tumandagi “Uchqizil” mahallasida 2018 yil boshlaridan 50 kv.m. yer maydonda oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda ayvon (naves) qurib olib, undan umumiy ovqatlanish shahobchasi sifatida foydalanib, aholiga “perashki” pishirib sotish bilan shugʻullangan.

    2018 yil noyabr oyida tuman hokimligining qurilish boʻlimi tomonidan B.E. yuqoridagi noqonuniy qurilishni buzib olish haqida ogʻzaki ravishda ogohlantirilgan va u oila aʼzolari bilan birga 2018 yil 4-5 dekabr kunlari noqonuniy qurilmani oʻz ixtiyori bilan buzib olib, buzishdan chiqqan qurilish materiallarini oʻzlari olib ketgan.

    VMning 467-sonli qarorining 8-bandida vakolatli organ oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat aniqlangan taqdirda, ushbu imoratni qurgan shaxsni 15 kun muddatda ixtiyoriy buzib olish toʻgʻrisida ogohlantirib, dalolatnoma rasmiylashtirish belgilangan.

    Biroq, B.E. qonuniy qurilmani oʻz ixtiyori bilan buzib olganligi bois, hujjat rasmiylashtirilmagan.
    Tekshirish davomida Termiz tuman hokimining 28.02.2019 yildagi 1074-sonli qaroriga asosan B.E.ga tumanning “Uchqizil” mahallasi hududidan vaqtincha foydalanish uchun yengil metall qurilmadan iborat 8,0x4,0 metr oʻlchamdagi 40,0 m.kv. yer maydonida koʻchma “Savdo rasta”ni oʻrnatishga ruxsat berilishi taʼminlandi.

    B.E. hozirda hech kimga daʼvosi yoʻqligini, qilgan ishidan pushaymonligini maʼlum qilgan.
    Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Termiz tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    » » Surxondaryoda oʻziga oʻt qoʻygan fuqaro boʻyicha Bosh prokuratura maʼlumot berdi