14:54 / 14.04.2019
2 910

Davlat xizmatchilari necha soat ishlashi kerak?

Davlat xizmatchilari necha soat ishlashi kerak?
Turli ishtibohlardan xoli davlat siyosati o‘z yo‘nalishini ijobiy tomonga o‘zgartirib bormoqda. Qisqa muddat ichida katta marralarni zabt etish vazifasi qo‘yildi. Davlat tashkilotlariga ularning asosiy majburiyati — xalq bilan muloqot qilish eslatib qo‘yildi. Shuning uchun davlat xizmatchilari oldiga yirik masshtabdagi topshiriqlar berilyapti. Buni nimasi yomon, dersiz?

Vatan ravnaqi yo‘lida tinmay mehnat qilishni qoralash niyatidan yiroqmiz. Ammo masalaning boshqa jihatini ham ko‘rib chiqish lozim: kun-u tun faqat ish bilan band bo‘lgan davlat xizmatchisi oilasiga qancha vaqt ajratishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ayrim hukumat tashkilotlarida ma’lum tizimga qo‘yilmagan ish vaqti oqibatida jamiyatda qanday muammolar yig‘ilib qolganligidan xabardormisiz? Sohadagi birgina vaqt muammosi qanchalik muhim? Mavzu yuzasidan fikr olishda ijtimoiy hayotda hal qiluvchi o‘ringa ega o‘rta elit qatlam vakillaridan ko‘mak so‘raldi.

«Tizimli yondashuvni amaliyotga tatbiq qilish kerak»
Sotsiolog Zavqiddin Gadoyevning aytishicha, davlat xizmatlarida faoliyat olib borayotgan shaxslarning vaqt me’yorlariga amal qilmasdan ishlashi shaxsiy hayot va salomatlikka putur yetkazishi mumkin.

«Davlat xizmatlarini tashkil etishda tizimli yondashuv yanada mukammalashsa, menimcha, byurokratiya ancha chekinadi, soha xodimlarining zo‘riqib ishlashiga hojat qolmaydi. Tizimli yondashuv nimalardan iborat? Elektron hujjatlar almashinuvi, elektron hisobotlar – bir so‘z bilan aytganda e-government (elektron hukumat)ni aktivlashtirishimiz kerak», — deydi u.

«Ota-onaning bolaga ajratayotgan kunlik vaqti har yili 3 daqiqaga kamaymoqda»
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi loyiha rahbari Feruza Akramova esa ota oilada namuna ob’ekti bo‘lib, iqtisodiy jihatdan ta’minlovchi shaxsligiga urg‘u berdi.

«Shuning uchun u asosiy vaqtini ko‘chada o‘tkazadi. Lekin bu oilasiga vaqt ajratishni xohlamaydi, deganimas. Iloji boricha farzand tarbiyasiga hissa qo‘shishni xohlaydi. Harbiylarda tadqiqot o‘tkazganimizda, farzandlariga qancha vaqt sarflashlari bo‘yicha savol berdik. Ma’lum bo‘lishicha, ular ko‘proq vaqtini oilasi bilan o‘tkazishni xohlashadi, ammo xizmatchilik bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ota-onaning farzandiga ajratayotgan vaqti ayni vaqtda 10 daqiqani tashkil qilyapti. Har yili 3 daqiqadan yo‘qotib boryapmiz», — deya qayd etgan u.

Akramovaning bildirishicha, otaning bolaga ajratadigan vaqti unda shaxsiy fazilatlarning shakllanishida, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshishida katta rol o‘ynaydi.

