Saida Mirziyoyeva: «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga blogerlar haqidagi moddalar qo‘shish taklif etilmoqda

  • 03 avgust 2019, 10:46
  • 529
  • Jamiyat
  • Saida Mirziyoyeva: «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga blogerlar haqidagi moddalar qo‘shish taklif etilmoqda
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘zining Instagram sahifasida jurnalistlarning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik hamda blogerlarga jurnalistlar kabi huquqlar berish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida post joyladi.

    «Bugungi kunda biz tomondan mamlakatimiz OAV va blogerlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq normalar ishlab chiqilmoqda.
    Jumladan, qonun hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda:

    - Jurnalistning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish, uning so‘rovi asosida axborotni (hujjatlarni) taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etishda ifodalangan tarzda to‘sqinlik qilish, shuningdek, jurnalistga bosim o‘tkazish, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik kiritish;
    - Blogerlarga jurnalistlar kabi huquqlar berish.

    Shu munosabat bilan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Unda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar taklif etilgan.

    Ushbu loyiha bo‘yicha har qanday taklif va mulohazalaringizni kutib qolamiz. Ular hujjat loyihasini takomillashtirish jarayonida o‘rganib chiqiladi va inobatga olinadi.

    Taklif, g‘oya va tavsiyalaringiz uchun avvaldan minnatdorlik bildiraman.
    Qonun loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin», deb yozadi S.Mirziyoyeva.

    Qayd etib o‘tish kerakki, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga kiritish uchun muhokamaga tashlangan o‘zgartishlarda blogerlar jurnalistlarga xos bo‘lgan huquqlardan foydalanishi, shuningdek, jurnalistlarga zarur axborotni taqdim etmagan, ularning profesional faoliyatiga to‘sqinlik qilgan va aralashgan, ularga bosim o‘tkazgan fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan jarima jazosini kiritish nazarda tutilmoqda.

    » » Saida Mirziyoyeva: «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga blogerlar haqidagi moddalar qo‘shish taklif etilmoqda