08:58 / 28.08.2019
2 358

Har bir ishni puxta qilmoq lozim

Har bir ishni puxta qilmoq lozim
"Agar Coca Cola qandaydir ofat, halokat tufayli barcha ishlab chiqarish aktivlarini yo‘qotsa ham, kompaniya o‘z faoliyatini davom ettiraveradi. Ammo barcha iste’molchilar to‘satdan xotiralarini yo‘qotib, Coca Cola ichimligi bilan bog‘liq barcha narsani unutib qo‘ysalar, kompaniya yo‘q bo‘lib ketadi..."
Coca-Cola kompaniyasi ijrochi direktori

Naqadar kuchli aytilgan! Bu gap bugungi kunda obro‘-e’tiborli, ishonchli NOMning qanchalar muhimligini ko‘rsatadi.

Tadbirkor uchun brend – bu uning bozordagi mahsuloti obro‘si. Iste’molchilar biror mahsulotni ko‘rganda ularda qanday xotira va hissiyotlar uyg‘onsa, ular shunga qarab qaror qabul qilishadi (ya’ni sotib olishadi yoki sotib olishmaydi).

G‘arb mamlakatlarida bitta brend asrlar davomida dunyoga tanilib turadi. Masalan, Coca-Cola brendi 1882 yilda ro‘yxatga olingan, McDonald’s esa 1940 yildan beri xaridorlarga o‘z mahsulotlarini taqdim qilib kelmoqda. Bugungi kunga kelib faqat Coca-Cola brendining o‘zi 57,3 milliard AQSh dollariga, McDonald’s niki esa 41,6 milliard AQSh dollariga teng.

Bizdagi holat: biror jarangdor nom ostida mahsulot ishlab chiqarishni boshlashadi yoki biror qahvaxona, choyxona yoki oshxona ochishadi va bir muddat yuqori sifatli mahsulot sotishadi, xizmat ko‘rsatishadi. Biroz vaqt o‘tgandan keyin mahsulot sifati o‘zgaradi – xizmat sifati tushadi. Chunki bu paytga kelib shu biznes egasining oldiga qo‘ygan ma’lum maqsadlari amalga oshgan bo‘ladi (imorat bitgan, to‘y o‘tgan, ulov olingan...) va iste’molchi manfaati ikkinchi va hatto uchinchi darajaga o‘tadi.

Qisqa muddat ichida xaridor brendga aylanib ulgurmagan bu nomni unutadi va biznes tugaydi. Oddiy bir haqiqat – iste’molchining manfaati biznesning keyingi rivoji ekanligini anglamaslik butun boshli biznesning tugashi bilan yakun topadi (shu o‘rinda na bizning mamlakatimizdan, na boshqa biror musulmon davlatidan dunyoga tanilgan brend chiqmaganligini afsus bilan qayd etishga majburmiz).

Mashhur gap bor: “Avval siz nom chiqarish uchun ishlaysiz, keyin nom siz uchun ishlashni boshlaydi”. Yaxshi gap... ammo unchalik to‘g‘ri emas, chunki bir marta yig‘ilgan obro‘ bir umr siz uchun ishlamaydi, bozor birdek turavermaydi, iste’molchilar talabi ham o‘zgarib turadi. O‘zingizning ustingizda ishlashni, ishingizga astoydil yondashishni, ishingizni puxta qilishni to‘xtatgan kuningizdan boshlab NOMingizni unutishni boshlashadi, chunki brend bu sizning xatti-harakatlaringiz natijasidir (to‘g‘ri xatti-harakat bo‘lsa ijobiy, noto‘g‘ri bo‘lsa salbiy). Bozor xatolarni kechiradi, ammo uni aldab bo‘lmaydi. Zero, xalqimiz aytganidek, obro‘ misqollab yig‘iladi, botmonlab sochiladi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Har bir ishni puxta qilmoq lozim