«Maktabning yuqori sinf o‘quvchilari (8, 9, 10) bilan «Intellektual jihatdan iste’dodli yoshlar o‘rtasida ota-ona munosabatlarining xususiyatlari» mavzusida tadqiqot o‘tkazdik. Shuni aniqladikki, otaning suhbati qiz bolaning tafakkurini shakllanishiga hissa qo‘shsa, o‘g‘il bolaning esa xulq-atvoriga ta’sir qiladi. Afsuski, hozirgi vaqtda otalar hatto o‘g‘liga e’tibor berolmayapti. Bu qanday oqibatlarga olib keladi? Farzand uyda onadan tarbiya olsa, bog‘cha, maktab, undan yuqori ta’lim muassasalarida ayol murabbiylardan saboq olishi bora-bora o‘g‘il boladagi sifatlarning yo‘qolishiga olib keladi. Keyinchalik esa mas’uliyatsizlik, qat’iyatsizlik, qarorlarni mustaqil qabul qilolmaslik, oilada o‘z so‘ziga ega bo‘lmaslikni yuzaga keltiradi», — deya qo‘shimcha qilgan Feruza Akramova.

Juda ko‘p ajralishlarga sabab bo‘layotgan omillardan biri farzand tarbiyasida otaning o‘rni yo‘qligi, deb hisoblaydi Akramova.

— Hayotda to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi ideal model vazifasini faqat ona bajaryapti. Shuning uchun o‘g‘il rafiqasi va onasi o‘rtasida munosabatlar balansini saqlay olmayapti. Natijada, so‘nggi hal qiluvchi qarorni o‘g‘il qolib ona chiqaryapti. Mentalitetda erkak kishi asosan boquvchi sifatida qaralishi ham yuqoridagi vaziyatlarga olib keladi, — deydi u.

«Xodim rahbarga yaxshi ko‘rinish uchun ham uzoq vaqt ishlaydi»
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev otaning oilasiga kam vaqt ajratib, ko‘p vaqtini ishda o‘tkazishi farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqligiga ishonadi.

«Biroq bir narsani hisobga olish kerak: hech kim o‘zi xohlagani uchun atayin uzoq vaqt ishda o‘tirmaydi. Buning ma’lum sabablari bo‘lishi mumkin,biroq shuni unutmaslik kerakki, har kim ish vaqti tugaganidan so‘ng ishdan uyiga ketishi mumkin. Afsuski, rahbarlarga yaxshi ko‘rinish va normaga solinmagan ish hajmi sababli ayrim hollarda ko‘proq erkaklar ishdan tashqari vaqtda ham ishda bo‘lishadi. Bu mehnat qonunchiligi talablariga zid», — deya qayd etadi u.

Deputatning fikricha, shunday holatda oilada ona farzand tarbiyasida tashabbusni qo‘lga olib,oilada ota va onaning o‘rnini tushuntirishi,bola qalbiga singdirib borishi kerak. Bunda ayoldan zukkolik va zehn talab qilinadi. Agar ayolda bunday xususiyatlar bo‘lmasa, ota ishdan tashqari vaqtini oilasi bilan o‘tkazgani ma’qul.

Kam vaqt sarflab ham ulkan marralarni zabt etish mumkin. Butun kun idorada qog‘ozga ko‘milib ishlash keyinchalik samaradorlikni oshirishiga ishonasizmi? Yuqorida aytilganidek, tizimli yondashuvni qo‘llash vaqti kelmadimikin?

Yana bir muhim jihatga e’tibor qiling: idoralarda vaqtni to‘g‘ri taqsimlash (time management)ga unchalik ahamiyat berilmayapti. Eng avvalo, rahbar va xodimlar o‘z vazifalarini aniq belgilab olishlari va uni qanday qilib bajarish mumkinligini anglab yetishi lozim.

Shuningdek, optimal yechimga «Davlat xizmatchisi to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini rasman qabul qilish orqali erishish mumkin. Unda davlat xizmatchisining vazifasi, majburiyatlari to‘liq o‘z ifodasini topishi lozim. Qonunni tayyorlashga malakali psixologlarni ham jalb qilish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu keyinchalik paydo bo‘lajak ijtimoiy muammolarni oldini olgan bo‘lardi.
Muhabbat Ma’mirova

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat xizmatchilari necha soat ishlashi kerak?