Jurnalist jamiyatning enagasi emas

  • 17 dekabr 2019, 07:23
  • 569
  • Jamiyat
  • Jurnalist jamiyatning enagasi emas
    Foto: «YaiZakon»
    Keyingi paytlarda biror mutasaddi yoki partiya rahbarimi, vakilimi tomonidan tushirilgan «qovun»larga ko‘nikib ham qoldik hisob. Ularning bir-biridan ajib bayonotlari kinoya-yu kulgular bilan qorishgan holda ijtimoiy tarmoqlarni kezib yuribdi hamon. Ammo, amaldagi deputat, XDP Markaziy kengashi a’zosi Boymurod Yusupovning «Jurnalistlar o‘zlarini To‘rtinchi hokimiyat deb hisoblashadi. Uch yilda so‘z erkinligi ta’minlandi, jurnalistlar aholini qiynayotgan qaysi muammoni ko‘tarib chiqib, aniq bir taklif kiritdi ushbu muammoni yechishga?» degan iddaosi hammasidan oshib tushdi, nazarimda.

    Avvalo, jurnalistika faoliyatiga tirkaladigan «to‘rtinchi hokimiyat» degan atama haqida. Bu albatta nisbiy tushuncha, hech qanday yuridik kuchga emas. Magarki, talabaligimizda ustozlarimiz «sizlar to‘rtinchi hokimiyatsizlar» deb ko‘p takrorlagan bo‘lsa, bu azbaroyi jurnalistikaning o‘ta mas’uliyatli kasb ekanligini uqtirish bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas. Lekin, gapning indallosini aytganda, birorta hamkasbimiz bu qiyoslashdan quvonmasa kerak. Ayniqsa, haq gapni aytgan jurnalistlaru blogerlarni «taksiga chiqarib, allakim bilan qo‘shib qo‘yish» yoki «janozasini o‘qitish» bilan tahdid qilingan jamiyatda...

    Deputatning «biror muammoni ko‘tarib chiqib, yechimiga taklif kiritish» xususidagi e’tirozi xususida esa bizning ham asosli e’tirozimiz bor. Avvalo, bu iddaoni siyosiy partiyalar taqdiri hal bo‘layotgan bugungi kunda g‘irt siyosiy bilimsizlik belgisi sifatida talqin qilish mumkin. Birinchidan, deputat nafaqat matbuot, balki jamiyat hayoti bilan yaqindan tanish bo‘lganida, o‘tgan uch yil emas, undan oldin ham jurnalistikamizning odamlar bilan birga bo‘lganini bilgan bo‘lar edi. Ikkinchidan, jurnalistning birlamchi vazifasi — informatsiya tarqatish. Informatsiya ijobiy yoki salbiy bo‘lishi mumkin. Ishonarsiz, shosh-shuvli ma’lumotlar ham bo‘lishi tabiiy. Tanqidga kelsak, hali jamiyatdagi og‘riqlarni jurnalistlardan o‘tib biror vakolatli organ gardaniga olmadi shekilli? Yoki biz bexabarmizmi?!

    Ana endi jurnalist taqdim qilgan axborotni yoki tanqidni saragini sarakka ajratish bu boshqa mutasaddi idoralar vakolatidagi vazifa. Jurnalistning biror muammoli maqola yozishi (bunday chiqishlar bugunda deyarli barcha davriy nashlarda, internet saytlarida berilyapti va ko‘rinadiki, ulardan afsuski ayrim deputatlarimiz bexabar) bu uning kasbiy vazifasi. Maqsad aniq – mavjud muammoga jamoatchilikni, shu orqali mutasaddilar e’tiborini tortish.

    O‘sha muammo yechimiga biror taklif kiritish, uni hal etish esa (vaholanki, aksar hollarda jurnalistlar ko‘tarib chiqqan muammoga yechim ham topib berishyapti) uning vakolatiga kirmaydi va bu vakolat ko‘proq deputatlarimizda mavjud. Xo‘sh, deputatlar o‘zi qilishi mumkin bo‘lgan vazifani nega jurnalistlar zimmasiga yuklayapti, tag‘in saylovoldi kampaniya avj pallasida? Bundan odamlar «ha, deputatlar muammolarni yecholmas ekan, jurnalistlar og‘izlariga chaynab solib qo‘yishi kerak ekan», degan xulosaga kelib qolishmaydimi bunaqada?

    Jurnalistikaga nisbatan qo‘llaniladigan «to‘rtinchi hokimiyat» atamasi sovet davridan qolgan jimjimador o‘xshatishdan boshqa narsa emas. So‘z va matbuot erkinligi ta’minlangan biror mamlakatda bu atama bo‘lmasa kerak, har holda men uchratmaganman.

    Xullas, jamiyat, davlat taraqqiy etishi uchun har kim o‘z vazifasini qilgani ma’qul. Jurnalistlar vazifalarini ozmi-ko‘pmi uddalayapti. Endi hamma gap parlamentimizda. Parlament vakillari aybni o‘zgalardan qidirmasdan, jurnalistlar o‘rtaga tashlagan muammolarga vaqtida yechim topishsa, xalq ishonchini oqlashgan bo‘ladi. Bizda jurnalistlar da’vosisiz ham hokimiyatlar yetarli: ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud. Hamma o‘z ishini qilsin! Jurnalist jamiyatning enagasi emas!

    Usmonjon Yo‘ldoshev

    Manba: Xabar.uz

    » » Jurnalist jamiyatning enagasi emas