«Qachon o‘qiladi blogerning janozasi?» — Farg‘ona viloyat hokimi yana muhokamada

  • 15 dekabr 2019, 19:01
  • 2 815
  • Jamiyat
  • «Qachon o‘qiladi blogerning janozasi?» — Farg‘ona viloyat hokimi yana muhokamada
    Kecha ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusi yana Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev bo‘ldi. Selektor yig‘ilishidan olingani aytilayotgan audioga asoslanib ma’lum qilinishicha, Shuhrat G‘aniyev gaz va svet bilan bog‘liq muammoni yoritgan blogerning janozasi o‘qilishini Quva hokimidan talab qilgan.

    Shuhrat G‘aniyevga tegishli ekani aytilayotgan ushbu ovoz avvalgi audioyozuvlardagi ovozi bilan bir xil ekani «Ozodlik» tomonidan ta’kidlangan. Audioda ovoz egasiga Shuhrat Madaminovich deb murojaat qilinadi. Xususan, xabarda shunday deyilgan:

    «Audioda Shuhrat G‘aniyev gaz ta’minoti va unga to‘lovlar haqida gapira turib, noyabr oyining oxirgi kunlarida Quvada gaz yo‘qligidan avtomobil yo‘lini to‘sgan odamlarni videoga olgan shaxsning «janozasi» nega o‘qilmaganini tuman hokimi Ravshan Qurbonovdan so‘raydi:

    — Mana kecha, Quvada, qarzni to‘lab qo‘yishni o‘rniga nima bo‘lyapti, Quvada? Kim ekan o‘sha, telefonda gapirgan, o‘sha ko‘chaga chiqvolib moshinalar o‘tyapti mana hozir... A, oooov tuman hokimi?

    Quva tumani hokimi: — Salomaleykum.
    Shuhrat G‘aniyev: — Salomaleykum. Qani o‘sha?

    Quva tumani hokimi: — Shuhrat Madaminovich, aniqlashtir deganingizga aniqlashtirish....
    Shuhrat G‘aniyev: — Aniqlashtirish kerak emas, qachon o‘qiladi uning janozasi?

    Quva tumani hokimi: — Chorasini ko‘rdik...
    Shuhrat G‘aniyev: — Chora ko‘rish emas bu og‘ayni, janozasi o‘qilsa keyin hisob endi uni.

    Quva tumani hokimi: — Tushunarli...
    Shuhrat G‘aniyev: — Nima deganing u tushunarli.

    Quva tumani hokimi: — Mana reja tuzdik hozir boshlandi...
    Shuhrat G‘aniyev: — Katta xolangnikiga boshlandimi? A? Ammangni sumalagi boshlandimi? Hosil bayramidan mahrum bo‘lding, tamom».

    Ozodlik tomonidan viloyat hokimining matbuot xizmati boshlig‘i Muhammadjon Obidovning Telegram kanaliga murojaat qilingan. Muhammadjon Obidovning javobi quyidagicha bo‘ldi:

    «Birinchidan, audio yezuv montaj qilinganga o‘xshaydi. So‘zlar aniq emas. Uzuq-yuluq bir-biriga ulangani shundoq bilinib turibdi. Bunday yozuv ishonchga sazovor emas.

    Ikkinchidan, hosil bayramidan xech kim mahrum qilingan emas. Viloyatning barcha tumanlari, jumladan quvaliklar xam ishtirok etganlar.

    Uchinchidan, bu aslida kimning ovozi, bu ham munozarali.

    To‘rtinchidan, hatto bu yetkazuvchining manfaati yo‘lida qayta montaj qilingan yozuv bo‘lsada, u ichki, tor doirada o‘tgan yig‘ilishdagi hokimlik tizimi xodimlariga nisbatan aytilgan bo‘lishi kerak.

    Va nihoyat, Ozodlik voqeadan 15 kun o‘tgach Farg‘ona viloyati hokimiga nisbatan adovatli tuhmat xaltasini qoqishtirishidan maqsadi ne, bizningcha boshqa mavzu topolmaganidan deb hisoblaymiz».

    Shu bilan birga Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati ham Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu ayblov bo‘yicha rasmiy javob bilan chiqish qildi. Unga ko‘ra, «Ozodlik» tomonidan prankerlar (ovoz o‘xshatuvchilar) ishtirokida Shuhrat G‘aniyevga tuhmat uyushtirilgani aytiladi.

    Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmatining BAYoNOTI

    «Ozodlik» tarqatgan «Farg‘ona hokimi blogerning «janozasini o‘qish»ni buyurdi» sarlavhali maqolasi yuzasidan quyidagilarni bildiramiz.

    «Ozodlik» Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga nisbatan navbatdagi tuhmatini e’lon qilgan. 2 dekabrda aytilgan deb iddao qilinayotgan audio yozuvdagi ovozi o‘xshatilgan so‘zlar biron bir selektor yig‘ilishida Sh.G‘aniyev tomonidan aytilmagan. Sh.G‘aniyev jurnalist yoki blogerlarga nisbatan bosim yoki tazyiq o‘tkazmagan, Quva tumani hokimiga bu haqda hech qachon tanbeh bermagan.

    Audio yozuv o‘xshatma ovozning qo‘pol montajidan boshqa narsa emas.

    Hurmatli internet foydalanuvchilari, hamkasb jurnalistlar, blogerlar! «Ozodlik»ning o‘yiniga uchmang, uning tuhmatlariga ishonmang. Agar «Ozodlik»da bunday haqiqiy ovoz bo‘lganida edi, u o‘zi iddao qilishicha 2 dekabrdan buyon uni ushlab turmas edi.

    «Ozodlik»ning kuni endi pranker (ovoz o‘xshatuvchi)larga qolgan ko‘rinadi».

    Yurtimizda dam olish kunlari bo‘lib turgani bois hozircha ushbu holat bo‘yicha boshqa tegishli idoralar tomonidan munosabat bildirilgani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev sentyabr oyida ro‘mol bilan bog‘liq gaplari bois jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilingan edi. O‘shanda hokim qilmishini tan olgan va «Prezidentdan va senatorlardan o‘tinib kechirim so‘ragan» edi.

    Shundan so‘ng ham Farg‘ona viloyat hokimi selektor yig‘ilishida soqolli tadbirkorni majlisdan haydab chiqargani va mulozim «o‘rtoq Qobulov»ga tadbirkorning soch-soqolini «yaltillatib oldirish» bo‘yicha topshiriq bergani bilan tilga tushdi. Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi Muhammadjon Obidov esa ovoz egasi Sh. G‘aniyev ekanini inkor etmagan, biroq holatni tahqir emas, shuncha «tanbeh» sifatida talqin qilishni so‘ragandi.

    Eslatib o‘tamiz, Shuhrat G‘aniyev Qozog‘istondagi fojeada bir avtobus yurtdoshlarimiz yonib ketgach, butun mamlakat karaxt bo‘lib turganda katta yig‘lish o‘tkazib, toshloqliklarni sidirg‘asiga «xaromi!» deb so‘kkani ortidan keng jamoatchilikka tanilgan edi.

    Joriy yilning 30 sentyabrida Shuhrat G‘aniyevning ro‘mol borasidagi gapi Oliy Majlis Senatida muhokama qilindi va u «qattiq ogohlantirilib», uch oylik sinov muddati berildi. Ushbu muddat yakuniga yetishiga yana 15 kun vaqt bor.

    » » «Qachon o‘qiladi blogerning janozasi?» — Farg‘ona viloyat hokimi yana muhokamada