Gulnora Karimova 865 million dollar miqdorida pora olishda ayblanmoqda

  • 08 mart 2019, 10:15
  • 1 598
  • Jamiyat
  • Gulnora Karimova 865 million dollar miqdorida pora olishda ayblanmoqda
    Oʻzbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova va MTSning Oʻzbekistondagi shoʻba korxonasi - “Uzdunrobita” sobiq bosh direktori Behzod Ahmedov AQSHda pul yuvish va 865 million dollar miqdorida pora olishda ayblanmoqda. Bu haqda Nyu-York Janubiy okrugi prokuraturasi xabar berdi, deb yozdi Kun.uz nashri RIA Novostiga tayanib.

    “Bugun Oʻzbekiston sobiq rasmiy vakili, Oʻzbekiston sobiq rahbarining qizi Gulnora Karimova va Rossiyadagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyasi - «Mobilniye TeleSistemi” (“MTS”)ning Oʻzbekistondagi shoʻba korxonasi “Uzdunrobita” sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida eʼlon qilindi», - deyiladi xabarda.

    Qayd etilishicha, jinoiy ish “xorijiy korrupsiya amaliyotlari toʻgʻrisidagi qonun tarixida eng yirik holat” yuzasidan ochilgan.

    Prokuraturaning taxminicha, Karimovaga hammasi boʻlib 865 million dollar toʻlab berilgan.

    Bosh prokuror yordamchisi Brayn Benchkovskiyning soʻzlariga koʻra, Gulnora Karimova uchta telekommunikatsiya kompaniyasidan 865 million dollar miqdorida pora olish va keyinchalik bu poralarni AQSH moliya tizimi orqali yuvish uchun oʻz rasmiy mavqeidan foydalanishda ayblanmoqda.

    MTSʻdan tashqari, matnda Vimpelcom LTD (Bilayn) hamda Telia Company AB (Telia) haqida soʻz yuritilgan.

    Rossiyaning MTS mobil operatori AQSHning qimmatbaho qogʻozlar va birjalar komissiyasi va adliya vazirligi bilan Oʻzbekistondagi sobiq shoʻba korxonasi atrofidagi tergov yuzasidan kelishuv tuzdi va bu kelishuv doirasida 850 mln dollarlik jarima toʻlaydi.

    2015 yil bahorida AQSH adliya vazirligi Niderlandiya prokuraturasi bilan birgalikda Vimpelcom, MTS va TeliaSonera kompaniyalarining Gulnora Karimova bilan aloqasi borligi taʼkidlanadigan Takilant kompaniyasi bilan bitimlari yuzasidan tergov boshlagan. Oʻsha yil avgustida AQSH hukumati Yevropaning 5 ta davlatiga ushbu ish boʻyicha bir mlrd dollarlik aktivlarni muzlatib qoʻyish iltimosi bilan murojaat qilgan.

    Tergov versiyasiga koʻra, aloqa operatorlari korrupsiyaviy sxema yordamida Gulnora Karimova bilan bogʻliq tuzilmalarga Oʻzbekiston bozoriga chiqish, chastotalar olish va boshqa bitimlarni amalga oshirish huquqi evaziga yuzlab million dollar oʻtkazishgan. 2016 yilda Vimpelcom ushbu ish doirasida 795 mln dollar toʻlab bergan.

    Eslatib oʻtamiz, avvalroq Gulnora Karimova umumiy tartibli koloniyaga oʻtkazilgandi.

    » » Gulnora Karimova 865 million dollar miqdorida pora olishda ayblanmoqda