O‘zbekistonda shaxsni ushlashda yangi tartib joriy etiladi

  • 08 dekabr 2019, 22:50
  • 1 508
  • Jamiyat
  • O‘zbekistonda shaxsni ushlashda yangi tartib joriy etiladi
    O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida fuqaroni ushlash vaqtida majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini joriy etishni topshirdi.

    Prezident bu haqda Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ma’lum qildi.

    Prezident o‘tgan uch yilda jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratilganini ta’kidladi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Tintuv jarayonini, olingan ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni video tasvir orqali qayd etish shartligi qonuniy asosda belgilangan edi.

    “Biroq aholi bilan muloqotlar huquq buzilishi xavfi bo‘lgan boshqa holatlar bo‘yicha ham shunday choralarni qo‘llash zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, shaxsni ushlab turish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini o‘rnatish zarur”, - dedi prezident.

    U ushlangan shaxs maxsus binoga olib kelinganidan keyin bu haqda uning oila a’zolari darhol xabardor qilinishi kerakligini ta’kidladi. Davlat rahbari buni surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyati sifatida qonunda aniq belgilab qo‘yishni taklif etdi.

    “Bundan tashqari, shaxsni ushlab turish va uning huquqini cheklaydigan boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llash holatlarini hisobga olishning elektron tizimiga o‘tish zarur. Bu jarayonda inson omili ishtirokini iloji boricha kamaytirish lozim”, - dedi Mirziyoyev.

    Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etiladi.

    “Shu orqali surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida muvozanatni, ya’ni o‘zaro tiyib turish tamoyillarini ta’minlash imkoni yaratiladi. Bunday muhim o‘zgarish ham bizning tajribamizda birinchi marta joriy etilmoqda”, - dedi prezident.

    Davlat rahbari ilgari prokuratura idoralari nihoyatda yopiq, nazoratdan xoli bir organi bo‘lgani sir emasligini aytdi.

    “Buning oqibatida qancha-qancha odamlar nohaq jabr chekkani, adolatsizlikka duchor bo‘lgani ham ayni haqiqat. Qanchalik og‘ir va noxush bo‘lmasin, biz shu haqiqatni tan olib, bu sohada qonuniylik va adolatni qaror toptirishga kirishdik”, - deya ma’lum qildi Mirziyoyev.

    U prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish adolat mezonini mustahkamlashda ulkan qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » O‘zbekistonda shaxsni ushlashda yangi tartib joriy etiladi