18:40 / 08.07.2019
6 209

Barcha soliq to‘lovchilarning diqqatiga!

Barcha soliq to‘lovchilarning diqqatiga!
Mamlakatimizning investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilash, adolatli raqobat tamoyillarini joriy etishni ta’minlash hamda soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyotini tartibga solish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi PF-5755- sonli Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonda:
1. 2019 yil 1 avgustdan boshlab, yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin;
kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

2. Belgilansinki, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:
a) benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste’molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat’i nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi;

b) tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat’i nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida hisobga turishi shart;

v) quyidagilar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan, shu jumladan, import qilinganda ham imtiyozlar bekor qilinadi:
- asbest, ko‘mir, yog‘och materiallari, yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi;
- soya danagi, kungaboqar va kunjut urug‘lari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi;
- qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;

g) yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag‘laridan foiz ko‘rinishida olingan to‘lov manbaini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

3. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida belgilansinki:
- 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi;

- 2019 yil yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Bunda 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegaraviy darajasiga yetgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi;

- paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadilar. Bunda ularga 2018 yilning 1 oktyabridan ilgari bo‘lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xom ashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to‘g‘risida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash huquqi beriladi.
Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Barcha soliq to‘lovchilarning diqqatiga!