23:20 / 10.12.2017
9 258

Sh.Mirziyoyev: "O‘zbekistonda daromad qilmasdan yashaydigan zamonlar tugadi!"

Ш.Мирзиёев: "Ўзбекистонда даромад қилмасдан яшайдиган замонлар тугади!"
10 dekabr kuni O‘zbekistonda Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Respublika qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni nishonlanmoqda. “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida mazkur sanaga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi.

"Biz shuncha eksport qilib, o‘zimizni boqyapmiz, yana eksport qilishni o‘rganyapmiz, qo‘shimcha daromad qilyapmiz, tayyor mahsulot yaratyapmiz. Lekin agar har bir meva-sabzavotimizni, kerak bo‘lsa, paxtamizni ham o‘zimizda qayta ishlasak, qanchadan-qancha daromad bo‘ladi, qancha-qancha ishchi o‘rinlar yaratiladi, sizlarning hisobingizda qanchadan-qancha pullar paydo bo‘ladi.

Kelgusi yil yakunida qaysi fermerning hisobida valyuta bo‘lmasa, u fermer bilan kelajakda biz ishlay olmaymiz - u kechagi fermer bo‘ladi. "Bo‘lsa-bo‘ldi, bo‘lmasa - yo‘q", deydigan zamonlar o‘tib ketdi. Faqat ertangi kunga sadoqat bilan xizmat qilgan, o‘z ustida ko‘proq ishlagan, oldiga olimlarni olib, chetga raqobatbardosh mahsulotlar chiqaradigan fermerlar ertaga O‘zbekistonning rivojiga mustahkam zamin yaratishi mumkin", - dedi davlat rahbari o‘z nutqida.

Shu o‘rinda Prezident bu yil 724 ming tonna ho‘l meva chetga sotilgani, 856 million dollarlik valyuta tushgani, tarixda birinchi marta shunday summa tushganini ta’kidlab o‘tdi.

"Bu faqat 20 foiz harakatimiz natijasidir. Agar biz eng kamida yana 60 foiz harakat qo‘shsak, bu milliardlab dollar bo‘ladi. Kimning hisobida bo‘ladi? Fermerlarning hisobida bo‘ladi. Fermer boy bo‘lsa, qo‘li uzun bo‘lsa, valyutasi bo‘lsa, bilasizlarmi qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Hamma sohada!

Shuning uchun bugungi yig‘ilish qatnashchilari, hurmatli fermerlarimiz, agar ertangi kunga dunyoqarashni o‘zgartirsak, farzandlarimizga munosib hayot yaratamiz. Biz bugun ishlashimiz kerak. Hech bir davlat mehnat qilmasdan, o‘z ustida ishlamasdan, ilmga yetishmasdan, texnologiya, innovatsiya olib kelmasdan, natija qilmagan. O‘qinglar, Singapur, Xitoy, Koreya Respublikasi...

Mana kuni kecha Koreyaga borib keldik. Ularning paxtasi yo‘q, g‘allasi yo‘q, bunday suvli yerlari yo‘q, tillasi yo‘q, gazi yo‘q, lekin mana shunday boy yashayapti. Bitta-yu bitta ularni farqi: ilmga intiladi! Har kuni har bir fermer 1 varaq kitob o‘qiydi, keyin yozadi - men bugun (oynai jahondan, gazetadan, kitobdan) nimani o‘rgandim? Shundoq ko‘ndalang savol qo‘yib, 60 yilda rivojlangan davlatlar o‘nligidan joy oldi.

Bizning qayerimiz kam?! Bitta yerimiz - ha, bizga bo‘laveradi, hayot o‘tayapti-ku... Yo‘q, daromad qilmasdan yashaydigan zamon tugadi O‘zbekistonda! Bu ishlarni bir odam qila olmaydi, butun elimiz birlashishi kerak, fuqarolarimiz ishonishi kerak. Ertangi kun faqat o‘zimizning qo‘limizda, shunga munosib bo‘la olsak, natija bo‘ladi, bo‘la olmasak, bulmaydi!", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Sh.Mirziyoyev: "O‘zbekistonda daromad qilmasdan yashaydigan zamonlar tugadi!"