10:35 / 28.07.2019
3 678

2022 yilda O‘zbekistonda aholi ro‘yxatga olinadi

2022 yilda O‘zbekistonda aholi ro‘yxatga olinadi
Aholini ro‘yxatga olishning ahamiyatli jihatlari ko‘p. Bu avvalo mamlakat aholisining aniq soni, jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari haqida aniq va ishonchli ma’lumot olish hamda bu borada yagona bazani yaratish imkonini beradi.

Bunday kompleks o‘rganish natijasida aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar tayyorlanadi. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi ishlar hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish, ya’ni turar va noturar joylarning aniq soni, holati, tegishli hududlarda uy-joy ob’ektlarini qurish masalalariga oydinlik kiritadi. Respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasini yaratilishini ta’minlaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi qancha va bu stastika qanday manbalarga asoslangan?

O‘zbekistonda so‘nggi bor aholi 1989 yilda ro‘yxatga olingan. Har yili bu borada taqdim etiladigan statistika esa tumanlardagi Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etiladigan tug‘ilish va o‘lim holatlari, qolaversa, yurtimizga keluvchi va mamlakatimizdan ketgan aholi hisob-kitobi asosida amalga oshiriladi. Ana shu hisob kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 33 milliondan oshgani Toshkentda istiqomat qiluvchilar esa taxminan 2,5 mlndan ziyoddir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining «2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar» rezolyutsiyasi qabul qilingan. Unga ko‘ra, mazkur tashkilotga a’zo davlatlar albatta o‘z hududlarida aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazishlari lozim. Bu tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishni ta’minlash maqsadida prezident farmoni ham qabul qilingan. Hozirda uning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan aholini ro‘yxat olish tadbirlarini munosib tarzda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Dunyo amaliyotida aholini ro‘yxatga olishning bir necha usul va yondoshuvlari mavjud. Ulardan birinchisi an’anaviy usul bo‘lib, unda respondent bilan bevosita bog‘lanib, elektron yoki qog‘oz shaklda so‘rovnoma o‘tkaziladi.

Ikkinchi yondoshuv idoraviy ma’lumotlardan foydalanish usulidir. Bunda turli idoralarda mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar bazasidan foydalvniladi.

Uchinchi yondoshuvda esa bir vaqtning o‘zida an’anaviy va idoraviy usuldan foydalaniladi.

Hozirda mutaxassislar yurtimizning turli hududlarida bu usullarning qay biri samarali bo‘lishini o‘rgangan holda, aholini ro‘yxatga olish ishlarini olib borish tadbirlarining rejasini ishlab chiqishmoqda. Dastlabki hisob-ktoblarga ko‘ra, mamlakatimizda mazkur jarayon uchun 265 kun talab etiladi. Bu tadbirni o‘z vaqtida samarali o‘tkazish uchun o‘qituvchi, talaba va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ko‘ngillilar jalb etilishi va so‘rovnamalarda AKT yutuqlaridan keng foydalanish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, yurtimizda boshqa hech bir davlatda uchramaydigan noyob tuzilma - mahallalar mavjudligi hammaga ayon. Aholini ro‘yxatga olish ishlarida undagi jamoatchilik, posbonlarga ham alohida vazifa va mas’uliyat yuklanadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 2022 yilda O‘zbekistonda aholi ro‘yxatga olinadi