1 apreldan Oʻzbekistonda mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish tizimi joriy etiladi

  • 30 mart 2019, 17:00
  • 1 099
  • Jamiyat
  • 1 apreldan Oʻzbekistonda mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish tizimi joriy etiladi
    30 mart kuni Aloqa tarixi muzeyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi “Respublikamiz hududlarida mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish tizimini joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida” matbuot anjumani oʻtkazdi.

    Matbuot anjumani doirasida respublika uchun yangi boʻlgan xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari boʻyicha mobil qurilmalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, roʻyxatdan oʻtkazish tizimini joriy etish taqdimoti oʻtkazildi.

    Matbuot anjumanida qayd etilganidek, mobil qurilmalarni hisobga olish tizimining joriy etilishi mamlakatda 2019 yilning 1 aprelidan boshlanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimining operatori sifatida “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” Davlat unitar korxonasi belgilangan boʻlib, mazkur korxona negizida mobil qurilmalarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish tizimi oʻrnatildi. Mazkur tizim Oʻzbekiston Respublikasining barcha GSM-operatorlari tarmoqlariga ulangan boʻlib, ular oʻrtasida “onlayn” rejimida oʻzaro maʼlumot almashish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur tizim import qilinadigan mobil qurilmalarning registratori vazifasini bajaradi.

    1 apreldan boshlab Oʻzbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarning avtomatik tarzda roʻyxatga olish amalga oshiriladi.

    Qurilmani avtomatik roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun haq olinmaydi.

    Mahalliy GSM-operatorlar tarmogʻida oʻzining mobil qurilmasidan foydalanayotgan abonentlardan ularga tegishli qurilmani roʻyxatdan oʻtkazish uchun hech qanday harakatlar talab etilmaydi – roʻyxatga olish harakatlari tizim operatori va aloqa operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.

    Hisobga olish va qurilmani roʻyxatdan oʻtkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:

    1) kontrafakt qurilmalarni – yaʼni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani,
    2) oʻgʻirlanganlik yoki yoʻqotganlik sababidan “qora roʻyxat”ga kirib qolgan qurilmani,
    3) bojxona nazoratidan oʻtmagan qurilmalarni.

    Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomini toʻgʻriligini – UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.

    Hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish tizimi, shuningdek, GSMA assotsiatsiyasi bilan axborot almashinuvini oʻrnatishga, qolaversa, oʻgʻirlangan yoki yoʻqolgan abonent qurilmalari roʻyxati almashinuvini yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

    Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan. Belgiya, Chili, Kosta-Rika, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gana, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Malta, Norvegiya, Portugaliya, JAR, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Venesuela shular jumlasidandir. GSMA bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida oʻgʻirlangan yoki yoʻqolgan qurilmalarni ishlatishni cheklash imkonini beradi. Ayni paytda, Oʻzbekiston hududida va aksincha GSMAʻga aʼzo kompaniyalar tarmoqlarida Oʻzbekiston Respublikasining “qora roʻyxati”ga kiritilgan qurilmalarni ishlatishning imkoni boʻlmaydi.

    Mobil terminallarni hisobga olish nazorati tizimi quyidagilarga imkon beradi:
    • Abonent qurilmalaridan foydalanish yoki oʻgʻirlangan qurilmalar bilan bogʻliq jinoyatlarni oldini olish va aniqlash.
    • Oʻzbekiston Respublikasiga noqonuniy, kontrabanda yoʻl bilan abonent qurilmalarini olib kelinishini cheklash.
    • Xaridorlarga abonent qurilmalarini sotib olish paytida ularning maqomini tekshirishga, xarid qilinayotgan mahsulot sifati va servis xizmati kafolatini taʼminlashga yordam berish.
    • Xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kontrafakt abonent qurilmalaridan foydalanishni kamaytirish hisobiga fuqarolar sogʻligʻi himoyalash.
    • Kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalari noqonuniy aylanmasining pasayishi hisobiga telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobatni taʼminlash.

    » » 1 apreldan Oʻzbekistonda mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish tizimi joriy etiladi