14:25 / 27.03.2019
2 909

Sayyohga yetmay qolgan joynamoz yoxud turizm sohasida qanday muammolar mavjud?

Sayyohga yetmay qolgan joynamoz yoxud turizm sohasida qanday muammolar mavjud?
Sayyohlar nimadan norozi? Bugun Oʻzbekistonga dunyoning qator mamlakatlaridan koʻp sonli sayyohlarning kelishi ijobiy hol albatta. Biroq, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Biz xorijiy sayyohlarni munosib kutib olish va talab darajasida xizmat koʻrsatishga tayyormizmi? Ular oʻz sayohatlari davomida qaysi jihatlarga eʼtibor qaratishmoqda?

Mun Chje, xitoylik tadbirkor:
– Xitoy bilan Oʻzbekiston oʻrtasida savdo aloqalari jadal rivojlanib bormoqda. Shunga qaramay Xitoyning Oʻzbekistondagi konsulligidan viza olish muddati uzoq davom etadi. Ayrim vaqtlarda bir oygacha choʻzilib ketadi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlarda eng koʻpi bilan bir haftada chiqishiga guvoh boʻlganman. Oʻzim tadbirkor boʻlganim uchun daqiqani qadriga yetaman. Bir oyda mavsum oʻtib ketishi yoki biznes reja oʻzgarib ketishi hech gap emas. Turizm sohasi vakillariga bir iltimosim bor, shu muammoni hal qilib bersa, investorlar va tadbirkorlar uchun zoʻr ish boʻlardi.

Mixail Kazakov, tadbirkor;
– Hamma sayyoh ham Oʻzbekistonga samolyotda keladi, degan inson adashadi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegara hududlarida oʻtish joylari ayanchli holatda. Qoplonbek, Sariagʻach va boshqa oʻtish joylari axlatga toʻlib ketgan. Ana shu joylarning sanitariya-gigiyenasiga, obodligiga eʼtibor qaratishni maslahat bergan boʻlardim. Ellikdan ortiq davlatga bemalol kirib, chiqish imkoniga egaman. Investitsiya kiritish uchun bir yilda Oʻzbekistonga bir necha marta kelib-ketganim hisobidan pasportim shtampga toʻlib ketdi. Boshqa davlatlarda roʻyxatga qayd qilish alohida kartochkalar orqali amalga oshiriladi. Mayli pasportga shtamp bosish oʻziga xos tartib boʻlsin, bunga ham rozimiz. Biroq, u shtamplardagi yozuvlarni oʻqish muammo?! Agarda qaysidir davlatga borganingizda pasportingizni boshqa tilga tarjima qildirishga toʻgʻri kelsa, bu shtamplardagi harflarni oʻqish va tushunish yechilmaydigan masala boʻlib qoladi.

Azizbek Sultonov, tadbirkor:
– Xorijdan yurtimizga kelgan mehmon mehmonxona yoki ijaraga olingan manzildagi militsiya boʻlimiga borib roʻyxatdan oʻtishi kerak. Bu haqda kichik qogʻoz beriladi. Uni yoningizda olib yurishingiz kerak. Yaqinda kelgan xitoylik sayyoh doʻstlarim, bu qogʻozni yoʻqotib qoʻysak, jazolanamizmi, uni nima qilish kerak, degan mazmunda turli savollar berishib, qogʻozni yoʻqotib qoʻyishdan xavotirga tushdi. Bu jarayon ham turistlarni yurtimizga kelmasligi uchun bitta sabab boʻlib qolishi, oddiy eʼtiborsizlik yurtimiz shaʼniga dogʻ tushirishi mumkin. Yaqinda oʻtkazilgan Ziyorat turizmi forumiga xorijlik hamkorlarimizni olib bordim. Tabiiyki ularning hammasi musulmon davlatlardan kelgan, namoz oʻqiydi. Tashkilotchilar kelgan mehmonlarga joynamoz yetkazib bera olmaganiga guvoh boʻldim. Juda uyatli ish boʻldi.

Olimjon Sharipov, tadbirkor:
– Turizm boʻyicha eng katta masala – bu bojxona xodimlarining chet elliklarni baʼzi qonun-qoidalarni buzganida ogohlantirishsiz jazolashi. Yaqinda Oʻzbekistonga investitsiya kiritish uchun kelgan chet ellik xonim ish yuzasidan Xitoyga joʻnab ketishiga toʻgʻri keldi. Uning yonida 8 600 dollar boʻlgan ekan. Yurtimizga birinchi marta kelgani sababli deklaratsiya toʻldirishni ham, cheklov borligini ham bilmagan. Bojxona xodimlari uni ushlab, reysdan qoldirib, bir xonaga kiritib qoʻygan. Men borib, agar yonida koʻp pul boʻlsa, bir qismini olib qolishim mumkinligini tushuntirishimga qaramay, 5 ming dollarni musodara qilishdi. Xullas, investor va turist boʻlgan filippinlik ayol Oʻzbekistonga birinchi marta kelib, koʻp ”yaxshi” taassurotlar bilan chiqib ketdi. Agar xorijiy davlatlarga eʼtibor qiladigan boʻlsak, Yevropa davlatlari va Amerikada hech qanday cheklov yoʻq. Osiyo mamlakatlari – Xitoy, Koreyadagi baʼzi bir cheklovlarni sayyohlar bilmasdan buzsa, bagʻrikenglik va insoniylik tamoyillari asosida bir martaga kechiriladi.

Gursel Turkuran, tadbirkor:
– Biz qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida hamkorlik qilish maqsadida kelgan edik. Iqlimi issiq boʻlgani uchun Termizni borib oʻrganmoqchi boʻldik. Chunki, ertapishar sabzavot ekinlarining urugʻlarini yetkazib berish bilan birga issiqxonalar ham qurmoqchimiz. Toʻgʻri, Toshkentning obod va koʻrkamligiga gap yoʻq. Lekin, biz vaqtni tejash uchun yengil avtomobilda yoʻlga chiqqan edik, juda ham qiynaldik, yoʻllarda yurish azob, hojatxonalarning yoʻqligi yoki borlari ham kishi dilini xira qilishini esa aytmasa ham boʻladi.

Abdurasul Qodirov, tadbirkor:
– Oʻzbekistonda sayyohlikni rivojlantirish borasidagi koʻplab oʻzgarishlar tahsinga loyiq. Lekin, negadir turizm infratuzilmasi bilan shugʻullanish istagidagi ishbilarmonlarga imtiyozli kreditlar berish yoʻlga qoʻyilmagan. Faqatgina, mehmonxona qursangiz bunday imkoniyatga ega boʻlasiz. Agarda sayyohlarga xizmat koʻrsatishning boshqa obyektlarini ishlatmoqchi boʻlganlarga ham bu borada yengilliklar berilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Toʻgʻri, hojatxona qurish yoki tekin vayfay oʻrnatishdagi imtiyozlar bundan mustasno.

Biz sayyohlar va tadbirkorlarning fikrlarini xolis yoritishga harakat qildik. Tanqid – kelajak mevasi ekanini koʻpchilik yaxshi biladi. Shunday ekan, muammolarga oʻz vaqtida eʼtibor qaratish va uni bartaraf etish ham bugunning dolzarb vazifasidir. Axir, yurtimizga keladigan sayyohlar oqimi ortishidan hammamiz manfaatdormiz.
Sayyora Shoyeva

Manba: Uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Sayyohga yetmay qolgan joynamoz yoxud turizm sohasida qanday muammolar mavjud?