11:50 / 23.03.2019
3 474

Qaynonamning maktabi yoxud oʻsmir tarbiyasida keksalar oʻgiti

Qaynonamning maktabi yoxud oʻsmir tarbiyasida keksalar oʻgiti
Farzand tarbiyasi egallash mushkul boʻlgan ilmlardan biri ekan. Buni faqat boshdan oʻtkazgan kishigina tushunishi mumkin. Bolalarim kichikligida shoʻxligi, tez-tez kasal boʻlishidan aziyat chekkan boʻlsam, ulgʻaya boshlagach, qalbiga yoʻl topish, biror masalani yotigʻi bilan tushuntirish muammoga aylandi.

Katta farzandim oʻgʻil. Boshlangʻichda faqat aʼlo baholarga oʻqirdi. Yuqori sinfga oʻtgach, negadir behafsala, hech narsaga tobi kelishmaydigan boʻlib qoldi. Har kuni ishdan kelgach, koyish bilan arang darsini qildiraman. Shunda ham ogʻzaki topshiriqlarga javob bermasligini oʻqituvchisidan eshitib, koʻnglim xira tortdi. Men mayliku-ya, horib-charchab yarim tunda uyga keladigan dadasi ham rosa tanbeh berdi. Yonimizda turadigan qoʻshnimizning oʻgʻli, sinfdoshini koʻp marta namuna qilib koʻrsatdik. Hatto, oxirgi chora deb, har bir olgan aʼlo bahosi uchun biror narsa olib berishni vaʼda ham qildik. Avvaliga birozgina qiziqish bilan harakat qildi-yu, yana eski odatiga qaytdi. Qancha gapirsak ham foydasi boʻlmayotganini koʻrib, taʼtilda ham u bilan qoʻshimcha mashgʻulotlar olib borish kerak, degan qarorga kelib, oʻgʻlimni turli toʻgaraklarga yozdirib keldim.

Shu vaqtda qishloqdan buvisi koʻrgani kelib qoldi. Bizni tashvishga solayotgan masaladan xabar topgach, yoniga nabirasini oldi-da, “Oʻgʻlim sinfidagi eng zukko bola. Qarab turinglar, kelgusi yil birorta past baho olmaydi. Qani, bolam, uydagi kitob-daftarlaringni yigʻishtir, sen bilan qishloqda ikkimiz birga dars tayyorlaymiz”, dedi. Axir, shuncha oʻquv kurslarini tashlab ketadimi, degan gapimga ham quloq solmay, oʻgʻlimni oldiga solib olib ketdi. Ish bilan boʻlib, bir oylar chamasi qishloqqa bora olmadik. Oxiri, yozgi taʼtilini behuda oʻtkazmasin, deb oʻgʻlimni olib kelishga bordim. Darvozadan kiraverishdagi supada dars tayyorlab oʻtirgan qaynonam bilan oʻgʻlimni koʻrib hayratlandim. Tavba, kitob ushlashga tobi kelmaydigan bola nechuk oʻqish-yozishdan bosh koʻtarmayapti, degan savolimga javob qidirardim. Meni koʻrgan qaynonam oʻrnidan turib, supaga oʻtkazdi. Salom-alikdan keyin oʻgʻlim kitob-daftarlarini yigʻishtirib, ayvonga kirib ketdi. Uning ortidan tikilib turganimni koʻrgan qaynonam miyigʻida kulib:

— Ha, kelin, nega hayron boʻlasiz? — dedi. — Har holda, besh farzand katta qilganman. Bu borada tajribam katta. Er-xotin ikkingiz bola bechorani “oʻqi, oʻqi”, deb juda qiynab yuboribsiz. Kelganda juda qaysar, gapga quloq solmaydigan edi. Hozir bir suhbatini oling, tanimay qolasiz. Xuddi kattalardek siz bilan barobar fikrlashadi. Endi u ham ulgʻayib qoldi. Bunday pallada bolani ezish emas, ragʻbatlantirish kerak. Hadeb “oʻqimayapsan, baholaring pasayib ketdi”, deb koyishdan naf yoʻq. Undan koʻra, “oʻqisang, sinfingning eng aʼlochisi boʻlasan. Bunga ishonaman”, deb ikki ogʻiz shirin soʻz aytsangiz, olam guliston.

Ey, bolam-ey, farzand ham xuddi sizu bizdek, koʻngli nozik, tanqidni xushlamaydi. Maqtovdan ruhlanadi. Uning kamchiligini boʻrttirishdan koʻra, kichik boʻlsa-da, yutugʻini koʻrsatib berishning foydasi katta. Ona-bola ikkimiz shunday ishladik. Mana, har qanday kursingizdan aʼlo qilib oʻqitib oʻtiribman.

Koʻrganlarimdan koʻnglim yorishib, uyga qaytdim. Taʼtil vaqtida rejalashtirgan barcha toʻgaraklarni bir chetga surib, oʻgʻlimni buvisining oldida qoldirib keldim. Umrida biror badiiy asar oʻqimagan bolamga katta-katta kitoblar mutolaa qildirishning uddasidan chiqayotgan qaynonamdan farzand tarbiyasida oʻrganishim kerak boʻlgan narsalar anchagina ekanini tushundim.
Saodat IMOMOVA,
Andijon shahri

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qaynonamning maktabi yoxud oʻsmir tarbiyasida keksalar oʻgiti