19:15 / 20.03.2019
6 656

Oʻzbekistonda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi

Oʻzbekistonda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, barcha shart-sharoitlar yaratib berilishiga qaramasdan, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan ajratilgan yer uchastkalariga qishloq xoʻjaligi ekinlari ekmaslik holatlari koʻplab kuzatilmoqda.

Xususan, 2018 yilda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida, respublika boʻyicha 69,4 ming ta tomorqa yer egalari tomonidan 4,0 ming gektar, jumladan Samarqand viloyatida 995 gektar, Surxondaryo viloyatida 649 gektar, Qashqadaryo viloyatida 624 gektar, Navoiy viloyatida 384 gektar, Andijon viloyatida 294 gektar tomorqa yer maydonlariga qishloq xoʻjaligi ekinlari ekilmaganligi aniqlangan.

Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining takliflarini inobatga olib, quyidagilar:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalari ekin yer maydonlariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish koʻrsatkichlari;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining prognoz koʻrsatkichlari;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishning prognoz koʻrsatkichlari;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun talab etiladigan urugʻlik, mineral oʻgʻit va yoqilgʻi-moylash materiallari hajmlari va mablagʻlari hisob-kitobi tasdiqlanishi mumkin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyati, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi:

tuman hokimliklari tomonidan har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, suv taʼminotini inobatga olgan holda, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kesimida qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirish prognoz hajmlari koʻrsatkichlarini tasdiqlash;

dehqon xoʻjaliklari va tomorqa ekin yerlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun urugʻlik, mineral oʻgʻit va yoqilgʻi-moylash materiallarini belgilangan tartibda yetkazib berish;

qishloq xoʻjaligi ekinlari, bogʻ va tokzorlarni kasalliklar, zararkunandalar va begona oʻtlardan himoya qilish uchun talab etiladigan kimyoviy preparatlar bilan taʼminlash va agrokimyo xizmatlari koʻrsatish;

vegetatsiya davrida qishloq xoʻjaligi ekinlarini suv bilan taʼminlash va sugʻorishni tashkil etishda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga amaliy yordam koʻrsatish topshiriladi.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga qishoq xoʻjaligi ekinlarini ekish ishlarini tashkil etish uchun “Tomorqa xizmati” MCHJlari orqali 28 mlrd. soʻm mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanishi mumkin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda Jamgʻarmadan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan “Tomorqa xizmati” MCHJlari tomonidan dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga shartnoma asosida urugʻlar, koʻchatlar va boshqa zarur moddiy resurslarni yetkazib berilishini tashkil etish topshiriladi.

Belgilab qoʻyilishicha, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kesimida tasdiqlangan qishloq xoʻjaligi ekinlarini toʻliq ekilishi va mahsulot yetishtirilishini taʼminlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar 4 ta sektorlar rahbarlari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi masʼul hisoblanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari, hududiy qishloq xoʻjalik boshqarmalari va Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tuman hokimliklari bilan birgalikda tumanlardagi 4 ta sektor va mahalla fuqarolar yigʻinlari kesimida aholi xonadonlariga ekin ektirish va mahsulot yetishtirish prognoz koʻrsatkichlarini tasdiqlaydilar va ijrosini nazoratga oladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bilan birgalikda mazkur qaror bilan belgilangan dehqon xoʻjaliklari va tomorqa ekin yerlarida ekish mavsumining yakuni bilan ekinlarni oʻlchovdan oʻtkazadi va natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekistonda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi