23:55 / 02.08.2018
9 718

Bu yil tarvuz va qovunlar nega qimmat? (foto)

Bu yil tarvuz va qovunlar nega qimmat? (foto)
Foto: Ahmadali Shernazarov / «Xalq so‘zi»
Ushbu pishiqchilik mavsumida ayrim yillari nisbatan arzon bo‘ladigan qovun-tarvuzlarning bahosi sezilarli darajada qimmat. Hatto ba’zi mintaqalarda bu ne’matlar kilolab o‘lchangan holda ham sotilmoqda. Xo‘sh, qovun –tarvuzlarning ayni kunlarda o‘tgan yillardagidan ko‘ra deyarli ikki baravar yuqori narxda sotilayotganligining sabablari nimada? “Xalq so‘zi”muxbiri Ahmadali Shernazarov shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida kichik jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

Dehqonlar bilan shu masalada gaplashganimizda ular bunga birinchi sabab maydagi hamda iyun oyining boshidagi salqin havo mazkur ekinlarning rivoji va hosildorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini aytishdi. Respublikamizning ertapishar tarvuz polizlarida esa joriy yildagi anomal issiq havo hodisasi – sahro garmseli tufayli gul va hosil tugunchalarining to‘kilishi sodir bo‘lgan.

Yana dehqonlarning fikricha, poliz ekinlari, ayniqsa, qovunga bir necha yillardan buyon katta muammo bo‘lib kelayotgan qurt tushishi arimayotganligidir. Ma’lumki, ushbu zararkunanda qovun guliga lichinka qo‘yib, hosil bilan birga, aniqrog‘i, uning ichida rivojlanib boradi. Shu bois, qovunning “qurtlagani” faqatgina uni so‘ygandagina bilinadi. Ko‘rinib turibdiki, ayni holat butun bir poliz paykallaridagi hosilni iste’molga yaroqsiz holga keltiradi, dehqon mehnatini puchga chiqaradi.

Foto: Ahmadali Shernazarov / «Xalq so‘zi»
Nima qilmoq kerak? Mutaxassislarning fikricha, polizchilik tarqoq dehqonchilik bo‘lgani tufayli, barcha paykal egalari qovun qurtiga qarshi bir vaqtda kurash olib borishmaydi. Demak, agar kimyoviy ishlov berish ma’lum hududlarda muvofiqlashtirgan holda yoppasiga o‘tkazilsa, bu boradagi ahvol ancha yaxshilanar edi.

Eng achinarlisi, ana shunday qurt tushgan qovunlar sotuvda ham uchramoqda. Bunday holat ayniqsa, avtoyo‘llar chetida, paykallariga yaqin manzillarda qovun-tarvuz sotayotgan dehqonlarning mahsulotlarida kuzatilish ehtimoli yuqori. Nega desangiz, bunday joylarda poliz mahsulotlarini maxsus tekshiruvdan o‘tkazish imkoniyati yo‘q. Afsuski, qovunning qurtlagani tashqi tomonidan bilinmaydi. Yuqorida keltirganimizdek, uning bunday zararlangan yoki zararlanmaganligi so‘yilganida ma’lum bo‘ladi.

Foto: Ahmadali Shernazarov / «Xalq so‘zi»
Mirzaobod tumanining “Nurafshon” mahallasi tevaragidagi bir necha poliz maydonlarini tasvirga olganimizda haqiqatdan ham bu yil qovun ekinlarining yaxshi rivojlanmaganligini, boz ustiga turli kasalliklarga chalinganligini guvohi bo‘ldik. Yana bir jihat shuki, ushbu ziroat ekinlari sho‘rxok yerlarga ham joylashtirilgan. Dehqonlarning aytishicha,bunday ekin maydonlarida qovun yaxshi hosil bermaydi. Shu bois, poliz ekinlari uchun joy tanlashda ana shu jihatga ham e’tibor berilsa, yaxshi bo‘lar edi, deyishmoqda ular.

Poliz mahsulotlari, xususan, qovun narxining balandligining yana bir sababi, bu xorij bozoridagi unga bo‘lgan talabning oshib borayotganligi hamdir. Albatta, buni ijobiy holat sifatida baholamoq lozim. Demak, bizning, boshqa mintaqalarda uchramaydigan va tengi yo‘q qovun-tarvuzlarimiz chetda ham tobora xaridorgir bo‘lib borayotgani, eksport hajmining oshayotgani kishini quvontiradi. Lekin boshqa tarafdan O‘zbekiston ichki bozorida ham qovun va tarvuzga bo‘lgan talab yildan-yilga oshib borayotganini hisobga olish zarur. Ekiladigan maydonlar miqdori esa sezilarli darajada kengaymayapti.

Foto: Ahmadali Shernazarov / «Xalq so‘zi»
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mahsulotga ichki bozordan ham, chetdan ham talab bor ekan, bunday turdagi istalgan tovarni ko‘paytirish kerak. Qovun tarvuzga bugun talab oshdimi, demak tarmoqni yanada rivojlantirish, jumladan, mazkur poliz ekinlarining agrotexnikasi bo‘yicha yangicha, samarali innovatsion texnologiyalarni qo‘llashni jadallashtirishimiz lozim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bu yil tarvuz va qovunlar nega qimmat? (foto)