Ertangi kunning yulduzlari

  • 19 fevral 2018, 00:15
  • 4 011
  • Madaniyat
  • Ertangi kunning yulduzlari
    Bollivudning katta avlodiga munosib yangi avlod shakllanib kelyapti. Yulduzlarning birdaniga bir necha farzandi kinoda faoliyatini boshladi. Xo‘sh, qaysi mashhurlarning bolalari yaqin kunlarda katta ekranni “to‘ldiradi”?

    Sara Ali Xon: Kutilmagan qaror
    24 yoshli Sara Ali Xonning – Saif Ali Xon va Amrita Singxning qizining — debyuti Abxishek Kapurning “Kedarnatx” (“Kedarnath”) sarguzasht filmida amalga oshdi. Filmning taqdimoti shu yilning dekabr oyi oxirida bo‘lishi mo‘ljallangan. Katta kinokartinadagi birinchi rol — har doim aktyor uchun jiddiy imtihon, ammo Sarani qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘pligini inobatga olsak, bu uning uchun u qadar murakkab vazifa bo‘lmagan deb o‘ylashimiz mumkin. Qizining ijodiy debyuti haqida gapirarkan, Saif shunday dedi: “Saraga juda ko‘p maslahat berdim. Eng avvalo, men o‘ziga nisbatan haqgo‘y bo‘lishni va o‘ziga xos jihatini – uni boshqalardan farqlaydigan jihatni topishga urinishni maslahat berdim. Menimcha, u nimani nazarda tutganimni tushundi. Sara doim aktrisa bo‘lishni istardi, umid qilamanki, u bu sohada katta yutuqlarga erishadi. To‘g‘ri, qizim uchun qattiq tashvishlanyapman, chunki aktyorlik ishi – ruhiyatni jarohatlaydigan juda og‘ir ish. To‘g‘risini aytsam, men Sara o‘zini boshqa, odatiy sohaga bag‘ishlashiga umid qilgandim, axir u juda yaxshi ta’lim olgan, ammo qizim boshqacha qaror qabul qildi”.

    Sara Ali Xon filmda Sushant Singx Rajput o‘ynayotgan bosh qahramonning sevgilisini o‘ynaydi. Kinokartina ssenariyi avvaldan unga moslab yozildi. 2013 yilda Saif Sushant bilan hamkorlik qilgan edi. Sara “Kedarnath” jamoasiga ancha keyin qo‘shildi. Boshlovchi aktrisaning oilasi uning ishtirokiga darrov rozilik bermadi. Suratga olish ishlari jadvali juda tig‘iz edi, shu bois debyutant aktrisa jadal sur’atda ishlashga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, Sara aktyorlik mahorati kurslariga qatnashga va yangi dugonalari bo‘lmish Malaika Arora Xon hamda Nimrat Kaur bilan muloqot qilishga vaqt topdi.

    Jxanvi Kapur: “ Qaysi bola kinoda suratga tushishni istamaydi?!”
    Kinoyulduz Shridevi va prodyuser Boni Kapurning to‘ng‘ich qizi – 20 yoshli Jxanvi Kapur Bollivud olamida Sara Ali Xonga jiddiy raqiba bo‘lishi kutilyapti. Sohibjamol Jxanvining mashhur onasi izidan bormoqchiligi haqida ko‘pdan beri mish-mishlar yurardi. Hamma afsonaviy sulola davomchisi qaysi kinoloyihada faoliyatini boshlashini o‘zicha taxmin qilardi. Nihoyat, ma’lum bo‘ldi: qahramonimiz Karan Joxarning “Dhadak” filmi – “Yovvoyi” (“Sairat”, 2016) superxitining remeykida suratga tushmoqda. Jxanvining ijodiy hamkori Ishan Kxattar – mashhur Shahid Kapurning ukasi bo‘ladi. Bu Madxur – past tabaqaga mansub yigit va Pari – oliy tabaqaga mansub qizning muhabbati haqidagi dramatik qissa. Boshlovchi aktrisaning onasi, Shridevi jurnalistlarning qizining aktrisa bo‘lish istagi haqidagi savollariga shunday deb javob qaytardi: “Qaysi bola kinoda suratga tushishni istamaydi?! Buni hamma bolalar orzu qiladi. Buning yomon joyi yo‘q. Ammo aktyorlik – yengil kasb emas. Agar ular urinishga tayyor bo‘lsa, nega yo‘q deyishim kerak?”

    Kinoyulduz qiziga faqat bitta maslahat berdi: hafsala bilan va vijdonan mehnat qilish. Chukni har qanday kasb fidoyilik va mehnatsevarlikni talab qiladi. Shridevining aytishicha, Jxanvi xuddi shunday qiz – sabrli, tirishqoq va juda intiluvchan – u hamisha nimani xohlayotganini biladi.

    Ishan Kxattar: Ilk professional mukofot
    Bollivud yulduzi Shahid Kapurning ukasi, aktrisa Nilima Azim va aktyor Rajesh Kxattarning o‘g‘li, 22 yoshli Ishan Kxattarni debyutant demasa ham bo‘ladi, chunki u bolaligida kinoda suratga tushishga ulgurgan, ammo chinakamiga aktyorlik faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi. O‘tgan yilning noyabrida Ishan Turkiyada o‘tgan Xalqaro Bosfor kinofestivalida eng yaxshi aktyor sifatida mukofotlandi. Yosh aktyor nufuzli mukofotga 2017 yil oktyabrda taqdimoti bo‘lgan “Beyond The Clouds” filmidagi bosh rol tufayli erishdi. Ishanning aytishicha, u bu muvaffaqiyati uchun kinokartina rejissyori Majid Majidiy – ajoyib usta va juda yaxshi insondan qarzdor. Aktyorning fikricha, bu mukofot, aslida rejissyorniki. Ilk professional mukofot bilan Ishanni Karan Joxar ham tabrikladi va o‘zining “Dhadak” loyihasiga taklif qildi.
    KOMILA tayyorladi.

    Manba: tasvir.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Ertangi kunning yulduzlari