14:53 / 18.04.2019
4 898

TVdagi pulli shoular millatni zombiga aylantiryapti(mi?)

TVdagi pulli shoular millatni zombiga aylantiryapti(mi?)
Xususiy telekanallarda o‘zbek TV tarixida ilk marta katta shov-shuvli shoular davri boshlandi. «Zo‘r TV»ning «Boriga baraka»si boshlab bergan ana shu yurishni hozir boshqa kanallar ham davom ettirmoqda.

Tan olish kerak, «Boriga baraka» qisqa muddat ichida katta auditoriyaga ega bo‘ldi. Xalqimiz bir necha usullar bilan to‘lovlar qilib, o‘yinda qatnashishni istamoqda. Keyinroq unga taqlidan «Omad shou» («Mening yurtim») chiqdi. «Boriga baraka»da knopka bosishsa, «Omad shou»da baraban aylantiriladi. Xullas, tavakkal.

Anonslarga quloq tutsak, yaqin orada boshqa kanallardayam shunday shoular chiqishi kutilyapti: «Millioner shou», «Boyvachcha shou» va hokazo. Biz ularni yomonlamoqchi emasmiz, g‘ayirligimiz ham yo‘q. Lekin ba’zi fikrlarni aytib o‘tsak.

Dunyo tan olgan o‘yinlarni olaylik. «Kim millioner bo‘lishni istaydi?» o‘yini, masalan. Ishtirokchilar bilimi evaziga pul yutishadi. Yoki «Pole chudes»ni oling, undayam baraban aylantiriladi, ammo savol-javobi bor.

Bizdayam bunday o‘yinlar bor, yo‘q emas. Masalan, «Omadli taksi» («Mening yurtim»), «Bingo» («Sevimli») teledasturlarida ishtirokchilarga savollar berilarkan, javob bersa, pul yutug‘i taqdim etiladi. Mana, iloji bor ekan-ku!

Xalqni shunchaki maqsadsiz knopka bostirib yoki baraban aylantirib, pul bilan aldash islom diniga ham to‘g‘ri kelmasligini bizgacha aytib bo‘lishgan. Mayli, qandini urishsin, biroq shuni aqlliroq qilsa bo‘ladi-ku! Odamlarning ko‘zini pul bilan shamg‘alat qilib, ularni zombiga aylantirishdan nima foyda bor?

O‘, foydasi juda katta bo‘lyapti, foydasi bo‘lmaganda allaqachon yopilib ketardi, deysiz-da. Kimo‘zarga shou qilish avj olyapti, bu millatni savodsizlikka, boqimandalikka, oson pul topishga va dangasalikka o‘rgatadi. OAV (TV ham) bunga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Masalan, «Boriga baraka»da qatnashish uchun palon savollarga javob berishni yo‘lga qo‘yish mumkin. «Tasvir» gazetasi orqali savollar beriladi. To‘g‘ri, reklama to‘xtashi mumkin, ammo xalq sal savodli bo‘ladi.

«Omad shou»ga ham shu taklif. Soklarning orqasini ishqalab yurishdan ko‘ra jiddiyroq va aqlliroq ishlarga ham qodir xalqimiz.
«Milliy TV»ning «Millioner shou»si qanday bo‘lishini hozircha bilmaymiz. Umidimiz shuki, unisi sal aqlliroq yurish qilsin.

Telekanallar bir o‘ylab ko‘rishar...

Manba: «Zednews» kanali

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » TVdagi pulli shoular millatni zombiga aylantiryapti(mi?)