08:28 / 24.01.2020
3 713

Harvard universiteti Qur’on oyatini adolatning eng yaxshi e’tirofi deb topdi

Harvard universiteti Qur’on oyatini adolatning eng yaxshi e’tirofi deb topdi
Foto: Harward Law School
Harvard universiteti Qur’onning «Niso» surasi 135-oyatini adolat tushunchasiga berilgan eng yaxshi tavsiflardan biri sifatida tan oldi.
Oyat installyatsiya ko‘rinishida universitetning Yuridik fakulteti kutubxonasiga kirishda devorga osib qo‘yildi, deb xabar bermoqda Islam Today.

Wall of Harvard School of Law/Twitter
«Niso» (arabcha «Ayollar») surasining 135-oyatida shunday deyiladi:
«Ey iymon keltirganlar! Adolat bilan turing hamda agar o‘zingiz, ota-onangiz va qarindoshlaringiz ziddiga bo‘lsa ham, Alloh uchun to‘g‘ri guvohlik beruvchi bo‘ling. Agar u boy bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham, Alloh unga yaqinroqdir. Havoyi nafsga ergashib, adolatsizlik qilmang. Agar tilingizni bursangiz yoki yuz o‘girib ketsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir».

Harvard universiteti rasmiy saytida bayon qilinishicha, oyat insoniyatning adolat va qonun ustuvorligiga bo‘lgan kuchli ehtiyojini eslatib turadi. «Ushbu so‘zlar adolat tushunchasining kuchi va shiddatini ko‘rsatib beradi», deyiladi universitet saytida.

Shuningdek, rasmiy izohda ushbu oyat guvohlik berishda haqiqatni so‘zlashning muhimligi ta’kidlangani bilan ahamiyatli ekaniga e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot uchun, «Niso» surasining 135-oyati Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf muallifligidagi «Tafsiri Hilol»da quyidagicha sharhlanadi:

«Guvohlik Alloh uchun bo‘lishi kerak. Boshqa narsa uchun emas. Biror shaxs uchun, qabila uchun emas, hizb yoki xalq uchun emas. Faqat Alloh uchun bo‘lishi kerak. Ana shundagina adolatli guvohlik bo‘ladi. Albatta, odamning o‘ziga qarshi guvohlik berishi, ota-onasiga qarshi guvohlik berishi oson emas. Lekin ilohiy ta’limot shunga iroda qiladi. Guvohlik berishda nasab omili hisobga olinmaganidek, guvohlik berilayotgan shaxsning, ya’ni ayblanuvchining ijtimoiy holati ham e’tiborga olinmaydi. Havoyi nafs o‘zini sevishga, ota-ona va qarindoshlarga yon bosishga undashi mumkin. U Zot O‘zi bilib, adolat ila jazongizni beradi. Tilingizni burib, noto‘g‘ri guvohlik berishingiz mumkin emas. Shuningdek, mas’uliyatdan qochib, guvohlik berishdan yuz o‘girishingiz ham mumkin emas».

Oyat tafsirida, shuningdek, Muhammad (s.a.v) o‘z hadislaridan birida: «Guvohlarning eng yaxshisi – so‘ralmasdan guvohlik berguvchisidir», degan so‘zlari ham keltirilgan.

Ma’lumot uchun, 1817 yilda tashkil etilgan Harvard yuridik fakulteti AQSHning eng uzoq tarixga ega, uzluksiz faoliyat yuritib kelayotgan yuridik maktabi hisoblanadi. Bir qator mashhur shaxslar, jumladan AQSHning 44-prezidenti Barak Obama ham bu maktabning bitiruvchisi sanaladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Harvard universiteti Qur’on oyatini adolatning eng yaxshi e’tirofi deb topdi